24.01.2024 15:00

Moʻgʻulistonda qishda em-hashak etishmasligidan 180 ming bosh chorva nobud boʻldi

Moʻgʻulistonda qishda oziq-ovqat etishmasligidan 180 ming bosh chorva nobud boʻldi. Bu haqda Sinʻxua Moʻgʻuliston bosh vaziri oʻrinbosari va favqulodda vaziyatlar boʻyicha davlat komissiyasi rahbari Sainbuyangiin Amarsaixanga tayanib xabar berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, qahraton qishni minimal zarar bilan engib oʻtish uchun hukumat barcha moʻgʻulistonlik koʻchmanchi chorvadorlarga davlat zaxiralaridan chorva uchun ozuqa sotib olishda 50 foizlik chegirma berishda davom etmoqda.

“Moʻgʻulistonning 21 viloyati va Ulan-Batorning uchta chekka hududiga jami 9 million 182,4 ming tonna chorva ozuqasi etkazib berildi”, — dedi bosh vazir oʻrinbosari.

Moʻgʻuliston meteorologiya va atrof-muhit monitoringi instituti maʻʻlumotlariga koʻra, hozirda mamlakatning 90 foizga yaqin hududi qor bilan qoplangan.

Qayd etish joizki, Moʻgʻuliston yaylov chorvachiligi rivojlangan keng hududga ega. Biroq Moʻgʻuliston chorvachilik sanoati qishda ekstremal ob-havo sharoitlariga duch keladi. Chorva mollari qor va muz qoplamalari ostidan ozuqa topishga qiynaladi. Natijada ularning katta qismi ochlik va sovuqdan nobud boʻladi.

Maʻʻlumot uchun, 2023 yil oxirida Moʻgʻuliston rekord darajada – 80,4 ming tonna goʻsht eksport qildi. Xitoy, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, BAA va Eron asosiy isteʻʻmolchilar hisoblanadi. Moʻgʻuliston Milliy statistika qoʻmitasi maʻʻlumotlariga koʻra, 2023 yil oxiriga kelib mamlakatda 64,7 million bosh chorva mollari mavjud.

 

Mavzuga aloqador