10.07.2024 15:45
411
IShID yetakchisining rafiqasi o‘lim jazosiga hukm qilindi
Bugun, chorshanba kuni Iroqning Karx viloyati jinoiy sudi IShIDning oʻldirilgan rahbari Abu Bakr al-Bagʻdodiyning rafiqasiga oʻlim hukmini chiqardi.
Iroq Oliy sudi Karxdagi jinoiy sud al-Bagʻdodiyning birinchi rafiqasi Asmo Muhammadni tashkilot faoliyatiga aloqadorligi va yazidiy ayollarni uyida saqlaganlikda aybdor deb topganini maʻʻlum qildi.
Kengash axborot markazi bugungi bayonotida “terrorchi ayol” yazidiy ayollarni IShID toʻdalari Gʻarbiy Nineviya viloyatining Sinjar hududidan oʻgʻirlab ketganidan keyin oʻz uyida ushlab turgan.
Jazo 2005 yildagi 13-sonli Terrorizmga qarshi kurash hamda 2021 yildagi 8-sonli Yazidiy ayollarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunlariga muvofiq tayinlangan.
Bundan tashqari, "Al-Arabiya/Al-Hadah" manbalari al-Bagʻdodiyning uchinchi rafiqasi Nur az-Zubayga umrbod qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar berishdi. Shuningdek, manbalar al-Bagʻdodiyning qizi Umaymaga ham umrbod qamoq jazosi berilganini eslatib oʻtgan.
2024 yil 16 fevralda Iroq Milliy razvedkasi Abu Bakr al-Bagʻdodiyning rafiqasi hamda qizining shaxsi va qaerdaligi aniqlanganidan soʻng qoʻshni davlatda hibsga olinganini eʻʻlon qildi.
Avvalroq Iroq parlamenti deputati Vyan Daxil al-Bagʻdodiyning rafiqasi Asmo Muhammad ham eri kabi yazidiy ayollarni oʻgʻirlashda ishtirok etganini tasdiqlagandi. Matbuot anjumanida u al-Bagʻdodiyning rafiqasi odam savdosi va yazidiy qizlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik bilan bogʻliq dahshatli harakatlar sodir etganini aytdi. Shuningdek, al-Bagʻdodiyning rafiqasi yosh qizlarni jinsiy zoʻravonlik uchun saralab, eriga oʻtkazayotgani, keyin esa ularni tashkilot jangarilariga sotganini taʻʻkidladi.
Koʻplab ovozlar federal hukumatni Abu Bakr al-Bagʻdodiyning rafiqasiga tashkilot jinoyatlarida ishtirok etgani uchun oliy jazoni qoʻllashga chaqirdi, ayblanuvchi esa "Al Arabiya" tarmogʻiga bergan intervyusida har qanday qonunbuzarlikni rad etdi. Yazidiy qizlar esa uning soʻzlari notoʻgʻri ekanini iddao qildi.