Slovakiyada birinchi masjid ochildi

Slovakiya poytaxti Bratislavada birinchi toʻlaqonli masjid ochildi. Slovakiya shu vaqtgacha masjidi boʻlmagan Evropa Ittifoqidagi yagona mamlakat boʻlib kelayotgan edi.   

Slovakiyada birinchi toʻliq masjid paydo boʻldi. Bu haqda mahalliy musulmon jamoatchiligi ijtimoiy tarmoqlarda xabar qildi, deya maʻʻlum qildi Islam News.

Poytaxt Bratislavada rieltorlik agentligi binosida ochilgan yangi masjidda namozxonlarning oʻz saʻʻy-harakatlari bilan soʻnggi pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Maʻʻlumot uchun, Slovakiya shu vaqtgacha bitta ham masjidi boʻlmagan Evropa Ittifoqidagi yagona davlat boʻlib kelayotgan edi. Bu mamlakat rasmiylarining islomga nisbatan oʻziga xos munosabati natijasidir.

2016 yil noyabrida Slovakiya islomning mamlakatda rasmiy din maqomiga ega boʻlishiga deyarli yoʻqqa chiqaruvchi qonunni qabul qildi. Chunki ushbu qonunga koʻra, mamlakatda kamida 50 ming nafar eʻʻtiqod qiluvchisi boʻlgan dinlar rasmiy din maqomiga ega boʻlishi mumkin. Slovakiyada esa musulmonlar soni 6 ming nafarga yaqin.

2000 yilda Bratislavada islom markazi qurilishi boʻyicha nizo kelib chiqqan: poytaxt meri dastlab bunday markazni tashkil etishga ruxsat bermagan. Keyinchalik islom markazi faoliyat boshladi, biroq u toʻlaqonli masjid hisoblanmaydi - u erda hamma jamoat namozlari ham ado etilavermasdi.

Mavzuga aloqador