24.08.2024 19:32

Irqchilikning oliy namunasi: musulmonlar odam emasmi?

Zamonaviy dunyomizda sodir boʻlayotgan barcha mojarolarni – Gʻazo va Falastindan tortib, Venesuela, Kolumbiya, Afrika mamlakatlari hamda Ukrainagacha koʻrib chiqsak, bu mojarolar va urushlarning negizida AQSh, Britaniya, Frantsiya va boshqa mustamlakachilarning etakchilik mavqeyini saqlab qolish yoʻlidagi urinishlari ekanini koʻramiz. Ular, shunchaki, oʻzlarining harbiy ustunligi, halokatli qurollarga egaligi va boyligiga tayanib, oʻz gegemonligini isbotlashga urinmoqda. Biroq tarix imperiyalar faqat boylik va harbiy kuch-qudratning oʻzi bilan yashay olmasligini hisobsiz ravishda isbotlagan. Imperiyaning axloqiy, siyosiy va ijtimoiy tanazzuli uning muqarrar zavolidan darak beradi.

Biz yashab turgan dunyo bisyor yillardan beri siyosiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Xalqaro arenada siyosiy ideologiyalar oʻzaro jiqqa musht ekan, siyosiy figuralar mana shunday qarama-qarshilik oloviga oʻt qalamoqda. Bugun tarixiy boshqaruv merosini sergak ong ila anglagan davlat rahbarlarini ushbu siyosiy sahnada uchratish amrimahol.

Oʻtmishdagi davlat arboblari oʻzlaridan qolajak meros qisqa umrlariga qaraganda ancha uzoq davom etishi kerakligini yaxshi tushunishgan. Bugungi kun rahbarlari esa oʻz zimmasiga yuklatilgan masʻʻuliyatni toʻlaqonli his qilmayapti. Ular dunyoda yuz berayotgan dahshatli voqeliklarga nafaqat islomiy, balki xalqaro miqyosda tan olingan insoniy qadriyatlardan kelib chiqib munosabat bildirish oʻrniga, harakatsizlik va loqaydlikni maʻʻqul koʻrmoqda.

Bularning bari Isroil harbiy samolyotlari tomonidan bombardimon qilingan al-Mavasi yaqinidagi maktabdan bolalar jasadini olib chiqayotgan falastinlik otaning: "Nima deyishimiz mumkin? Biz imkon darajasida hammasini qildik va jahon hamjamiyatiga yuzlandik, lekin ular na eshitishni, na begunoh goʻdaklarni oʻldirayotgan sionistlarning vahshiyliklarini koʻrishni istamayapti", degan soʻzlarida oʻz ifodasini topgan. Anglashiladiki, bugun haq soʻzlar oʻz ahamiyati-yu samarasini yoʻqotdi, zotan, dunyo etakchilari quloqlari boʻlsa-da eshitmaydigan, qalblari boʻlsa-da his etmaydigan darajaga tushib qolishgan.

Xoʻsh, bot-bot uchinchi dunyo mamlakatlarini inson huquqlarini toptashda ayblayotgan Gʻarb siyosatchilarining insoniyatga qarshi bunday ogʻir jinoyatga munosabati qanday? Ming afsuski, ular sharmisor pozitsiyada turibdi: AQSh boshchiligidagi Gʻarb siyosatchilari bosqinchi Isroilni “oʻzini himoya qilishi uchun” (Aslida yanada koʻproq bolalarni oʻldirishi uchun) istalgancha qurol va pul bilan taʻʻminlashga tayyor.

Afsuski, sanoati rivojlangan mamlakatlarning siyosatchilari “Xudo oʻz suratida yaratgan” murgʻak bolalarning oʻldirilishini qoralay olmadi. Qolaversa, qotil sionistlar yuzlab shaharlar va qishloqlarni vayron qilib, odamlarini qirib, tarix hali guvoh boʻlmagan razillilarni amalga oshirayotgan bir vaqtda bunday yuzsiz va sharafsiz rahbarlar asl jinoyatchini himoya qilish uchun bir yoqadan bosh chiqarishmoqda. Binobarin, ular Isroilning shafqatsizliklarini osonlik bilan davom ettirishi uchun milliardlab dollar ajratmoqda, xalqaro miqyosda taqiqlangan bombalar bilan taʻʻminlamoqda. Ularning ommaviy axborot vositalari bosqinchi va qonxoʻr rejimni mazlumlardan himoya qilish haqida bong uryapti. Kuchli dushmanga himoyasiz qolgan va zulmga uchrayotganlarni yanada koʻproq oʻldirishi uchun pul ajratayotganidan faxrlanmoqda.  

