20.12.2023 18:20

BMT 40 yildan buyon ilgari surib kelinayotgan rezolyutsiyani qabul qildi

BMT Bosh Assambleyasi Pokiston 40 yildan buyon ilgari surib kelayotgan “Xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini umumbashariy roʻyobga chiqarish” rezolyutsiyasini qabul qildi.

Isroil armiyasining qamaldagi Gʻazo sektoriga hujumlari kuchayishi fonida BMT Bosh Assambleyasi Pokiston tashabbusi bilan “Xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini umumbashariy roʻyobga chiqarish” rezolyutsiyasini qabul qildi.

Pokistonning BMTdagi missiyasi seshanba kungi bayonotida rezolyutsiya turli mintaqalardagi koʻplab mamlakatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangani va konsensus bilan qabul qilinganini bildirdi.

Qayd etilishicha, xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqi BMT Ustavining 1-moddasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar hamda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi paktlar, shuningdek, Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturida mustahkamlangan asosiy tamoyildir.

Rezolyutsiyada “chet el istilosi, mustamlaka hukmronligi va qullik” ostida yashayotgan xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini roʻyobga chiqarishni «soʻzsiz» qoʻllab-quvvatlash yana bir bor tasdiqlandi.

“U chet el ishgʻollari, aralashuvi va tajovuzkorlik harakatlariga keskin qarshilik koʻrsatadi hamda masʻʻul davlatlarni bunday harakatlarni zudlik bilan toʻxtatishga chaqiradi”, — deyiladi bayonotda.

Xabarda Islomobod qirq yildan ortiq vaqt davomida ushbu muhim rezolyutsiyani BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etib kelayotgani aytiladi.

Har yili taqdim etib kelinayotgan tashabbus xalqaro qonunchilik hamda BMTning koʻp sonli rezolyutsiyalarida mustahkamlangan oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqidan mahrum boʻlgan Hindistonning noqonuniy bosib olingan Jammu va Kashmir hamda ishgʻol ostidagi Falastin hududlarini oʻz ichiga olgan xalqaro miqyosda tan olingan xorijiy bosqinchilik sharoitida yashayotgan xalqlarga umid xabarini yuboradi”, - deya qoʻshimcha qildi u.

Mavzuga aloqador