27.06.2024 12:48

Boliviyada harbiylar davlat toʻntarishi uyushtirmoqchi boʻldi



Kecha, 26 iyunʻ kuni Boliviyada harbiylar davlat toʻntarishi tashkil etishga urindi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Maʻʻlum boʻlishicha, Boliviya armiyasi qoʻmondoni, general Xuan Xose Suniga boshchiligidagi bir guruh harbiylar mamlakat rahbariyatiga qarshi isyon koʻtargan. Harbiylar qisqa muddatda prezident saroyi va poytaxtning muhim strategik va mudofaa obʻʻektlarini egallab olishga uringan.

Boliviya prezidenti Luis Arse xalqni demokratiyani himoya qilish uchun “uyushish va harakatga kelishga” chaqirgan. Poytaxt La-Pasdagi hukumat binolarini oʻrab olgan isyonchi askarlar va zirhli harbiy mashinalar yoʻlini toʻsishga, ularni harakatdan toʻxtatishga chaqirgan.

Qayd etilishicha, isyonchi askarlar milliy ijroiya va qonun chiqaruvchi idoralar joylashgan Murillo Plaza markaziy maydonida asosiy kuchlarini toʻplagan. Keyinchalik aynan ushbu maydondan yuborilgan zirhli mashinalar prezident saroyiga kirishga uringan.

Mamlakat rahbari murojaati bilan tinch aholi harbiylarga qarshi norozilik bildirib koʻchaga chiqqan. Poytaxtning markaziy nuqtalarida harbiylar va tinch aholi oʻrtasida toʻqnashuvlar kelib chiqqan.

Shundan soʻng isyonchi harbiylar orasida kelishmovchilik chiqib, xalq bilan qarama-qarshi boʻlishni istamagan armiya guruhlari oʻz pozitsiyalarini tark etgan.

Boliviya maxsus operatsion kuchlari hali isyon davom etayotgan bir paytda gʻalayon tashkilotchilarini hibsga olish uchun operatsiya boshlagan. Tadbir oʻta muvaffaqiyatli tashkil etilib, toʻntarish tashkilotchisi, oldinroq qoʻmondonlikdan boʻshatilgan Xuan Xose Suniga hibsga olingan.

Qoʻlga olinishidan oldin eʻʻlon qilgan soʻnggi murojaatida Suniga isyon maqsadi demokratiyani tiklash, mamlakatni qutqarish ekanligini aytgan. Amaldagi hukumatni layoqatsizlikda ayblagan. Siyosiy mahbuslarni ozod qilishga vaʻʻda bergan.

Isyon davom etayotgan bir paytda Boliviya armiyasining yangi tayinlangan generali Xose Sanchez barcha qurolli guruhlarga harakatni toʻxtatishni buyurgan. Rahbari qoʻlga olingan isyonchilar buyruqqa boʻysunib, shahar markazini tark etgan.

Boliviyada davlat toʻntarishiga muvaffaqiyatsiz urinishdan soʻng uch nafar harbiy rahbar qoʻlga olingani taadiqlangan. Ular orasida general Xuan Xose Sunigadan tashqari harbiy-havo kuchlari generali Marselo Xavʻer Segarra va vitse-admiral Xuan Arnes Salvador ham bor. 

Boliviya Bosh prokuraturasi Sunigaga qarshi tergov harakatlari boshlanganini maʻʻlum qildi. Davlat toʻntarishi uyushtirishga aloqador boʻlganlarni ham aniqlash ishlari davom etmoqda.

Mavzuga aloqador