Isroil Gʻazo sektorida bosqinchilik va qirgʻinbarot urushini boshlaganiga 181 kun boʻldi. 24 soat davomida Gʻazo sektori, Iordan daryosining Gʻarbiy sohili hamda butun Yaqin Sharq hududida sodir boʻlgan asosiy voqealar.

▪️ Bosqinchilar Rafah, Dayr al-Balah va Xon Yunisga hujum qildi. Kun davomida 5 ta ommaviy qirgʻin sodir etdi, buning natijasida 62 kishi shahid boʻldi, 91 kishi yaralandi.

▪️ Qirgʻinbarot boshlangan 7 oktyabrdan buyon Isroil hujumlari natijasida jami 32 975 falastinlik, jumladan, 14280 nafar bola va 9340 nafar ayol halok boʻldi, 75 668 kishi jarohatlandi.

▪️ Isroil armiyasi hujumlari natijasida Gʻazoda yana ikki jurnalist – “Quddus ovozi” radiosi boshlovchisi va muharriri Muhammad es-Sayyid Abu Sahil hamda raqamli kontent muharriri Tariq es-Sayyid Abu Sahil halok boʻlgan. Bu bilan 2023 yil 7 oktyabrdan beri Gʻazo sektorida halok boʻlgan jurnalistlar soni 140 nafarga etdi.

▪️ Gʻarbiy Sohilda bosqinchilar Jenin, Baytlahm va Xalil lagerlariga bostirib kirishdi. Jeninda qarshilik kuchlari bosqinchilarga qarshi ikkita portlovchi moslamani ishga tushirdi.

▪️ Al-Qasam brigadalari: Kissifim, Sderot va Niramga raketa zarbasini berdik.

▪️ YuNRVA: Isroil Gʻazo shimoliga oziq-ovqat etkazib berishni toʻsib qoʻyishda davom etmoqda.

▪️ Human Rights Watch: Oktyabrʻ oyi oxirida Isroil armiyasining turar-joy binosiga uyushtirgan hujumida 106 falastinlik oʻldirilganini tekshirdik. Shubhasiz, bu urush jinoyati.

▪️ Isroillik garovga olinganlarning oilalari Isroil parlamentida norozilik namoyishi oʻtkazdi. Derazalarga boʻyoq surtib, Knesset aʻʻzolariga oʻz talablarini baqirgan namoyishchilar hukumatni HAMAS qoʻli ostidagi yaqinlarini ozod qilish uchun chora koʻrishga chaqirdi.

▪️ Jahon banki va BMTning qoʻshma hisobotida oktyabrdan yanvargacha boʻlgan davrda Gʻazo infratuzilmasiga etkazilgan zararlar qariyb 18,5 milliard dollarga baholanayotgani maʻʻlum qilindi.

▪️ Bir qancha musulmon tashkilotlari Jo Baydenning Isroilni qoʻllab-quvvatlagan siyosatiga norozilik sifatida Oq uyda tashkil etilgan iftorni boykot qilib, prezident qarorgohi tashqarisida oʻz iftorliklarini uyushtirdi. Tadbir “Oq uyning oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi xalq iftori” deb nomlandi.

▪️ Urush boshlanganidan buyon Turkiya Gʻazoga 42 ming tonna insonparvarlik yordamini yubordi. Umumiy yordamning 23 foizini etkazgan Turkiya BAAdan keyingi ikkinchi davlat boʻldi.

▪️ AQSh prezidentining Yaman boʻyicha maxsus vakili Tim Lenderking Qoʻshma Shtatlar husiylar Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarini toʻxtatsa, ularni terrorchilik tashkilotlari roʻyxatidan olib tashlashi mumkinligini bildirdi.

 

Mavzuga aloqador