22.04.2025 14:20
53

Oq uy Pentagonga yangi rahbar izlayaptimi?

NPR nashrining maъlum qilishicha, Tramp maъmutiyati ayni paytda oʻziga yangi mudofaa vazirini izlashni boshlagan. 


Xabarga koʻra, (diniy nizolar qoʻzgʻashga usta) amaldagi vazir Pit Hegsetning ishdan boʻshatilishiga uning atrofida boʻlayotgan turli mojarolar va siyosiy ziddiyatlar sabab qilib koʻrsatilgan.  


Xabaringiz boʻlsa, Hegset bir oy avval AQSh harbiy rasmiysidan Yamanga uyushtirilgan xujum tafsiloti haqidagi maxfiy maъlumotni olib, soʻng uni shaxsiy telefoni orqali rafiqasi va ukasi bilan boʻlishgani haqida The New York Times nashri xabar qilgan edi. 


Mart oyida ham Hegset Yaman hududidagi Husiy nishonlariga qilingan hujum tafsilotlarini Oq Uydagi etakchi amaldorlar bilan Signal chatda muhokama qilgan va bu suhbatga tasodifan bir jurnalist ham qoʻshilgan edi.


Buning oqibatida, soʻnggi bir necha hafta ichida amaldorning toʻrt nafar etakchi maslahatchisi lavozimlarini kutilmaganda tark etdi. Ulardan baъzilari maъlumot sizdirishda ayblangan. 


Nashrning yozishicha, ketgan maslahatchilar ommaga bergan bayonotlarida Mudofaa vazirligi ichida jiddiy ziddiyatlar mavjudligini aytishgan.


Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit esa Pentagon rahbariga oʻrinbosar qidirilayotgani haqidagi xabarni soxta deb atadi. 


“Bu voqea – mutlaqo soxta yangilik. Prezident bugun ertalab Pentagon rahbarini toʻliq va qatъiy qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi,” deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Mavzuga aloqador