25.11.2024 08:26
Hindistonda Boburiylar davrida qurilgan masjidni himoya qilgan toʻrt musulmon oʻldirildi
Hindistonning Uttar-Pradesh shtati Sambhal shahrida Boburiylar hukmronligi davrida qurilgan Shohi Jama masjidini buzish uchun kelgan politsiya va mahalliy musulmonlar oʻrtasidagi toʻqnashuvda kamida toʻrt musulmon halok boʻldi, oʻnlab kishilar jarohatlangan. Hukumat masjid goʻyoki hindu ibodatxonasi oʻrniga qurilganini iddao qilmoqda.
NDTV telekanalining xabar berishicha, shaharda internet toʻxtatilgan, rasmiylar barcha maktablarni yopishga qaror qilgan, shaharga maxsus ruxsatsiz kirish taqiqlangan.
Tartibsizliklar rasmiylar Boburiylar hukmronligi davrida barpo etilgan qadimiy Shohi Jama masjidini buzish uchun politsiya himoyasi ostida kelganidan keyin boshlangan. Ushbu masjidni buzish uchun allaqachon sud qarori qabul qilingan. Hukumat masjid goʻyoki vayron qilingan hindu ibodatxonasi oʻrniga qurilgan. Bu qaror Sambhalda koʻpchilikni tashkil etuvchi musulmon jamoasining noroziligiga sabab boʻldi.
NDTV telekanaliga koʻra, namoyishchilar bir necha mashinani yoqib yuborgan, politsiyaga tosh va tayoq otgan, politsiya esa yigʻilganlarni tarqatish uchun koʻzdan yosh oqizuvchi gaz va tayoqlardan foydalangan. Yaralanganlar orasida 20 ga yaqin politsiyachi bor, birining ahvoli ogʻir. 20 dan ortiq namoyishchi politsiya tomonidan hibsga olingan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Hindiston hukumati koʻp asrli Bobur masjidini buzib tashlab, oʻrniga hindu ibodatxonasini qurgan edi.