21.11.2024 12:26

Isroil Suriyaga soʻnggi oylardagi eng qonli hujumni amalga oshirdi

Isroil Suriyaning Palmira shahriga halokatli zarba berdi. Portlash oqibatida 36 kishi halok boʻldi, 50 kishi yaralandi, deb xabar bermoqda Arab News.  

Suriya inson huquqlari observatoriyasining maʻʻlum qilishicha, zarbada 61 kishi halok boʻlgan. Tashkilot maʻʻlumotlariga koʻra, ulardan 33 nafari qurolli tuzilmalarga, jumladan, 4 nafari “Hizbulloh” bilan aloqador, 22 nafari Suriya fuqarosi emas va 2 nafar jasadning shaxsi aniqlanmagan.  

“Dushman Isroil al-Tanfdan havo hujumini uyushtirdi va Palmiradagi bir qator binolarga zarba berdi. 36 kishi halok boʻldi, 50 kishi yaralandi, katta moddiy zarar etkazildi”, — deyiladi Suriya Mudofaa vazirligi xabarida.  

Bu Isroilning Livanga tajovuzi boshlanganidan beri Suriyaga qilingan eng qonli zarba boʻldi.  

Suriya Tashqi ishlar vazirligi “Sionizmning mintaqa davlatlari va xalqlariga qarshi davom etayotgan jinoyatlarini aks ettiruvchi Palmiraga qilingan shafqatsiz hujumni” qoraladi.  

Qadimiy Palmira shahri YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Isroilning soʻnggi zarbalaridan soʻng Suriya qadimiy obidalar va muzeylar boshqarmasi bosh direktori tarixiy obidalarga zarar etganligini aniqlash uchun zarbalar berilgan joyda tekshiruv oʻtkazish zarurligini aytdi.