Bu "Netanyaxu urushi" emas, bu Isroilning genotsidi
Falastinda biz guvoh boʻlayotgan falokatni bitta badbaxt rahbarga yuklab qoʻyish toʻgʻri emas! Xalqim boshiga tushgan bu musibatlarda faqat Isroil bosh vaziri aybdor emas. Bugun Isroil bombalari Gʻazoning har bir burchagini vayron qilayotganiga, vayronalar ostida bolalar halok boʻlayotganiga faqat uni ayblamagan boʻlardim. Men 2013 yilda, Gʻazoda xalqimning qirgʻin qilinayotganini xabarlarda eshitganimda ham faqat uni ayblamadim.
Men, oilam va xalqim yaxshi bilamizki, bugun biz Falastinda guvoh boʻlayotgan narsa "Netanyaxuning urushi" emas. Bu odam uzluksiz ishlaydigan urush mashinasi – Isroilning yana bir "murvati" xolos.
Agar siz Falastin huquqlari va Qoʻshma Shtatlardagi ilgʻor insonparvarlik gʻoyalari himoyachisi boʻlgan senatorlar Berni Sanders yoki Elizabet Uorrenga quloq tutsangiz, Falastin tuproqlarida soʻnggi 75 yil buyon sodir boʻlayotgan hamma narsaga aybdor deb faqat bitta odamni koʻrsatishadi, bugun u Netanyaxu.
Sanders isroilning Gʻazoga qarshi davom etayotgan hujumini "Netanyaxu urushi" deb atab, AQShdan "Netanyaxuga boshqa pul bermaslikni" talab qilmoqda. Ayni paytda, Uorren oʻt ochishni toʻxtatishga chaqirar ekan, "Netanyaxuning muvaffaqiyatsiz boshqaruvini" qoraladi.
Bu ilgʻor senatorlar Falastindagi barcha ogʻriq va azob-uqubatlarning sababichisini aniqlab boʻlishgan: oʻta oʻngchi, oʻlaksaxoʻr bosh vazir mojaroni davom ettirishga intiladi, negaki bu uning hokimiyatini saqlab qolishga yordam beradi.
Albatta, Netanyaxu yovuz. Albatta, u uzoq faoliyati davomida falastinliklar va insoniyatga qarshi son-sanoqsiz jinoyatlar qildi. Albatta, u qisman oʻzining siyosiy faoliyatini saqlab qolish uchun Gʻazodagi qirgʻinni kuchaytirishda davom etmoqda. Tabiiyki, u xalqimiz boshiga azob-uqubat solgan gaplari va qilmishlari uchun javob berishi shart. Ammo bugungi kunda Gʻazoda va bosib olingan Falastin hududida namoyon boʻlayotgan irqchilik, ekstremizm va genotsid qasdiga faqatgina Netanyaxuning oʻzini ayblab boʻlmaydi.
Isroilning inson huquqlarini ochiqdan-ochiq poymol etishi, xalqaro huquqni mensimasligi va oshkora urush jinoyatlariga qoʻl urishida faqat Netanyaxuni ayblash Sanders va Uorren kabi liberallar uchun qarshi kurashish mexanizmidan boshqa narsa emas.
Ular Falastin xalqi duchor boʻlgan hamda boʻlayotgan zulm va musibatlar sababchisi sifatida Netanyaxuni koʻrsatish bilan «Isroil davlati etnik tozalash emas, balki ilgʻor gʻoyalar asosida bunyod boʻlgan», degan yolgʻonni keng yoyishga xizmat qilmoqdalar.
Netanyaxuni ayblash orqali goʻyo «Isroil oʻzi xalqaro gumanitar qonunlarni hurmat qiladigan davlat, ammo hozirda yomon rahbar tomonidan boshqarilarayotgani uchun shunday ishlar sodir boʻlmoqda», deb koʻrsatish bilan ular oʻzlarini va umuman AQShni Isroilning koʻplab urush jinoyatlariga sheriklikdan soqit qilmoqdalar.
