06.02.2025 06:33

Shveytsariya Isroil askariga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻatdi

Shveytsariya Isroil askariga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻatdi
Shveytsariya Gʻazoda urush jinoyatlarini sodir etganlikda gumon qilingan Isroil askariga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatdi. Ayni paytda mazkur shaxs Shveytsariya hududida boʻlib, ish mamlakat sud organlari tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
Shikoyat Belgiyada joylashgan Hind Rajab fondi tomonidan berilgan boʻlib, unda gumonlanuvchi tinch aholiga hujumlar, uylar va shifoxonalarni vayron qilish, majburan koʻchirish hamda Gʻazo sektorida xalqaro huquqni jiddiy buzganlikda ayblanmoqda.
Fond rasmiy bayonotida shunday deyilgan:
"Sud jarayonining yaxlitligini himoya qilish maqsadida hozircha tafsilotlarni oshkor qilmaymiz. Biroq Shveytsariyaning xalqaro huquqni qoʻllab-quvvatlash va harbiy jinoyatchilar oʻz hududida boshpana topmasligini taъminlashga intilishini olqishlaymiz."
Hind Rajab jamgʻarmasi avvalroq Finlyandiya, Daniya, Norvegiya, Chili, Argentina, Tailand va boshqa mamlakatlarda ham Isroil askarlariga qarshi shunga oʻxshash shikoyatlar taqdim etgan edi.
Fond vakillari taъkidlashicha, bu tergov xalqaro huquq buzilishlariga qarshi qatъiy choralar koʻrilishiga ishora beradi:
"Harbiy jinoyatlar sodir etganlar, mansab va millatdan qatъi nazar, xavfsiz boshpana topa olmaydi."

Mavzuga aloqador