29.07.2024 06:35
676

Eron Isroilni ogohlantirdi



Eron Isroilning ishgʻol ostidagi Golan tepaliklariga uyushtirilgan hujumda Hizbullohni ayblayotganini "oʻylab topilgan stsenariy" deb atadi. Majdal-Shams shahridagi stadionga uyushtirilgan raketa hujumida eng kamida 12 kishi – asosan bolalar halok boʻldi. Hizbulloh ushbu hujumga aloqadorligini "qatʻʻiy ravishda rad etib", hodisaga Isroilning "Temir gumbaz" tizimidagi nosozlik sabab boʻlganini bildirdi.
 
Eron shanba kuni kamida 12 kishining hayotiga zomin boʻlgan Golan tepaliklariga raketa hujumi uyushtirilishi ortidan Isroil Livanga nisbatan “yana bir avantyurizm” tayyorlayotganidan ogohlantirdi.

Isroil bosib olingan Golan tepaliklaridagi Majdal-Shams shahridagi futbol maydoniga raketa hujumida Livanning Hizbulloh guruhini ayblamoqda.

"Razvedkamiz maʻʻlumotlari aniq. Hizbulloh Majdal-Shamsdagi begunoh bolalarning oʻldirilishi uchun javobgardir", – dedi shanba kuni Isroil harbiy voizi Daniel Hagariy.

Biroq Hizbulloh hujumdagi har qanday rolini "qatʻʻiy rad etdi".

Yakshanba kungi bayonotida Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanʻʻoniy “Hizbulloh” hujumda hech qanday rol oʻynamaganini taʻʻkidlab, Isroilni 7 oktyabrdan beri Gʻazo sektoridagi jinoyatlaridan “jamoatchilik fikri va jahon eʻʻtiborini chalgʻitmoqchi”likda aybladi.

U Isroilning Majdal-Shamsga qilingan hujum haqidagi daʻʻvolarini "oʻylab topilgan stsenariy" deb atadi va Tel-Avivning "bu voqeani hukm qilish yoki izoh berishga maʻʻnaviy huquqi yoʻqligini" qoʻshimcha qildi.

Kanʻʻoniy xalqaro hamjamiyatni, xususan, BMT Xavfsizlik Kengashini “tajovuzkor sionistik rejim avanturizmiga qarshi Livan hamda mintaqa barqarorligi va xavfsizligini qoʻllab-quvvatlashga” chaqirdi.

U Isroilning har qanday "ahmoqona harakatlari" "mintaqadagi beqarorlik, ishonchsizlik va urush alangasiga yoʻl ochishi" mumkinligini taʻʻkidlab, ularning oqibatlari uchun javobgarlik Isroil zimmasiga yuklanishini aytdi.

Shuningdek, AQSh hukumatini "global tinchlik va xavfsizlik uchun xalqaro va maʻʻnaviy masʻʻuliyatni bajarishga", Isroilni Gʻazo va boshqa joylarda urush alangasini yoqishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi.

Shanba kungi hujumdan keyin Isroil bosh vaziri Benʻyamin Netanyaxuning idorasi u AQShga safarini qisqartirib, “imkon qadar tezroq” qaytishga qaror qilganini maʻʻlum qildi.