23.04.2025 08:56
42

Hindistondagi terrorchilik oqibatida 27 kishi halok boʻldi

Hindiston shimolida joylashgan Jammu va Kashmir mintaqasida roʻy bergan terrorchilik hujumi oqibatida kamida 27 kishi halok boʻlgan va yana 12 kishi tan jarohati olgan. Bu haqda NDTV telekanali hamda Greather Kashmir gazetasi xabar berdi. 


Aytilishicha, “Lashkar-i-Tayba” terroristik guruhiga aloqador ikki yoki uch nafar qurollangan shaxs Bayasaran vodiysida sayohat qilayotgan turistlarga hujum qilgan. Natijada 27 nafar sayyoh oʻldirilgan.


Hujum vaqtida omon qolgan ayol PTI axborot agentligiga bergan intervyusida terrorchilar oʻq otishni boshlashdan avval uning diniy eъtiqodi haqida soʻrashganini aytgan.


Xabarga koʻra, xavfsizlik kuchlarining qidiruv ishlaridan soʻng ikki terrorist yoʻq qilinib, terrorchilardan katta miqdorda qurol-yarogʻ, oʻq-dorili omborlar topilgan.


Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi voqea ortida turganlar jazoga tortilishini va terrorizmga qarshi kurash yanada kuchaytirilishini maъlum qildi.


Maъlumot oʻrnida, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev sodir boʻlgan terrorchilik hujumi munosabati bilan Hindiston Prezidenti Droupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga taъziya bildirdi.


“Davlat rahbari fojia oqibatida halok boʻlganlarning oila aъzolari va yaqinlariga, shuningdek, butun Hindiston xalqiga samimiy hamdardlik izhor etdi hamda jarohatlanganlarga tez fursatda shifo tiladi”, deya maъlum qildi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Mavzuga aloqador