Rossiyaga evakuatsiya qilingan falastinliklar ishga joylashtiriladi
Rossiyaga evakuatsiya qilingan falastinlik qochqinlar Dog‘istonda ish bilan ta’minlanadi. Bu haqda RIA Novosti respublika rahbari matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.
“Ko‘chirilganlarning bir qismi Dog‘istonda ishga joylashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu ish bilan maxsus tuzilgan ishchi guruhi shug‘ullanadi”, - deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Dog‘istonga 25 noyabrdan boshlab G‘azo sektoridan to‘rtta guruhda jami 150 dan ortiq kishi, jumladan, 70 dan ortiq bolalar evakuatsiya qilingan. Ular dam olish maskanlaridan birida tashkil etilgan vaqtinchalik joylashtirish markaziga joylashtirilgan.
Qayd etilishicha, qochqinlar orasida oliy toifali shifokorlar, o‘qituvchilar, tarjimonlar, tilshunoslar ham bor.
“Odamlar yangi hayot boshlashga shay va biz ularga bu hayotni qurishda yordam berishimiz kerak”, dedi respublika rahbari Sergey Melikov dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda.
Avvalroq Dog‘iston ta’lim va fan vaziri Yahyo Buchayev hududga kelgan falastinlik bolalar Gamiyax qishlog‘idagi maktab va bog‘chaga joylashtirilishini ma’lum qilgandi.
TRT rus xizmati noyabr oyi o‘rtalarida Dog‘iston Falastin-Isroil mojarosi avj olgan G‘azo sektori aholisiga 30 tonnadan ortiq gumanitar yordam jo‘natganini ma’lum qilgan edi.