Isroil Gʻazo sektorida bosqinchilik va qirgʻinbarot urushini boshlaganiga 178 kun boʻldi. 24 soat davomida Gʻazo sektori, Iordan daryosining Gʻarbiy sohili hamda butun Yaqin Sharq hududida sodir boʻlgan asosiy voqealar.

▪️ Kun davomida Gʻazoning turli qismlari, jumladan, Xon Yunisda ishgʻolchilar va qarshilik kuchlari oʻrtasida qizgʻin janglar boʻlib oʻtdi. Isroil bombalari 77 kishining hayotiga zomin boʻldi, 108 kishi jarohatlandi.

▪️ Gʻazo sektoridagi “Al-Aqso shahidlari” kasalxonasiga uyushtirilgan hujumlar natijasida 4 kishi falastinlik halok boʻldi, 17 nafari jarohatlandi.

▪️ Gʻarbiy Sohildagi Tal-Az-Sabada ishgʻolchilar HAMAS etakchisi Ismoil Haniyaning opasining uyiga hujum qilib, soʻngra ayolni hibsga oldi.

▪️ Ishgʻolchilar 2 haftalik qamaldan soʻng Gʻazodagi Shifa kasalxonasi va uning atrofini tark etdi. Tark etishdan avval shifoxona binolaridan birini yoqib yubordi. Mahalliy aholining soʻzlariga koʻra, shifoxona hovlisi va atrofidan 100 dan ortiq shahidlarning jasadi topilgan.

▪️ AQSh Harbiy Havo Kuchlarining amerikalik uchuvchisi Lappi Xept Gʻazodagi xavfli vaziyatga eʻʻtibor qaratish maqsadida ochlik eʻʻlon qildi.

▪️ Ishgʻol ostidagi Xalilda (Xevron) 19 yoshli falastinlik Moamman Fayoz Al-Makalma pichoq bilan uch bosqinchi askarini jarohatladi. Moamanning oʻzi halok boʻldi.

▪️ Quddusda 100 mingga yaqin odam Netanyaxu va uning hukumatiga qarshi norozilik bildirish uchun namoyishga chiqdi.

▪️ AQSh Markaziy qoʻmondonligi (CENTCOM) Gʻazo shimolidagi hududlarga havodan 50 mingdan ziyod portsiya ekvivalentidagi oziq-ovqat va suv koʻrinishidagi insonparvarlik yordamini tashladi.

▪️ Isroil havo kuchlari Suriya poytaxti Damashq hududidagi bir qancha nishonlarga zarba berdi. Hujum natijasida bir qancha tinch aholi vakillari jarohatlangan, mol-mulklarga zarar etgan. Suriya havo hujumidan mudofaa tizimlari dushmanning bir nechta raketalarini urib tushirgan.

Mavzuga aloqador