11.10.2024 14:51

Pokistonning Balujiston viloyatida konchilarga hujum qilindi, 20 kishi halok boʻldi

Pokistonning mustaqillik uchun harakat qilib kelayotgan Balujiston viloyatidagi kichik bir konga hujum amalga oshirildi. Ogʻir qurollardan foydalangan jangarilar konchilarni bir joyga toʻplab, otib tashlagan. Hodisada kamida 20 kishi halok boʻldi, 6 kishi jarohatlandi.

Pokistonda juma kuni ertalab qurolli shaxslar kichik shaxsiy shaxtaga hujum qilishi oqibatida kamida 20 ishchi halok boʻldi, etti nafari yaralandi, deb xabar bermoqda Reuters.

Voqea gʻarbiy Balujiston viloyatida sodir boʻlgan. Pokistonning resurslarga boy, ammo eng qashshoq hududi Eron va Afgʻoniston bilan chegaradosh hududi uzoq yillardan beri mustaqillik uchun kurashib keladi. Balujistonda muntazam ravishda terror hujumlari sodir boʻladi.

“Bir guruh qurolli kishilar Duki hududidagi Junaid Soal koniga hujum qildi. Ular ogʻir qurollardan foydalangan”, — dedi shahar politsiyasi boshligʻi Humoyun Xon.

Uning soʻzlariga koʻra, terrorchilar minalarga granatalar uloqtirgan, soʻng ishchilarni bir joyga toʻplab, ularga qarata oʻt ochishgan. Hujumchilar mashina va jihozlarga ham oʻt qoʻyishgan.

“Biz 20 ta jasadni qabul qilib oldik. Olti kishi kasalxonaga yotqizildi”, dedi Dukidagi shifoxona shifokori Xon Shadizay.

Hozircha hech qaysi isyonchi guruh konchilar oʻlimi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmadi. Biroq mintaqadagi eng yirik terrorchi tashkilotlardan biri Balujiston ozodlik armiyasidir. Avgust oyida Balujistonni Pokistonning qolgan qismi bilan bogʻlovchi temir yoʻl koʻprigi va avtomobilʻ yoʻlida sodir etilgan hamda 70 dan ortiq insonning oʻlimiga sabab boʻlgan qoʻporuvchilik harakati uchun javobgarlikni aynan ushbu guruh oʻz zimmasiga olgandi.

Mavzuga aloqador