13.01.2025 08:00

Los-Angelesdagi yongʻinlar Gʻazo uchun intiqommi?

Oʻtgan hafta mobaynida AQShning eng yirik shaharlaridan birida favqulodda mudhish holat - keng qamrovli yongʻin yuz berdi va u hali ham toʻxtagani yoʻq. Yongʻin tom maʻʻnoda shaharning katta qismining kulini koʻkka sovurdi. Ayni paytda yongʻindan koʻrilgan zararni mutaxassislar 150 milliard AQSh dollariga baholashmoqda. Bu voqeaga nisbatan turli talqinlarda munosabatlar bildirilmoqda. Biroq buning chinakam aybdorlari, bunday kulfatlarga bevosita sababchilar eʻʻtibordan chetda qolib ketyapti. Koʻpchilik Los-Angelesdagi yongʻinlarni Gʻazo fojiasiga bogʻlasa, boshqalar AQShdagi falokatning oʻziga xosligini, hukumat buni tez orada bartaraf etishi va uni Falastindagi kabi holatlar bilan taqqoslamaslik kerakligini uqtirmoqda. Ammo asl vaziyat qanday? Umuman, bunday kulfatlarga aslida kim aybdor?  

AQSh qurolli kuchlari dunyodagi eng katta institutsional vayronkor kuch hisoblanadi. Dunyoni qoʻya turaylik, mamlakat ichkarisi boʻylab koʻplab shaharlar mahalliy va federal darajada militarizm va politsiyaga ustuvorlik berilishi natijasida har yili yuzlab qurbonlar beriladi. Harbiylar tomonidan uyushtirilgan toʻxtovsiz urushlar iqlim inqirozini yanada chuqurlashtirdi va endi uning halokatli oqibatlari turli fojialar, Los-Angelesda guvoh boʻlingani kabi falokatlar koʻrinishida zohir boʻlmoqda. 

Oʻnlab yillar davomida harbiy-sanoat kompleksi neftʻ sohasi ustidan hukmronlik qilish uchun Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi ekotizimlar, shaharlar va xalqlarni vayron qilib kelmoqda. 15 oy davomida Gʻazoga qarshi olib borilgan AQSh-Isroil bombardimoni atmosferaga juda koʻp miqdorda qazilma yoqilgʻisi va changlarni chiqarish barobarida tuproq va suvni ham zaharlamoqda. Yaqinda Isroil "zilzila bombasi"ni portlatdi, baʻʻzi maʻʻlumotlarga koʻra, u yadroviy boʻlishi mumkin. Gʻazodagi genotsid ekotizimni butkul vayron qildi va kelajakda har qanday qayta qurish, qishloq xoʻjaligini tiklash harakatlari samarasini keskin tushirishi mumkin. Ukrainadagi urush esa Nordstream quvurining portlashiga olib keldi. Xitoy bilan maʻʻnosiz raqobat uchun kengaytirilgan dunyo boʻylab joylashgan harbiy bazalar tuproqni zaharli PFAS kimyoviy moddalari bilan ifloslantirmoqda. Bioxilma-xillik global miqyosda xavf ostida qolmoqda.

Haqiqat shuki, oʻrmon yongʻinlari Kaliforniya ekotizimining tabiiy qismidir. Ular hayot uchun gʻoyatda zarur hisoblanadi. Aslida, tabiiy yongʻin boʻladigan hududlarda uzoq vaqtdan beri olib borilgan qurilishlar, Malibudagi milliarderlar uylarini saqlash uchun bu tabiiy jarayonlarni toʻxtatish va ularni bartaraf etish mazkur vaziyatni yanada yomonlashtirdi. Muvozanatli ekotizimga bunday eʻʻtiborsizlik tarixan va doimiy ravishda Los-Anjelesda oldini olish mumkin boʻlgan yongʻinlarga moyil oʻrta va ishchi sinflar yashaydigan hududlar hisobiga amalga oshirilgan. Los-Anjelesga boʻlgan tahdid urush iqtisodiyotining iqlim inqirozi tufayli yuzaga kelgan haddan tashqari quruq havo va deyarli soatiga 160 kilometr tezlikdagi shamollar bilan yanada kuchaymoqda.

