09.12.2024 16:36
Suriya rejimining qulashi arab mintaqasi uchun nimani anglatadi?
Yarim asrdan ortiq vaqt davomida arab jamiyatlari va fuqarolari ahvolini shaxsan kuzatib, ularni jurnalist sifatida yoritib keldim. Xulosam shuki, birorta ham arab mamlakati ushbu toʻrtta sinov— barqaror davlatchilik, haqiqiy mustaqillik, fuqarolik huquqlari va barqaror hamda adolatli insoniy taraqqiyot sinovlaridan oʻta olgan emas - jurnalist va tahlilchi Rami Khori maqolasidan.
8 dekabrʻ kuni ikki haftadan kamroq davom etgan tezkor hujumdan soʻng Suriya muxolifat kuchlari Damashqqa kirib, Bashar Asad rejimining tugatilganini eʻʻlon qildi. Suriya prezidenti va uning oilasi qoʻzgʻolonchilar poytaxtga kirishidan oldin nomaʻʻlum yoʻnalishda uchib ketgani taxmin qilingan edi. Keyinroq ular Moskvaga etib borgani xabar qilindi.
Asad oilasining yarim asrlik hukmronligiga chek qoʻygan Suriya hukumatiga qarshi qoʻzgʻolon Ikkinchi jahon urushi tugagani va 1948 yilda Isroil tashkil etilganidan keyingi zamonaviy arab mintaqasidagi eng muhim siyosiy burilish nuqtalaridan biri sifatida qaralishi kerak. Bu 1950 yillardan beri arab jamiyatlarida hukmronlik qilib, ularni vayron qilgan harbiy asosga ega arab avtokratlari merosi bilan uzil-kesil aloqaning uzilishini koʻzda tutadi.
Koʻpchilik Asadning agʻdarilganini haqli ravishda olqishlamoqda, boshqalar esa Suriyada turli mahalliy va tashqi kuchlarning aralashuvi tufayli bundan keyin nima boʻlishi borasida xavotirda. Suriya xalqi munosib hayot kechirish, hurmat va eʻʻtiborga sazovor boʻlishni, ovozlari eshitilishini istaydi.
Ayni paytda Suriya boshqaruvi va fuqarolar urushi haqidagi fojiali voqealarning mohiyati ustida fikr yuritish gʻoyat muhimdir. Asadlar davridagi Suriya faqatgina bir nechta mahalliy zolimlarnigina aks ettirmaydi. Aksincha, bu yarim asr davomida mintaqani ostin-ustun qilgan, xalqini xoʻrlagan, mintaqaviy va buyuk kuchlar hamda turli nodavlat guruhlar yordamida harakat qilgan shafqatsiz arab davlat hokimiyatining namunasidir.
Asad rejimi arab mintaqasida hukmronlik qilgan eng uzoq muddatli harbiy, chet el tomonidan dastaklangan va klanlikka asoslangan avtokratik hukumat boʻlib, u xalqini, iqtisodiyotini va milliy yaxlitligini barbod etdi.
Suriya tajribasi umumiy arab avtokratiyasining barcha zaiflashtiruvchi belgilarini namoyon etadi. Bular keng qamrovli boʻlib, arab jamiyatlaridan tizimli ravishda yoʻq qilinishi kerak. Bularga ishonchli ishtirokchi institutlar orqali haqiqiy plyuralizm va hisobdorlikning yoʻqligi; harbiylar va politsiya zulmi, ommaviy qamoqqa olish, qiynoqlar va oʻlimga asoslangan oʻta qattiq boshqaruv; elita oʻrtasida korruptsiyani va butun mamlakat boʻylab chuqur tafovutlarni keltirib chiqaradigan markazlashtirilgan iqtisodiy rejalashtirish; fuqarolar va davlat oʻrtasida hukm ostidagilarning roziligi va irodasini aks ettiradigan siyosatni yaratishi mumkin boʻlgan tarkibiy aloqalarning yoʻqligi kiradi.
