Oq uy Ukraina boʻyicha muzokaralardan chiqishi mumkin
AQSh Prezidenti Donald Tramp Ukraina boʻyicha davom etayotgan muzokaralar samara bermasa, Qoʻshma Shtatlar ushbu jarayondan chiqishni koʻrib chiqishi mumkinligini maъlum qildi. Unga koʻra, kelgusi ikki hafta ichida muhim kelishuvga erishilmasa, Vashington muzokaralardagi ishtirokini toʻxtatadi.
Tramp Rossiyadan konstruktiv yondashuv kutayotganini aytib, Vladimir Putin Ukrainaga qarshi keng koʻlamli hujumlardan tiyilishga harakat qiladi, deya umid bildirdi.
“Ayni paytda muzokaralar nihoyatda faollashgan, yaqin kunlarda sezilarli siljish boʻlishini kutyapmiz”, dedi Tramp. Uning aytishicha, AQSh Rossiyaga bosimni kuchaytirgan, biroq har qanday kelishuv ikki tomonning roziligisiz boʻlmaydi. Prezident bu vaziyatni “tangoga oʻxshaydi — bunda ikki kishi kerak”, degan ibora bilan ifodaladi.
Tramp ayniqsa Qrim masalasiga alohida urgʻu berib, yarimorolning yana Ukraina nazoratiga qaytishi ehtimoli past ekanini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu hudud deyarli qarshiliksiz Rossiya tarkibiga oʻtgan: “Bu erda hatto oʻq uzilmadi, Kiev uni shunchaki topshirdi”, dedi u.
Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalar boʻyicha berilgan savollarga javob berarkan, Tramp bu masalani “kamida bir hafta oʻtgach” muhokama qilish mumkinligini aytdi.
Germaniyaning Bild nashri esa, Kiev AQSh tomonidan koʻrsatilayotgan yordamning qisqarishiga tayyorlanayotganini yozdi. Nashrga koʻra, Ukraina diplomatlari Tramp taklif etayotgan tinchlik shartlarini maqbul deb hisoblamayapti.