08.07.2024 10:51
943

OAV: Isroil armiyasi 7 oktyabrʻ voqealarida “Gannibal protokoli”dan foydalangan

Isroil armiyasi 7 oktyabrʻ voqealarida oʻz askarlari va tinch aholiga nisbatan “Gannibal protokoli” qoʻllanilganini maʻʻlum qildi. Ushbu protokol 1986 yilda Isroil armiyasi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, oʻz harbiy xizmatchilari va tinch aholi vakillari dushman qoʻliga asir tushmasligi uchun ularni yoʻq qilishgacha boʻlgan choralarni nazarda tutadi.

7 oktyabrʻ voqealari chogʻida Isroil armiyasi Gʻazo sektori bilan chegaradagi harbiy obʻʻektlar va nazorat-oʻtkazish punktlarida “Gannibal protokoli”ni amalga oshirgan. Bu haqda Isroilning Haaretz gazetasi oʻz qoʻlidagi isroillik harbiylarning hujjat va bayonotlariga tayanib xabar berdi.

“Bizda bunday hujum sodir boʻlgan taqdirda rejamiz yoʻq edi, chunki biz buni dahshatli tushda ham tasavvur qila olmasdik”, — deya isroillik harbiyning soʻzlarini keltiradi nashr.

Uning soʻzlariga koʻra, “hech kim 7 oktyabrʻ kuni qancha odam oʻgʻirlab ketilgani va oʻsha paytda Isroil kuchlari qaerda boʻlganligi haqida zarracha tasavvurga ega boʻlmagan”.

Xabar qilinishicha, 7 oktyabrʻ kuni ertalab “Erez” nazorat-oʻtkazish punktida (Beyt Xanun) isroillik askarlarning oʻgʻirlab ketilgani maʻʻlum boʻlganidan soʻng, chegara oʻtkazish punkti va harbiy postga uchuvchisiz samolyotlar yordamida hujum qilish haqida bir necha bor buyruq berilgan.

Gazetaning yozishicha, 7 oktyabrʻ kuni ertalab «Reym» va «Naxalʻ-Oz» harbiy nazorat punktlarida ham “Gannibal protokoli” qoʻllanilgan. "Ushbu qarorlarni qabul qilganlar bizning hududdagi askarlarimiz jarohat olishi mumkinligini bilishgan", dedi Isroil armiyasining yuqori martabali amaldori.

"Gannibal protokoli" deb ataladigan harakatning maʻʻnosi shundan iboratki, armiya va xavfsizlik kuchlari harbiy xizmatchilar yoki tinch aholini asirga olishning oldini olishga, buning uchun esa barcha ehtimoliy harakatlarni, shu jumladan asirga olingan shaxsning hayotiga tahdid solishi mumkin boʻlgan choralarni koʻrishga majbur qilinadi. Ushbu tartib 1986 yilda Isroil armiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va 2016 yilda Bosh shtab boshligʻi Gadi Eyzenkot uni yangi operatsion buyruq bilan almashtirishni buyurgan.