Kashmirdagi terakt bahona Dehli keskin choralarga oʻtdi
Kashmirda yuz bergan navbatdagi terakt ortidan Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi ziddiyat yana-da keskinlashdi. Yangi-Dehli terror hujumi uchun masъuliyatni bevosita Pokistonga yuklab, qator jazo choralarini eъlon qildi, deb xabar bermoqda TRT nashri.
Manbaga koʻra, Dehli 1960 yilda Jahon banki vositachiligida imzolangan Hind daryosi suvlaridan foydalanish boʻyicha bitimni nomaъlum muddatga toʻxtatib qoʻydi. Mazkur bitim nafaqat ikki tomonlama diplomatik ziddiyatlar davrida, balki 1965, 1971 va 1999 yillardagi urush paytlarida ham saqlanib qolgan edi.
Hindiston tomonining maъlum qilishicha, Pokistonga Hind daryosi va uning irmoqlari — Jelam, Chenab, Ravi, Beas hamda Sutlej orqali suv berilishi toʻxtatiladi. Bu daryolar Pokistonning millionlab aholisi uchun asosiy ichimlik va sugʻorish manbai hisoblanadi.
Hindiston tashqi ishlar vaziri Vikram Misri CCS yigʻilishidagi chiqishida, teraktning xalqaro terror tarmoqlari bilan bogʻliqligi va uning mahalliy saylovlar fonida amalga oshirilganini taъkidladi.
“Bu hujum, Kashmirda saylovlar muvaffaqiyatli oʻtib, mintaqada iqtisodiy rivojlanish barqaror yoʻlga tushgan bir vaqtda amalga oshirilgani eъtiborga loyiq”, dedi u.
Yangi choralar doirasida Hindiston Pokiston bilan chegaradagi Attari-Vagah nazorat-oʻtkazish punktini yopdi, SAARC vizasi asosida Pokistondan Hindistonga kirish taqiqlandi. Mamlakatda boʻlib turgan Pokiston fuqarolari esa 48 soat ichida Hindistonni tark etishi maъlum qilindi.
Tashqi ishlar vazirining bildirishicha, Hindiston “barcha xavfsizlik kuchlariga maksimal ogohlikni saqlashni” buyurgan va ushbu hujum ortida turganlarni javobgarlikka tortishga qatъiy bel bogʻlagan. Hozircha Pokiston rasmiylari Hindistonning soʻnggi bayonotlariga javoban izoh bermadi.