26.04.2024 15:43

Jahon miqyosida qurollanishga sarflangan mablagʻ deyarli 2,5 trillion dollarga etdi

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan davlatlar mudofaa va urush uchun rekord darajada mablagʻ ajratishni boshladi. 2023 yilda dunyo miqyosida qurollanishga 2,446 trillion dollar sarflangan boʻlsa, birinchi beshlikdagi AQSh, Xitoy, Rossiya, Hindiston va Saudiya Arabistoni mudofaa va urush xarajatlariga jami 1,480 trillion dollardan ziyod mablagʻ yoʻnaltirgan.

Jahon harbiy xarajatlari 2023 yilda rekord darajaga etib, 2,443 trillion dollarni (+6,8% yillik) tashkil etdi. Stokgolʻm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) hisobotida bu haqda soʻz boradi «Vedomosti».

Oʻtgan yili mudofaa xarajatlarining oʻsishi 2009 yildan beri eng yuqori koʻrsatkich boʻldi. Eng katta oʻsish Evropa, Osiyo, Okeaniya va Yaqin Sharqda qayd etildi, deya taʻʻkidladi SIPRI mutaxassislari. Mutaxassislarning fikricha, bu "tinchlik va xavfsizlikning global darajada yomonlashishiga toʻgʻridan-toʻgʻri javobdir".

Institutning harbiy xarajatlar va qurol ishlab chiqarish boʻyicha dasturi tadqiqotchisi Lorenzo Skarazatoning aytishicha, ikki yillik Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi “xavfsizlik nuqtai nazarini tubdan oʻzgartirdi”.

“Tahdidni idrok etishdagi bu oʻzgarish yalpi ichki mahsulotning harbiy xarajatlarga ajratilayotgan ulushi ortib borayotganida namoyon boʻladi, NATOning 2 foizlik maqsadi erishilishi kerak boʻlgan chegara emas, koʻproq asosiy koʻrsatkich sifatida koʻrilmoqda”, - deya tushuntirdi u oʻzgarishlarni.

Rossiyaning harbiy xarajatlari 2023 yilda 24 foizga oshib, YaIMning 5,9 foizini tashkil etdi. Ukraina xarajatlari esa 51 foizga oshgan (YaIMning 37 foizi). Shu bilan birga, SIPRI maʻʻlumotlariga koʻra, Gʻarb yordamini hisobga olgan holda Kievning mudofaa xarajatlari Rossiyanikining taxminan 91 foizini tashkil etdi.

“Rossiya harbiy xarajatlarining 2023 yilda oʻsishi asosan iqtisodiy koʻrsatkichlari bilan bogʻliq boʻlib, bu mamlakat neftʻ va gaz daromadlarining sezilarli darajada pasayishiga qaramay, kutilganidan oshib ketdi”, — deyiladi sharhda. SIPRI Rossiyaning 2024–2026 yillarga moʻljallangan davlat byudjetiga ishora qilib, Moskva yaqin yillarda harbiy xarajatlarni oshirishda davom etishini taxmin qilmoqda.

AQSh harbiy xarajatlar boʻyicha etakchi boʻlib qolmoqda. Oʻtgan yili Vashington ushbu maqsadlar uchun 916 milliard dollar (YaIMning 3,4 foizi) sarflagan. Birinchi beshlikka Xitoy (296 milliard dollar; YaIMning 1,7 foizi), Rossiya (109 milliard dollar; YaIMning 5,9 foizi), Hindiston (83,6 milliard dollar; YaIMning 2,4 foizi) va Saudiya Arabistoni (75,8 milliard dollar; YaIMning 7,1 foizi) kiradi. Ular birgalikda jahon harbiy xarajatlarining 61 foizini (1,480 trillion dollardan ziyodroq) tashkil qiladi. Ukraina sakkizinchi oʻrinni egalladi.

2023 yilda Gʻazoda urush boshlangan bir paytda 15-oʻrinni egallagan Isroil mudofaaga 2022 yilga nisbatan 24 foizga koʻp sarmoya kiritib, bu sohadagi xarajatlarini 27,5 milliard dollarga etkazdi; Saudiya Arabistonidan keyin Isroil Yaqin Sharqda harbiy xarajatlar boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi.

Mavzuga aloqador