1952 yilgi Misr inqilobi Isroilning 1967 yilda arab qoʻshinlarini magʻlubiyatga uchratganidan soʻng yanada tezroq kengaygan vayronkor harbiy arab boshqaruviga ibtido yasadi. Bashar Asadning otasi Hofiz keyingi yigirma yil ichida turli arab mamlakatlarida hokimiyatni egallab olgan va ularni inqirozga yuz tutishga majbur qilgan arab zobitlaridan biri edi.
Bu zobitlar oʻnlab yillar davomida na urush olib borishga va na samarali boshqaruvga qodir edilar. Natijada, 1990 yillardan boshlab, bir nechta boy neft ishlab chiqaruvchi davlatlardan tashqari, arablarning aksariyati munosib taʻʻlim va sogʻliqni saqlash, ish joylari, etarli oziq-ovqat, suv va elektr energiyasi hamda boshqa asosiy ehtiyojlardan foydalanish imkoniyatlarining keskin pasayishiga duchor boʻldi.
Mintaqaviy soʻrovlar shuni koʻrsatadiki, arablarning juda oz qismigina (asosan neft qazib chiqaruvchi davlatlarda va boshqa joylardagi kichik elita orasida) farovon hayot kechiradi, koʻpchilik esa na siyosiy huquqlarga va na munosib moddiy hayotga ega emas. Arab jamiyatlarida tengsizlik va qashshoqlik tobora ortishda davom etmoqda.
Ular bunga davlatga qarshi chiqish, uning korruptsiyalashgan tizimiga qoʻshilish yoxud oʻzlarini himoya qilish va oʻz davlati, Isroil va xorijiy kuchlarning tahdidlaridan omon qolish uchun kichikroq qabilaviy, diniy va yo mafkuraviy guruhlarga chekinish orqali munosabat bildirishgan.
Harbiylashtirilgan hokimiyat modeliga qarshi chiqqan eng kuchli arab harakatlari islomiy edi – ular ham qurolli, ham tinch yoʻnalishda faoliyat yuritgan. Suriyada tinch norozilik harakati shafqatsiz harbiy kuch bilan bostirilib, qoʻzgʻolon tez orada fuqarolar urushiga evrildi.
Bu esa milliy birlikka putur etkazdi, qurolli guruhlarning koʻpayishiga olib keldi va xorijiy kuchlarning aralashuviga yoʻl ochdi.
Suriyada sodir boʻlgan voqealar barcha arab avtokratlari uchun ogohlantiruv signali boʻlishi darkor. Mintaqada arab davlatlarining oʻz xalqi tomonidan konstitutsiyaviy yoki saylov yoʻli bilan ishonchli tarzda qoʻllab-quvvatlanmasligi siyosiy taranglikni keltirib chiqaradi.
Men yarim asrdan ortiq vaqt davomida arab jamiyatlari va fuqarolari ahvolini shaxsan kuzatib, ularni jurnalist sifatida yoritib keldim. Xulosam shuki, birorta ham arab mamlakati ushbu toʻrtta sinov— barqaror davlatchilik, haqiqiy mustaqillik, fuqarolik huquqlari va barqaror hamda adolatli insoniy taraqqiyot sinovlaridan oʻta olgan emas.
Suriya har bir oddiy fuqaroning erkinlik va qadr-qimmatda yashashga boʻlgan metin irodasi haqida butun dunyoga yuborayotgan signallarni eʻʻtiborsiz qoldirish chinakam ahmoqlikdir. Agar biz oʻz xalqiga xizmat koʻrsatishda layoqatsizlik qilgan mavjud davlat va iqtisodiy tizimlar bilan odatdagidek munosabatlarni davom ettirsak, arablarga bularni rad etishda sherik boʻlib qolamiz.
Rami Khori, jurnalist, tahlilchi