07.02.2024 13:29

Gʻazo: Bombardimonlar oqibatida 30 dan ortiq isroillik mahbus halok boʻldi

Gʻazoda HAMAS qoʻlida saqlanayotgan isroillik mahbuslarning 30 nafardan ortigʻi Isroil hujumlari natijasida halok boʻlgani tasdiqlandi, yana 20 nafarining oʻlimi toʻgʻrisidagi maʻʻlumotlar isbotini kutmoqda.

Tel-Aviv Gʻazo sektorida garovga olinganlarning kamida beshdan bir qismi bombardimonlar oqibatida halok boʻlganini tasdiqladi. Bu haqda New York Times Isroil razvedka manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Xavfsizlik xizmatlari shaxsi aniqlangan 32 kishining oʻlimini tasdiqlagan va bu haqda ularning oila aʻʻzolariga xabar bergan. Shuningdek, xavfsizlik kuchlariga koʻra, yana 20 ga yaqin odam oʻlgan boʻlishi mumkin. Ammo bu maʻʻlumot tekshirilishi kerak.

Qayd etilishicha, garovga olinganlarni ozod qilish masalasi Isroil jamiyatini ikkiga boʻldi. Hibsga olinganlarning oilalari harbiy harakatlarni toʻxtatish va asirlarni almashishni talab qilmoqda. Biroq Netanyaxu va uning tarafdorlari garovga olinganlar taqdiridan qatʻʻi nazar, HAMAS butunlay yoʻq qilinmaguncha urush olib borish zarur, deb hisoblaydi.

Avvalroq Anadolu Falastindagi manbalariga tayangan holda HAMAS uch bosqichli sulh rejasini qabul qilganini bildirdi. Unga koʻra, har bir bosqich 45 kundan iborat boʻladi.

Mavzuga aloqador