06.08.2024 15:37

Meta Malayziya bosh vazirining HAMAS etakchisi haqidagi postlarini oʻchirgani uchun uzr soʻradi

Meta Platforms Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning Facebook va Instagram akkauntlaridan HAMAS etakchisi Ismoil Haniyaning oʻldirilgani bilan bogʻliq kontentni oʻchirib tashlagani uchun uzr soʻradi.

Haniyaning oʻlimi munosabati bilan hamdardlik bildirgan postlar oʻchirilganidan soʻng, Malayziya Meta bilan bogʻlanib, tushuntirish talab qildi.

"Malayziya bosh vazirining Facebook va Instagram sahifalaridan kontent oʻchirilishiga olib kelgan operatsion xatolik uchun uzr soʻraymiz", dedi matbuot kotibi Reuters agentligiga elektron pochta orqali xabarlar "toʻgʻri maʻʻlumot yorligʻi" bilan tiklanganini taʻʻkidlab.

Malayziya aloqa vaziri va bosh vazir devoni xodimlari dushanba kuni tushuntirish olish uchun Meta rasmiylari bilan uchrashdilar.

"Bosh vazir idorasi Meta harakatlarini kamsitish, adolatsizlik va soʻz erkinligini qoʻpol ravishda poymol qilish sifatida baholaydi", deyiladi idora dushanba kuni eʻʻlon qilingan bayonotda.

4 avgust kuni Anvar Ibrohim Kuala-Lumpurda Falastinni qoʻllab-quvvatlash mitingida qatnashdi. Bayonotda aytilishicha, jonli efir ham musiqa bilan bogʻliq intellektual mulk huquqining buzilishi shikoyati tufayli qisqa muddatga toʻxtatilgan.

Ofisning qayd etishicha, yozuvlarni oʻchirishga ularda “xavfli shaxslar yoki tashkilotlar” haqidagi elementlarning mavjudligi sabab boʻlgan.

Avvalroq Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim Meta korporatsiyasini Facebook va Instagram sahifalaridan Falastinning HAMAS harakati Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning oʻlimiga bagʻishlangan postlarini oʻchirib tashlagach, uni qoralagan edi.

Eslatib oʻtamiz, Turkiyada ham Haniya oʻlimi bilan bogʻliq postlar hech qanday asoslarsiz oʻchirilgani sababli Instagram platformasi bir necha kundan buyon bloklangan. Kuni kecha ikki tomon oʻrtasida 6 soat davom etgan muzokaralarda kutilgan natijalarga erishilmadi. 

Mavzuga aloqador