Frantsiyadagi masjidda 20 yoshli yigit pichoqlandi
Frantsiyaning Oksitaniya mintaqasida joylashgan La-Gran-Komb qishlogʻidagi masjidda 20 yoshli musulmon Abubakr Sisse vahshiyona tarzda pichoqlab oʻldirildi. Bu haqda euronews xabar berdi.
Xabarga koʻra, qotillik islomofobiya asosida sodir etilgani tahmin qilinmoqda. Jinoyat sodir etilgan paytda masjidda faqat jabrlanuvchi va qotil boʻlgan. Kuzatuv kameralarida gumonlanuvchining haqoratli soʻzlar aytayotgani aniqlangan.
Frantsiya prokurori Abdulkarim Grinining maъlum qilishicha, jinoyatchini ushlash uchun 70 dan ortiq operativ xodim jalb qilingan. Ikki kun davom etgan qidiruvdan keyin 2004 yilda tugʻilgan Olive A. Italiyaning Pistoya shahrida politsiyaga taslim boʻlgan.
Prokuratura jinoyatni ataylab qilingan qotillik sifatida tergov qilmoqda. Jabrlanuvchining oilasi esa ishni terrorchilikka qarshi prokuraturaga topshirishni talab qilmoqda.
Voqea ortidan butun Frantsiya boʻylab islomofobiyaga qarshi norozilik namoyishlari boʻlib oʻtmoqda. La-Gran-Kombda 2 ming kishi ishtirokida “oq yurish” boʻlib oʻtdi. Parijda Respublika maydonida chap partiyalar va fuqarolik tashkilotlari chaqiruvi bilan miting uyushtirildi. Namoyishchilarning qoʻlida “Islomofobiya oʻldiradi, davlat – sherik” va “Abubakr uchun adolat” kabi shiorlar aks etgan edi.