Albatta, Sanders, Uorren va bu tushunchani olgʻa surayotganlar yaxshi bilishadi, Netanyaxu ketganidan keyin ham Isroil-Falastin "mojarosi" sehrli tarzda yoʻqolib qolmaydi, falastinliklar ham shu ondayoq ozodlik va adolatga erishib qolmaydilar.
Axir, ular bir necha yil oldin AQShda shunga oʻxshash stsenariyni koʻrishgan. Odamlar, agar Tramp Oq uydan chetlatilsa, u koʻtargan va provokatsiya qilgan muammolar barham topishini aytishgandi. Amerika demokratiyasi saqlanib qoladi, hammasi risolasiga qaytadi deyilgan edi.
Keyin nima boʻldi? Tramp prezidentligi yakunlanganiga ham deyarli toʻrt yil boʻldi, lekin biz hali ham mamlakat boʻylab irqchilik, tengsizlik, qurol zoʻravonligi va qashshoqlik avj olib turganini yaqqol koʻrib turibmiz.
Bu muammolar Tramp prezidentligidan keyin moʻʻʻjizaviy tarzda tuzalib qolmadi, chunki ularni Trampning oʻzi yaratmagan edi. Bu "Tramp" muammolari emas, balki Amerika muammolari edi. Bundan tashqari, Trampning kelasi yili Oq uyga qaytishi uchun real imkoniyat mavjud, chunki millionlab amerikaliklar uni va siyosatini faol qoʻllab-quvvatlamoqda.
Xuddi shu narsa Netanyaxu va Isroilga ham tegishli. Netanyaxu Isroilning ilgʻor, demokratik asoslariga xiyonat qildi va bugun biz Gʻazoda guvoh boʻlayotgan "insonparvarlik falokatiga" sabab boʻldi degan fikr, koʻchmanchilar mustamlakasi sifatida Isroilga xos boʻlgan tizimli zulmni eʻʻtibordan chetda qoldiradi.
Sanders va boshqalar Isroil mohiyatan sotsialistik asoslarga ega, ersiz xalq tomonidan “xalqsiz er”da qurilgan degan sionistik afsonaga ishonishni istashlari mumkin. Ammo ular Falastin hech qachon "xalqsiz hudud" boʻlmagani haqidagi faktni inkor qilolmaydilar. Darhaqiqat, Isroilning barpo etilishi bilan u erning tub aholisi boʻlgan yuz minglab falastinliklar haydab chiqarildi, Isroilning "yahudiy millati" sifatida omon qolishi esa uning "Milliy davlat toʻgʻrisida"gi qonunida taʻʻkidlanganidek, doimiy zulm, falastinliklar huquqlarini suiisteʻʻmol qilishni taqozo etadi.
Bugungi kunda millionlab falastinliklar Isroil zulmi ostida yashamoqda, minglab odamlar hayotdan koʻz yumyapti. Qolaversa, ular aparteidga ham duchor boʻlmoqda.
Bu asossiz va adolatsiz faoliyatni Netanyaxu va uning hukumati yaratishga qodir emas.
Isroil davlati boshidanoq oʻzining uzoq muddat yashashini Falastinni etnik tozalash, «falastinlik» degan kimlikni butunlay yoʻq qilish va oʻz erlarida qolgan falastinliklarga zulm qilish evaziga bogʻlagandi. Isroilning sobiq bosh vaziri Golda Meir "Vashington Post" gazetasida 1969 yilda – Netanyaxu hukmronligi boshlanishidan oʻn yillar oldin "Falastinliklar degan narsa yoʻq" deb yozgan edi.
