13.05.2025 09:20
57
HAMAS garovdagi amerikalikni ozod qildi
HAMAS harakati Gʻazo sektorida 19 oydan ortiq tutqunlikda boʻlgan amerikalik-isroillik askar Idan Aleksandrni ozod qildi.
NBC News'ning xabar berishicha, Gʻazoda asirda boʻlgan soʻnggi tirik Amerika fuqarosi deb hisoblangan 21 yoshli Aleksandr janubdagi Xon Yunis shahrida Qizil Xoch rasmiylariga topshirilgan.
Ozod qilish jarayoni AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi arafasida boʻlib oʻtgan.
HAMAS bu Gʻazo sektoriga "oʻt ochishni toʻxtatish, oʻtish joylarini ochish va yordam etkazish boʻyicha koʻrilayotgan qadamlarning" bir qismi ekanini aytdi. Bosqinchi isroil garovga olinganni ozod qilish uchun xavfsiz yoʻlakni taъminlash maqsadida harbiy amaliyotlarni, jumladan havo hujumlari va artilleriya zarbalarini vaqtincha toʻxtatdi.
Sionistlarga koʻra, Idan Aleksandr ozod qilinishi bilan Gʻazoda 58 nafar garovga olingan shaxs qoldi. Ulardan 23 nafari bugungi kunda tirik ekanligiga ishoniladi.
Idan Aleksandrning ozod etilishi AQSh prezidenti va isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu oʻrtasida diplomatik taranglik kuchaygan paytga toʻgʻri keldi. NBC News manbalariga koʻra, kelishmovchiliklar Gʻazo va Eron boʻyicha muzokaralarga yondashuvlar bilan bogʻliq.