27.11.2024 07:28
Pokistonda sobiq bosh vazir tarafdorlari bilan toʻqnashuvda toʻrt politsiyachi halok boʻldi
Pokistonda xavfsizlik kuchlari bilan sobiq bosh vazir Imron Xonning Islomoboddagi tarafdorlari oʻrtasida toʻqnashuvlar boshlandi. Natijada, soʻnggi maʻʻlumotlarga koʻra, 4 nafar politsiyachi halok boʻlgan, deb xabar bermoqda AFP.
Minglab namoyishchilar politsiya toʻsigʻini yorib oʻtib, poytaxt markaziga toʻplanishdi. Oʻn mingga yaqin olomon hozir markazda, muxolifat egallab olishni rejalashtirayotgan hukumat binolaridan uch kilometr uzoqlikda.
Pokiston ichki ishlar vaziri Mohsen Naqviga koʻra, hukumat hududiga olib boradigan yoʻllardan birida namoyishchilar tomonidan toʻrt nafar politsiyachi oʻldirilgan. Toʻqnashuvda huquq-tartibot idoralarining toʻqqiz xodimi ogʻir yaralangan va hozirda ularning ahvoli ogʻir. Bosh vazir Shahbaz Sharif ularni mashina bosib ketganini aytdi. Naqvi agar namoyishchilardan birortasi hukumat binosi yonidagi maydonga kirsa, darhol hibsga olinishidan ogohlantirdi.
“Bu buzgʻunchi unsurlar inqilobni emas, qon toʻkilishini xohlaydi. Bu tinch namoyishlar emas, bu ekstremizm”, - dedi Sharif.
Shanba oqshomidan boshlab Islomobodga barcha kirishlar yopilgan, internet va mobil aloqa oʻchirilgan, maktab va universitetlar faoliyatiniitoʻxtatgan. Ikki oy oldin mamlakatda 4 kishidan ortiq yigʻilish taqiqlangan edi. 20 mingdan ortiq politsiyachi koʻchalarda tartibni saqlashga harakat qilmoqda.
Hukumat muxolifatni dushanba kuni Pokistonga uch kunlik tashrif bilan kelgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning tashrifini buzishga urinishda aybladi.
"Hukumatimizdan qattiq hafsalamiz pir boʻldi, u qanday harakat qilishni bilmaydi, – deydi 56 yoshli namoyishchi Kalat Xon. – Ular bizga shafqatsiz munosabatda boʻlishadi".
Namoyishchilar hokimiyatdan agʻdarilgan bosh vazir Imron Xonning ozod etilishini talab qilmoqda. Ular amaldagi davlat rahbari Shahbaz Sharifni saylov natijalarini soxtalashtirganlikda va raqibi Imron Xonga qarshi koʻplab jinoiy ishlarni toʻqib chiqarganlikda ayblamoqda.