20.11.2024 13:36

Bombalanayotgan Gʻazo: 411-kunning asosiy voqealari



Isroil Gʻazo sektorida bosqinchilik va qirgʻinbarot urushini boshlaganiga 411 kun boʻldi. 24 soat davomida Gʻazo sektori, Iordan daryosining Gʻarbiy sohili hamda butun Yaqin Sharq hududida sodir boʻlgan asosiy voqealar.

▪️Bosqinchilar Bayt Lahiya, Tal al-Hava hududi, Nuseyrat va Jabaliya lagerlariga hujum qildi. Kun davomida 28 kishi halok boʻldi. Urush boshlanganidan buyon 43972 kishi shahid boʻldi.

▪️Kamol Advan kasalxonasiga uch soatlik hujum chogʻida muassasaning tomi va yuqori qavatlari vayron qilindi. Kasalxonada bolalar, keksalar, ayollar bor edi. Kasalxonaga har kuni toʻyib ovqatlanmaydigan bolalar turli kasalliklarga chalinib kelmoqda.

▪️Gʻazo fuqarolik mudofaasi: Ishgʻol samolyotlarining nishonidamiz. Al-Sabra hududida qutqaruv ishlari olib borilayotganda bizga qarata oʻt ochildi. Bir qutqaruvchi halok boʻldi, yana 3 nafari yaralandi.

▪️"Al-Jazira" muxbiri va jurnalist Xosam Shabat Isroilning Gʻazo shahrini bombalashi natijasida yaralandi. Bosqinchilar uni xizmat paytida nishonga olishgan.

▪️Gʻarbiy Sohilda ishgʻolchilar Ramallah, Jenin, Al-Xalil, Quddus va Nablusga hujum qildi. Jeninda portlash tovushlari eshitildi. Jenin lagerining 5 nafar fuqarosi shahid boʻldi, 9 nafari yaralandi.

▪️BMT: 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil Gʻarbiy Sohilda 171 nafar bolani oʻldirdi.

▪️Livandagi qarshilik jangchilari mamlakat janubidagi Markaba shahri chekkasida bosqinchilarning piyoda askarlariga, ularning harbiy qutqaruvchilari va qutqaruvchilarga raketa bilan hujum qildi. Bosqinchilarning uchta otryadi yoʻq qilindi.

▪️Bosqinchilar Bekaa vodiysi, Livan janubidagi Xanin, Al-Jubeyn, Al-Mansuri, Naqura, Aytit, Zibqin va Tir shaharlariga yirik hujumlar uyushtirdi. Isroilning Livandagi tajovuzi boshlanganidan beri 3481 kishi halok boʻldi, 14786 kishi yaralandi.

▪️Xusiylar Adan koʻrfazida turk yuk kemasiga ikki marta hujum qildi. Yuk kemasi Isroilga yoʻl olgan va Yaman harbiy-dengiz kuchlarining ogohlantirishiga eʻʻtibor bermagan.