01.03.2024 10:33

BMT uchun “dahshat”, AQSh uchun - “jiddiy hodisa”, Isroil uchun esa “tahdid va talonchilik”

Isroil Gʻazoda gumanitar yordam kutayotgan tinch aholi vakillarini qirgʻin qilishi butun dunyo boʻylab keskin munosabatlarga sabab boʻlmoqda. Ushbu hodisani BMT “dahshat”, AQSh “Jiddiy hodisa” deb atagan boʻlsa, Isroil gumanitar yordamga yopirilgan odamlarni bir-biri bilan janjallashib, yuk mashinasini talon-toroj qilganlikda aybladi – munosabatlar.

Kuni kecha Isroilning Gʻazo sektorida insonparvarlik yordamini kutayotgan falastinliklarga hujum qilishi natijasida eng kamida 104 kishi halok boʻldi, 760 kishi jarohatlandi. Hodisa butun dunyoda keskin noroziliklarga sabab boʻlmoqda, turli xalqaro tashkilotlar, hukumatlar oʻz munosabatini bildirmoqda. Azon Global ularning ayrimlarini bir joyga jamladi.

BMT

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bosh kotibi Antonio Guterrish Gʻazo sektorida isroilliklar yordam kutayotgan 100 dan ortiq tinch aholini oʻldirgan hujumni qoralab, Gʻazodagi qurbonlar soni 30 mingdan oshgani, 70 mingdan ortiq jarohatlangani va vayronalar ostida qolib ketgan nomaʻʻlumlar sonidan "dahshatga tushgani" taʻʻkidladi.

Guterrish Gʻazoning barcha hududlariga zudlik bilan gumanitar yordam etkazib berish uchun kanallar ochish zarurligini qayd etdi.

BMT bosh kotibining Insonparvarlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari va Favqulodda yordam koordinatori Martin Griffits “Gʻazoning gʻarbiy qismiga insonparvarlik yordamlarining etkazilishi chogʻida bugun yuzlab insonlarning halok boʻlgani va yaralangani haqidagi xabardan hayratdaman”, deb yozdi.

"Qariyb besh oylik shafqatsiz harbiy harakatlardan keyin ham Gʻazo bizni larzaga keltira olmoqda", deb taʻʻkidlagan diplomat Gʻazoda hayot dahshatli surʻʻatda oʻlib borayotganini qoʻshimcha qildi.

Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Jamiyatlari Federatsiyasi

Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Jamiyatlari Federatsiyasi (IFRC) bosh kotibi Jagan Chapagain Isroilning Gʻazodagi hujumi va yordam kutayotgan 100 dan ortiq tinch aholining hayotiga zomin boʻlganidan qaygʻusini bildirdi.

Chapagain X ijtimoiy tarmogʻida 100 dan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgan va yuzlab kishining jarohatlanishiga sabab boʻlgan fojiali voqea haqidagi xabardan chuqur qaygʻuga tushganini qayd etdi. “Bu tinch aholining nochor ahvolini eslatib turadi. Gʻazoda hech qanday xavfsiz joy yoʻq va qochish uchun boshqa joy yoʻq”, deb yozdi u.

Bosh kotib barcha tomonlarni xalqaro gumanitar huquq boʻyicha oʻz majburiyatlarini zudlik bilan bajarishga va tinch aholini himoya qilishga chaqirdi: “Mustahkam tinchlik va barqarorlikka boʻlgan ehtiyoj hech qachon hozirgidek kuchli boʻlmagan”.

Evropa Ittifoqi

Evropa Ittifoqi tashqi idorasi vakili:

“Gʻazoda yordamga muhtoj boʻlgan tinch aholining navbatdagi qirgʻini haqidagi xabarni eshitib, dahshatga tushdim.

Odamlarni oziq-ovqat yordamidan mahrum qilish xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishi hisoblanadi.

Gazoga gumanitar yordam toʻsiqlarsiz kirib kelishiga ruxsat berilishi kerak”.