Tabiiy muhitga boʻlgan bunday mahalliy eʻʻtiborsizlik yahudiy milliy jamgʻarmasining Falastinda, koʻp hollarda buzib tashlangan Falastin qishloqlari oʻrniga, muhim biologik xilma-xillik evaziga mahalliy boʻlmagan qaragʻay daraxtlarini ekishiga oʻxshagan sabablardan kelib chiqadi. Ikkala holatda ham hokimiyatdagilarning manfaatlariga ustunlik beradigan urush iqtisodiyoti tub aholi va uning hayotiga nisbatan befarqlikdan yuzaga keladi. Har ikki holatda ham natijalar halokatli. Oʻnlab yillar davomida imperalistik ekotsid urushini boshdan kechirgan sayyoramizda aksariyati suveren tub aholiga tegishli erlarda joylashgan bioxilma-xillik keskin vayron boʻldi.

Iqlimni qurbon qiluvchi bu militarizm faqat xalqaro maydondagina emas. AQShning Atlanta shahrida taklif qilingan "Cop City" politsiya oʻquv markazi oʻrmonida, yaʻʻni muqaddas mahalliy erda, shuningdek, shaharning "oʻpkasi" deb taʻʻriflangan joyda qurilishi rejalashtirilgan. Oʻrmon nafaqat havoning sifatini taʻʻminlaydi, balki suv toshqiniga qarshi himoya vazifasini ham oʻtaydi. Yaqinda Appalachiya va Atlantada kuchli suv toshqinlari roʻy berdi. Politsiya shaharchasi oʻrmonining yoʻq qilinishi bilan vaziyat yanada yomonlashdi. Ushbu harbiy oʻquv markazlari va Isroil okkupatsion kuchlari bilan almashinuv dasturlariga ustuvorlik berganlar bu ishlarni shahar hisobidan amalga oshirmoqda. Los-Anjeles shahri meri Karen Bass yaqinda politsiyaga qoʻshimcha 123 million dollar ajratishni va oʻt oʻchirish boʻlimi byudjetini 23 million dollarga qisqartirishni taklif qildi. Ayni paytda esa shahardagi vaziyat butkul nazoratdan chiqqan va olov ichida qolmoqda. Bunday holatda oʻt oʻchirish boʻlimining qoʻlidan keladigan yagona ish faqat aholini qutqarishga harakat qilish boʻlishi mumkin. 

Bu barcha holatlarning oldini olish mumkin edi. Shunchaki, AQShning hokimiyat vakillari dunyo boʻylab ekologik qirgʻinni davom ettirsak, bu bizga qaytmaydi, degan tafakkur bilan ish yuritishmoqda. Aslida Gʻazodagi yongʻinlar Los-Anjelesdagi yongʻinlar bilan bir xil. Ular ayni bir xil tashkilotlar tomonidan keltirib chiqarildi va ularni oʻxshash choralar bilan bartaraf etish mumkin. Birinchisi qasddan qilingan boʻlsa, ikkinchisi uning oqibatidir. Ikkalasi ham vayronkor, yurakni ezadigan, dahshatli, mudhish va gʻazabni qoʻzgʻatuvchidir. 

Iqlim tashkilotlari Los-Anjelesdagi yongʻinlar nimani anglatishi haqida faol ogohlantirmoqda. Xabarlarga koʻra, yangi qabul qilingan qariyb 1 trillion dollarlik harbiy byudjetdan ortib qolgan federal mablagʻlarning bir qismini Los-Anjeles aholisiga yordam berish uchun ajratish koʻzda tutilibdi. Ammo bu bayonotlarni eʻʻlon qilayotgan aynan oʻsha tashkilotlar va favqulodda yordam uchun mablagʻ ajratayotgan aynan oʻsha siyosatchilar yongʻinni yanada kuchaytirmoqda. Chunki ularga inson hayoti zarracha ahamiyat kasb etmaydi. Moddiy manfaat va ochkoʻzlikni ustuvor maqsad oʻlaroq koʻradigan bu kimsalar Gʻazo va uning barobarida oʻzlarini ham chuqur jarlikka uloqtirayotganlarini anglab etganlaricha yoʻq

Mavzuga aloqador