Putin oʻlimga "chap bermoqchi": Rossiyada umrni uzaytirish bilan bogʻliq loyihalarga 8 barobar koʻp pul ajratilmoqda
Rossiya ilmiy jamgʻarmasi (RIJ) tomonidan qarish va umrni uzaytirish sohasidagi tadqiqotlarni moliyalashtirish soʻnggi besh yil ichida sakkiz baravardan koʻproqqa oshirilgan. Jamgʻarma saytidagi maъlumotlarga koʻra, bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlash hajmi 2016-2020 yillarda 21 million rublga teng boʻlsa, 2021-2025 yillarda 172 million rublga etgan. Aslida, farq yanada kattaroq boʻlishi mumkin, deb yozadi "Novaya Evropa" nashri. RIJ vasiylik kengashiga Putinning uzoq yillik doʻsti va safdoshi Andrey Fursenko rahbarlik qilmoqda.
Joriy besh yillik davrda RIJ fundamental tibbiyotning qarish bilan bogʻliq 43 ta loyihasini qoʻllab-quvvatladi, 2016-2020 yillarda esa bunday loyihalar atigi ettita edi. Ularning aksariyati (34 ta loyiha) 2021-2023 yillarda maъqullangan.
Qoʻllab-quvvatlangan loyihalar orasida fiziologik va patologik qarishning shakllanishida tugʻma immunitet mexanizmlarini oʻrganish, qarishning kechishini bashorat qilish uchun markerlarni izlash, shuningdek, miya va koʻzdagi oʻzgarishlar bilan Altsgeymer kasalligi oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganish kiradi.
RIJ mablagʻlari Putinning toʻngʻich qizi Mariya Vorontsovaga ham ajratilgan. U "Organizmda hujayralarning yangilanish jarayonlarini tartibga solish, organlar va toʻqimalarning funktsional faolligini, inson salomatligi va faol uzoq umr koʻrishini uzoq vaqt saqlashning fundamental asosi" loyihasiga rahbarlik qiladi.
Vladimir Putinning hayotni uzaytirish mavzusiga qiziqishi bir necha bor omma oldida namoyon boʻlgan. Xususan, yaqinda Pekinga tashrifi chogʻida u Xitoy rahbari Si Jinping bilan umr koʻrish davomiyligini uzaytirish sirlari va organlarni doimiy ravishda koʻchirib oʻtkazish imkoniyatlarini muhokama qilgan edi.