Albatta, isroillik soʻllar oʻzlarining qishloq xoʻjaligiga asoslangan jamoaviy yashash tarzini sotsialistik orzu sifatida targʻib qilishadi, koʻplab isroilliklar oʻz mamlakatlaridagi "demokratiya" bilan faxrlanadilar. Ammo buni eʻʻtirof etish uchun, avvalo bunday sotsialistik guruhlarni yaratish maqsadida oʻz erlaridan surib chiqarilgan va toʻliq Isroil nazorati ostida yashayotganiga qaramay, uning demokratiyasidan bahramand boʻla olmaydigan falastinliklarning ham inson ekanini inkor etishingizga toʻgʻri keladi.
Gʻazoda genotsid boshlanishidan avval isroilliklar bir necha oy davomida Netanyaxuning mamlakat huquqiy tizimi va demokratiyasiga etkazgan zarariga qarshi ommaviy norozilik bildirishgandi. Ammo, aynan shu odamlar falastinliklar oʻldirib yoki tahqirlab, erlarini oʻz davlati va harbiylari bosib olishiga qarshi hech qanday norozilik bildirmadilar, lom mim demadilar ham.
Noyabr oyida, genotsidning yangi toʻlqini boshlanganiga toʻliq bir oy boʻlganida, isroilliklarning atigi 1,8 foizi Isroil harbiylari Gʻazoda qurol kuchidan foydalanayotganiga ishonishlarini aytgan edilar va endi, genotsiddan besh oy oʻtgach, isroilliklarning taxminan 40 foizi Gʻazodagi yahudiy aholi punktlari tiklanishini koʻrishni istamasliklarini bildirishdi.
Aftidan, minglab nobud boʻlgan yoki mayib boʻlgan falastinliklarning suratlari isroilliklar uchun unchalik ham ahamiyatli emas.
Bolalarining jasadi qoldiqlarini polietilen paketlarga solib koʻtarib ketayotgan otalar, oʻldirilgan goʻdaklarining qonga belangan jasadlarini koʻrib yigʻlayotgan onalarning videolari ularni sira taʻʻsirlantirmaydi.
Ular vayronalar ostida qolib ketgan och nahor bolalar yoki urush oqibatida yuzaga kelgan ocharchilik mahali majburlikdan qush goʻngi eb zaharlangan yosh bolalar haqida qaygʻurmaydi.
Ular harbiylarning begunoh odamlarga etkazayotgan musibatlariga shunchaki befarq boʻlibgina qolmay, ocharchilik yoqasida turgan falastinliklarga yordam etib bormasligi uchun chegara darvozalari oldida norozilik bildirishmoqda.
Ularning aksariyati bir yil oldin Netanyaxuning demokratiyaga qilgan hujumiga qarshi norozilik bildirish uchun koʻchalarga chiqqan isroilliklar edi...
Shunday qilib, biz bugun Falastinda guvoh boʻlayotganimiz insoniy falokat Sanders va Uorren qatʻʻiy daʻʻvo qilganidek, "Netanyaxu urushi" emas. Bu genotsid Netanyaxuning hokimiyat tepasiga kelishi bilan boshlanmagan va uning hukmronlikdan ketishi bilan tugamaydi.
Netanyaxu Isroil siyosatida oʻz oʻrniga ega boʻlishidan ancha oldin koʻchmanchilar falastinliklarni oʻz erlari, uylari va hayotidan mahrum qilishni boshlagan edi. Falastinliklar u bosh vazir boʻlishidan ancha oldin ochiq qamoqxonalarda yashashga majbur etilgandi.
Muammo Netanyaxuda yoki boshqa bir isroillik siyosatchi yo generalda emas.
Muammo Isroil ishgʻolining oʻzida.
Muammo oʻz xavfsizligi va hayotini aparteid tizimiga hamda tub erli aholini qatagʻon qilish asosiga qurgan koʻchmanchilar mustamlakasidadir.
Bu Netanyaxu urushi emas, bu – Isroil genotsidi!
Ahmad Ibsays,
Amerikada yashovchi falastinlik,
huquqshunos