23.03.2025 09:05

Misr Gʻazo aholisini koʻchirish haqidagi xabarlarni rad etdi

Misr hukumati Gʻazo sektoridan 500 000 nafar falastinlikni Shimoliy Sinayga joylashtirish haqidagi xabarlarni qatъiy rad etdi. Mamlakatning davlat axborot xizmati bu haqda rasmiy bayonot berib, bunday reja yoʻqligini tasdiqladi.


Bayonotda taъkidlanishicha, Qohira Gʻazo aholisini majburan koʻchirishga yoʻl qoʻymaydi va buni falastinliklar uchun qabul qilib boʻlmas holat deb baholaydi. Shuningdek, Misr bu harakatni milliy xavfsizlikka tahdid sifatida koʻradi.


“Bir qator ommaviy axborot vositalarida Misr goʻyoki Gʻazo sektorining 500 000 nafar aholisini Sinay shimoliga joylashtirishga tayyor ekani haqida xabar tarqaldi. Biz bu maъlumotni qatъiyan rad etamiz”, deyiladi Misr davlat axborot xizmati bayonotida.


Avvalroq, Livanning Al-Akhbar gazetasi Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisining arab davlatlari etakchilariga Gʻazo aholisining maъlim bir qismi vaqtinchalik Shimoliy Sinayga koʻchirilishi va u erda tiklash ishlari olib borilishi mumkinligi haqida gapirgani haqida xabar tarqatgan edi. Biroq Qohira bu iddaolarni “asossiz”, deya urgʻuladi. 


Maъlumot oʻrnida, Misr 2023 yil oktyabrda Gʻazoda urush boshlanganidan beri falastinliklarni oʻz yurtidan chiqarishga qaratilgan har qanday harakatlarga keskin qarshilik bildirib keladi.

Mavzuga aloqador