Frantsiya musulmonlari masjiddagi qotillikdan soʻng adolat talab qilmoqda
Oldinroq, Frantsiyadagi masjidda 20 yoshli yigit pichoqlangani haqida xabar bergandik.
Voqeadan soʻng Frantsiya matbuoti ichki ishlar vaziri Bruno Retayoni musulmonlarga qarshi nafratni qoʻzgʻatishda va qotillikka kech munosabat bildirganlikda ayblamoqda.
Le Figaro nashrining yozishicha, Retayo juma kuni La Grand Komb tumanidagi masjidda yosh musulmon Abubakr Sisse oʻldirilganidan soʻng voqea joyiga borishni ikki kunga choʻzgan. Siyosiy mezonlarga koʻra, bu muddat haddan tashqari uzoq muddat hisoblanadi.
Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron ham ushbu hodisaga ikki kun davomida munosabat bildirmagan.
Biroq Makron Kanadaning Vankuver shahrida odamlar ustiga mashina haydab yuborilishi voqeasiga juda tez munosabat bildirgan.
Bosh vazir Fransua Bayru esa shanba kuni kechqurun voqea yuzasidan islomofobiyani qoralagan birinchi rasmiy shaxs boʻldi.
Jinoyat joyidagi videotasvirlardan maъlum boʻlishicha, qotil Islom diniganisbatan haqoratli soʻzlar aytgan va zoʻravonligini davom ettirgan.
Shuningdek, dastlab prokuratura hodisani masjid jamoasi oʻrtasidagi mojaroga bogʻlagan boʻlsada, guvohlarning koʻrsatmalari va videoyozuvlar bu bayonotni rad etdi.
Le Parisien gazetasi esa qotilning aniq islomofobik bayonotlarini ochiqladi. Prokuratura 40–50 marotaba pichoq bilan yaralash orqali qasddan qotillik ishi boʻyicha tergov boshlagan. Prokuror, garchi “islomofobik motiv ehtimoli bor”, deyishiga qaramay, Frantsiya Milliy terrorizmga qarshi prokuraturasi hozircha ishni oʻz zimmasiga olgani yoʻq. Voqea qurboni Sisse oilasining advokatlari esa bu ishni terrorizm sifatida koʻrib chiqishga chaqirmoqda.