05.12.2024 13:43

Janubiy Koreya prezidentiga qarshi tergov boshlandi


Janubiy Koreya politsiyasi favqulodda harbiy holat eʻʻlon qilgan prezident Yuk Sok Yolga qarshi tergov boshladi. Xabarlarga koʻra, huquq-tartibot idoralariga muxolifatdagi Koreya tiklanish partiyasi va 59 nafar faoldan prezidentga qarshi shikoyatlar kelib tushgan.

Janubiy Koreya politsiyasi favqulodda harbiy holat eʻʻlon qilgan prezident Yuk Sok Yolga qarshi tergov boshladi. 

AFP agentligi suhbatlashgan huquq-tartibot idoralari amaldagi davlat rahbariga nisbatan tergov boshlanganini tasdiqladi.

Xabarlarga koʻra, huquq-tartibot idoralariga ikkita: muxolifatdagi Koreya tiklanish partiyasi va 59 nafar faoldan prezidentga qarshi shikoyat kelib tushgan.

Murojaat mualliflari davlat rahbaridan tashqari sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon, armiya bosh shtabi boshligʻi general Pak An Su va ichki ishlar vaziri Li San Minni ham davlatga xiyonatda ayblagan.

Respublika prokuraturasi isyonga tayyorlanishda va davlatga xiyonatda ayblab, Mudofaa vazirligining sobiq rahbari Kim Yon Xyonga mamlakatni tark etishni taqiqladi.

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 3 dekabrʻ kuni 45 yil ichida birinchi marta kechqurun mamlakatda favqulodda harbiy holat eʻʻlon qilgandi. Parlament va siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlandi. Davlat rahbari oʻz qarorini “konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish va mamlakat ichidagi Shimoliy Koreya tarafdorlarini yoʻq qilish” zarurati bilan izohladi.

Hukumat harakatlaridan norozi boʻlib, parlament binosi oldida namoyishchilar toʻplandi. Politsiya parlamentga kirishni toʻsib qoʻydi va shahar koʻchalarida harbiy texnika paydo boʻldi.

Bir necha soatdan soʻng 300 deputatdan 190 nafari parlamentga kirishga muvaffaq boʻldi va harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi. Muxolifat etakchisi Li Je Men prezident qarorini “konstitutsiyaga zid” deb atadi va uni “xalqqa qarshi” qadam sifatida qoraladi. Kechroq Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda joriy etilgan harbiy holatni bekor qilishga rozi boʻldi.

Janubiy Koreya muxolifati prezidentga qarshi impichment loyihasini ham parlamentga taqdim etdi. Ovoz berish loyiha majlisda koʻrib chiqilganidan keyin 24-72 soat ichida oʻtkazilishi kerak. Impichment loyihasini kiritishni oltita muxolifat partiyasidan 191 nafar deputat qoʻllab-quvvatladi. Parlamentda jami 300 nafar qonun chiqaruvchi bor, 108 oʻrinni prezidentning “Fuqarolik kuchi” partiyasi egallab turibdi. Impichment eʻʻlon qilish uchun 200 ovoz kerak.

Mavzuga aloqador