23.10.2024 10:45
568

BMT: 2014 yildan beri Ukraina aholisi 10 million kishiga kamaydi

BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi maʻʻlumotlariga koʻra, 2014 yildan beri Ukraina aholisi taxminan 10 million kishiga kamaydi (faqat 2022 yildan soʻng – 8 millionga). Jumladan, 6,7 million kishi qochqin sifatida xorij mamlakatlariga chiqib ketdi. Shuningdek, urush paytida kamida 11973 nafar tinch aholi halok boʻlgan.

2014 yildan beri Ukraina aholisi taxminan 10 million kishiga kamaydi (faqat 2022 yildan beri 8 millionga). Seshanba kuni Jenevada jurnalistlar uchun oʻtkazilgan brifingda BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi vakili Florens Bauer ushbu maʻʻlumotlarni taqdim etdi.

"Bu inson kapitalining katta yoʻqotilishini anglatadi, bilamizki, bu Ukrainaning kelajagini tiklash va qurish uchun juda muhim", - dedi Bauer.

Uning soʻzlariga koʻra, urush Ukraina demografik muammolarini yanada ogʻirlashtirdi: "Rossiyaning toʻliq miqyosli bosqini" boshlanganidan soʻng mamlakatda tugʻilish koʻrsatkichi har bir ayolga bitta bolaga tushdi. Bauerning qayd etishicha, bu Evropadagi eng past, dunyoda esa eng past koʻrsatkichlardan biri.

"Millionlab odamlar oʻz uylarini tashlab ketishdi, 6,7 million kishi qochqin sifatida xorijga ketdi, Ukrainaning koʻplab mintaqalari aholisi kamaydi, asosan voyaga etmaganlar, keksalar qolmoqda", - dedi u.

Bauer qurolli mojaro qurbonlarini ham esladi. BMTning Inson huquqlari boʻyicha boshqarmasi (OHCHR) maʻʻlumotlariga koʻra, urush paytida kamida 11973 nafar tinch aholi halok boʻlgan.

Mavzuga aloqador