Amnesty International

Gʻazo sektorida yordam olishga urinayotgan oʻnlab falastinliklar halok boʻlgani va yaralangani haqidagi dahshatli xabarlar yuzasidan tergov boshlanishi kerak.

Isroil xalqaro huquq va xalqaro sudning Falastinliklar genotsidining oldini olish boʻyicha qarorlarini buzmoqda.

Ben-Gvirning Isroil askarlarini xavf ostiga qoʻygani sababli "yordamni toʻxtatish" haqidagi chaqiriqlari gʻayritabiiy va gʻayriinsoniydir.

AQSh

Oq uy Milliy Xavfsizlik Kengashi voizi “Anadolu” agentligi muxbirining Gʻazoda gumanitar yordam kutayotgan Isroil kuchlari tomonidan halok boʻlgan tinch aholi haqidagi savoliga yozma javob berdi.

“Bu jiddiy voqea va biz barcha tafsilotlarni koʻrib chiqamiz. Biz begunoh insonlarning halok boʻlganidan qaygʻuramiz va begunoh falastinliklar oʻz oilalarini boqish uchun kurashayotgan Gʻazodagi ogʻir gumanitar vaziyatni tan olamiz. Bu holat Gʻazoga insonparvarlik yordami oqimini saqlab qolish va kengaytirish, jumladan, vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatish muhimligini yana bir bor taʻʻkidlaydi”, — deyiladi Oq uy bayonotida.

Frantsiya

Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron: “Gʻazoda Isroil askarlari tomonidan tinch aholini nishonga olganidan chuqur gʻazabdamiz. Men bu otishmalarni qattiq qoralayman hamda haqiqat, adolat va xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqiraman”.

Misr

Qohira Isroil harbiylarining Gʻazo sektorida gumanitar yordam olish uchun navbatda toʻplangan odamlarni oʻqqa tutishini qoraladi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytiladi.

Vazirlik voqeani "uyatli va gʻayritabiiy fakt" deb atadi.

Misr tashqi ishlar vazirligi bunday harakatlar xalqaro huquq va insonparvarlik qadriyatlari hamda BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining ochiqdan-ochiq buzilishi ekanligini taʻʻkidladi.

Misr xalqaro hamjamiyatni Isroil Gʻazo sektori tinch aholini himoya qilish va xalqaro qonunlarga rioya qilish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun unga bosim oʻtkazishga chaqirdi.

Kolumbiya

Kolumbiya prezidenti Gustav Petro Isroil bosh vaziri Benʻyamin Netanyaxu gʻazoliklarning oʻldirilishi uchun shaxsan javobgar ekanini maʻʻlum qildi.

"Netanyaxu oziq-ovqat soʻragan 100 dan ortiq falastinlikni oʻldirdi. Bu genotsid deb ataladi va jahon kuchlari buni tan olishni istamasa ham Xolokostga oʻxshaydi", deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻidagi blogida.

Petroning qoʻshimcha qilishicha, Kolumbiya Isroildan barcha qurol sotib olishni toʻxtatmoqda.

Isroil

Isroil xavfsizlik kuchlaridagi manbalar “Anadolu” muxbiriga Gʻazo sektorida gumanitar yordam uchun navbatning oʻqqa tutilishi bilan bogʻliq voqeani izohladi.

Isroillik manbaning soʻzlariga koʻra, insonparvarlik yordami olib ketilgan yuk mashinalari yonidan oʻtayotgan harbiylar yuk mashinalarini oʻrab turgan toʻdadan ularga yaqinlashib kelayotgan odamlarni tahdid sifatida koʻrgan. Manbalar Isroil askarlari vaziyatga oʻt ochish orqali javob berganini tan oldi.

Agentlik suhbatdoshlarining aytishicha, ayni paytda hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Isroil armiyasi bayonotiga koʻra, "Gʻazoliklar yuk mashinalarini oʻrab olib, yordam vositalarini talon-toroj qila boshlagan, baʻʻzilari esa hodisadan keyingi talotoʻp va tiqilinchda yaralangan".

Mavzuga aloqador