05.12.2024 15:49
Rossiya-Ukraina urushi: Oddiy aholi tinchlik istaydi. Rahbarlar ularni tinglashi kerak
"Gallup", "Levada" va boshqa tahlil markazlari tomonidan oʻtkazilgan soʻrovlarda rus va ukrainlarning katta qismi tinchlik kelishuviga erishish kerak, deb hisoblashi maʻʻlum boʻldi. Frontdagi vaziyat ham shundan darak bermagan. Tinchlik uchun imkoniyatlar shu paytgacha bunchalik yuqori boʻlmagan. Tomonlar bundan unumli foydalanidimi?
Ukrainadagi urush doirasida baʻʻzi ijobiy yangiliklar koʻzga tashlanmoqda. "Gallup" tomonidan yaqinda eʻʻlon qilingan fikrlar soʻrovi shuni koʻrsatmoqdaki, ukrainaliklarning aksariyati tinchlik muzokaralari imkon qadar tezroq boshlanishini istaydi.
Soʻrovda qatnashganlarning 52 foizi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Gʻarb hukumatlari oʻz siyosatining asosiy yoʻnalishiga aylantirgan Rossiya ustidan harbiy gʻalaba qozonguncha jang qilish talabini rad etishgan.
Bu ikki yil avvalgi holat bilan solishtirganda sezilarli oʻzgarishdir, oʻshanda atigi 27 foiz aholi tinchlik muzokaralari gʻoyasini qoʻllab-quvvatlagan edi.
Soʻnggi ikki hafta davomida ham Rossiya, ham Ukraina tomonlarida xavfli harbiy eskalatsiya kuzatildi. Bayden maʻʻmuriyati Ukraina kuchlariga AQShning oʻrta masofali raketalarini Rossiyadagi nishonlarga qaratishga ruxsat berdi. Buyuk Britaniya ham dastlab cheklovlar bilan Ukrainaga berilgan "Storm Shadow" raketalari uchun xuddi shunday yoʻl tutdi.
Zelenskiy darhol oʻz kuchlariga raketalarni uchirishni buyurdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham eskalatsiyani kuchaytirmoqda. Oʻtgan hafta u Rossiya Ukrainaga qurol etkazib bergan davlatlardagi nishonlarga hujum qilish huquqini oʻzida saqlab qolishini bildirdi va Rossiya yadro qurolidan foydalanishi mumkinligi haqida ochiqdan-ochiq tahdid qildi.
Oʻz niyatini koʻrsatish uchun u Ukraina hududiga yadro kallaklarini tashishi mumkin boʻlgan qitʻʻalararo raketani uchirdi.
Shuningdek, jang maydonida ham qoʻshinlar soni oshgan. Taxminan 10 ming shimoliy koreyalik askar Rossiya tomonidan front chizigʻi yaqinisha joylashtirildi, oʻtgan hafta esa Boltiqboʻyi davlatlari va NATOning boshqa shimoliy aʻʻzolari vazirlari Ukrainaga oʻz qoʻshinlarini yuborish masalasini muhokama qilish uchun uchrashdilar.
Rossiya va NATO oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri yadro urushiga olib kelishi mumkin boʻlgan xavfli yoʻl yana bir qadamga yaqinlashdi.
Kipr modeli
Yaqinlashib kelayotgan falokatning oldini oladigan har qanday harakatni olqishlash lozim. Shu bois, "Gallup"ning tinchlikni yoqlovchi yangi soʻrovi umid uygʻotmoqda.
Boshqa soʻrovlar ham shunga oʻxshash natijalarni koʻrsatgan. Ammo qanday tinchlik bitimi kutilmoqda? "Gallup" soʻrovida koʻpchilik Rossiya tajovuzini toʻxtatish evaziga Ukraina sharqda oʻz hududining bir qismini yoʻqotishga rozi boʻlishini tan olmoqda.
Ukraina Donbass va Qrimda rus qoʻshinlari egallab turgan hududlar ustidan oʻz yuridik suverenitetidan voz kechishga majbur boʻlmaydi, biroq u nazoratni yoʻqotganini tan olishga majbur boʻladi.
Bu vaziyatga Kipr modeli misol boʻla oladi. Turkiya ( NATO aʻʻzosi) Kiprga hujum qilib, orolning 37 foizini egallaganiga roppa-rosa 50 yil boʻldi.
Keyinchalik BMT aholi almashinuvini tashkil etdi, unga koʻra barcha turklar orolning janubiy qismini, yunonlar esa shimoliy qismini tark etdilar. Turkiya Kiprning shimolida davlat tuzdi va hozirga qadar u erda 40 000 askarini saqlab turibdi, ammo boshqa hech bir davlat uni tan olmagan.
BMT missiyasi bufer zonada patrul xizmatini olib boradi. Orolda 40 yildan ortiq vaqt mobaynida tinchlik hukm surmoqda.