Haqiqatni aytayotganlar hibsga olinmoqda yoki mansabidan quvilyapti. Bularning zamirida Gʻarb adabiyoti, madaniyati va amaliyotida chuqur ildiz otgan irqchilik yotadi. Ular hali ham mustamlakachilik merosidan voz kecha olgani yoʻq. Bunday meros ular uchun musulmonlar hayotining chaqalik qiymatga ega emasligi bilan bogʻliq.

Shu vajdan ular gʻarblik boʻlmagan jabrdiydalarga hamdardlik bildirgan har qanday millatdoshini qoralaydilar, goʻyoki bu jabrdiydalar ularga xos har qanday hurmat va qadr-qimmatga loyiq emasdek. Bugun AQSh va Evropada irqchilik allaqachon ijtimoiy fojia oʻlaroq bosh koʻtarib boʻldi: u avj olib borar ekan, zaharli nishlari faqatgina migrantlar va qora tanlilar bilan cheklanib qolmayapti.

Ular siyosiy, axloqiy va xalqaro majburiyatlaridan qochishda davom etib, oʻzga mamlakatlarni shafqatsizlarcha (xoh aqliy, xoh jismoniy vositalar ila) bosib olish orqali mojarolar olovini yoqishadi va keyin oʻz fuqarolaridan bu mintaqalarni tezda tark etishini soʻraydi. Ular jinoyatchilarga harbiy kemalar, bombalar va mablagʻlar joʻnatishadi. Oʻz hamkorlariga xavfsizlik kafolatini berishadi va adolatsizligi kundek ravshan harakatlar uchun hech qanday javobgarlikka tortilmasligini aytadilar.

Ayni nuqtai nazardan, haqqoniyatni etkazishga baimkon intilayotgan ommaviy axborot vositalarining ovozlari oʻchirilmoqda, hatto yoʻq qilinmoqda. Toki ularning xabarlari olov qaʻʻridan chiqmasin; oʻz insoniyligini mahkam ushlagan, barcha tahdidlar, shantaj va nishonga olinishlarga qaramay, uni ifoda etishdan voz kechmayotganlarning vijdoniga hech qanday taʻʻsir koʻrsatmasin.

Oʻz tamoyillariga sodiq qolib, oʻzlari va farzandlarini qurbon qilib, bu muqaddas zaminning tabarruk tuprogʻi, xavfsizligi va himoyasi yoʻlida barcha toʻsiqlarga qaramay, ayovsiz jang qilayotganlar esa butunlay oʻzgacha qadriyat va axloq qoidalari bilan yashaydi. Ular kelajak avlod merosi va yoshlikdan buyon asrab kelayotganlari – iymon-eʻʻtiqodining yashashi uchun jonlarini Jabborga beradilar. Chunki musulmonlar bu mashaqqatga toʻla hayoti, qonlari va jonlari evaziga abadiy hayotda mukofotlanishlariga ishonadilar.

Shubhasiz, Gʻarb hozirda duch kelayotgan siyosiy inqiroz bugun biz boshdan kechirayotgan barcha – iqtisodiy, axloqiy yoki ijtimoiy muammolarning sababchisidir. AQSh boshchiligidagi Gʻarb oʻz qudrati va hukmronligi himoyasi uchun qurol, pul va terrorizmdan foydalanadi. Adolat istab qoʻliga qurol olgan musulmonlarni terrorchi atab, asl terrorchilarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Basharti biz zamonaviy dunyomizda sodir boʻlayotgan barcha mojarolarni – Gʻazo va Falastindan tortib, Venesuela, Kolumbiya, Afrika mamlakatlari hamda Ukrainagacha koʻrib chiqsak, bu mojarolar va urushlarning negizida AQSh, Britaniya, Frantsiya va boshqa mustamlakachilarning etakchilik mavqeyini saqlab qolish yoʻlidagi natijasiz urinishlari ekanini koʻramiz. Endi ular, shunchaki, oʻzlarining harbiy ustunligi, halokatli qurollarga egaligi va boyligiga tayanib, oʻz gegemonligini isbotlashga shay. Biroq tarix imperiyalar faqat boylik va harbiy kuch-qudratning oʻzi bilan yashay olmasligini hisobsiz ravishda isbotlagan. Imperiyaning axloqiy, siyosiy va ijtimoiy tanazzuli uning muqarrar zavolidan darak beradi.

Muhammad Dovud Asadulloh 

Mavzuga aloqador