Bir nechta Gʻarb tahlilchilari mojaroning boshidan beri Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida "er evaziga tinchlik" kelishuvini taklif qilishgan. Biroq ularning fikrlariga ommaviy axborot vositalarida eʻʻtibor va oʻrin ajratilishi qiyin boʻldi. Isroilning Gʻazodagi siyosatini tanqid qiluvchilarni choʻchitish uchun antisemitizm ayblovlari qoʻllangani kabi, Ukrainada oʻt ochishni toʻxtatish va muzokaralar olib borish tarafdorlariga ham "Putin tarafdori" sifatida hujum qilinmoqda.
Ukraina soʻrovi bu ayblovning asossizligini koʻrsatmoqda. Ukrainaliklarning 52 foizi "Putin tarafdori" boʻlishi mumkin emas.
Ularning Zelenskiyning Rossiya ustidan gʻalaba qozonish maqsadini tanqid qilishlariga realizm turtki boʻlmoqda. Urushning dastlabki kunlarida hamma, ayniqsa Putin Ukraina kuchlarining jasorati va qatʻʻiyatidan hayratda qoldi, chunki ular Kievni egallash uchun janubga, Xarʻkovni egalash uchun gʻarbga harakatlanayotgan rus tanklarini toʻxtatishga muvaffaq boʻlishgandi.
Ammo bir necha haftadan soʻng mojaro xandaq urushiga aylanib ketdi, bu sharoitda askarlari koʻp boʻlgan rus qoʻshinlari doim ustunlikka ega boʻladi.
Muzlagan ziddiyat
Urushning davom etishi Putinning magʻlubiyatiga olib kelmaydi. Bu faqat yana minglab ukrainalik askarlarni oʻlimga mahkum etadi. Bu koʻproq shaharlarning artilleriya, raketa va dron hujumlari natijasida vayron boʻlishini anglatadi. Urush millionlab ukrainalik qochqinlarning uyga qaytishi mumkin boʻlgan kunni kechiktirmoqda.
Ukrainadagi Gʻarb muxbirlari Ukraina kuchlarining qatʻʻiyati haqida hayratga tushishgan va hamdard holda yozishgan. Ammo ruhiyatni tushirib yubormaslik maqsadida muzokaralar tarafdori boʻlgan odamlar bilan deyarli suhbatlashishmagan.
Ammo bu oʻz-oʻzini cheklash endilikda kamaymoqda. Muxbirlar endi harbiy xizmatdan qochishga urinayotgan koʻplab ukrainalik yoshlar haqida xabar bermoqda. Ular yuqori lavozimli amaldorlar va Ukraina armiyasi generallari "shaxsan" urush muzlatilgan mojaro ekanligini va Ukraina oʻz hududini yoʻqotganini tan olishga majbur boʻlishini aytayotganini naql qilmoqda.
Muzokaralar qanday boshlanishi mumkin?
Putin Ukraina taslim boʻlgandan keyingina oʻt ochishni toʻxtatishga qiziqish bildirgan. Uning qoʻshinlari Donbassda ustunlikka erishmoqda va u buning toʻxtashini istamasligi aniq. Bundan tashqari, u hamon bir qismi ukrainaliklar nazoratida boʻlgan Rossiyaning Kursk viloyatini qaytarib olishni xohlaydi.
Donalʻd Tramp urushni bir kunda tugatishini aytgan. Uning lavozimni egallashiga esa ikki oy qoldi.
Agar u yanvarʻ oyida Zelenskiy va NATO hukumatlarini, shuningdek Putinni oʻt ochishni toʻxtatishga va tinchlik muzokaralarini boshlashga koʻndira olsa, u uch yillik urushni tugatish uchun birinchi haqiqiy imkoniyatni yaratgan boʻladi.
Bu Ukrainada ham, Rossiyada ham ijobiy qarshi olinadi. "Gallup"ning ukrainaliklar orasida tinchlik tarafdorlari koʻpchilikni tashkil etishi haqidagi yangi maʻʻlumotlari Rossiyadagi tinchlikparvar fikrlarning koʻpayishi bilan muvofiq kelmoqda.
Sentyabrʻ oyi oxirida Chikagodagi Global masalalar kengashi va Moskvadagi mustaqil "Levada" tahlil markazi tomonidan oʻtkazilgan soʻrov shuni koʻrsatdiki, rossiyaliklarning 60 foizi Ukraina bilan tinchlik kelishuvining yoʻqligini Rossiya uchun jiddiy tahdid deb hisoblaydi.
Ularning 54 foizi harbiy harakatlarni davom ettirishdan koʻra muzokaralarni boshlash vaqti kelganini taʻʻkidlamoqda.
Tinchlik uchun imkoniyatlar shu paytgacha bunchalik yuqori boʻlmagan. Gʻarb hukumatlari buni qoʻllab-quvvatlashi kerak.