11.08.2025 07:00
98

Asl qiyofasi fosh boʻlayotgan isroil "Al-Jazira"ning besh xodimini oʻldirdi



Kecha, 10 avgust kuni kechqurun bosqinchi isroil Gʻazodagi “ash-Shifo” kasalxonasi yaqinida joylashgan "Al-Jazira" xodimlarining chodiriga hujum qildi. Oqibatda telekanalning 28 yoshli taniqli muxbiri Anas ash-Sharif va uning toʻrt hamkasbi halok boʻldi.

Shahid etilganlar qatorida telekanal muxbiri Muhammad Qriyqah, operatorlar – Ibrohim Zohir, Muxammad Navfal va Moʻmin Aliva ham bor edi.

Gʻazodan keng qamrovli reportajlari bilan tanilgan Anas oʻldirilishidan biroz oldin “X” ijtimoiy tarmogʻida sionistlar Gʻazoning sharqiy va janubiy qismlarini qattiq bombalayotgani haqida yozgandi.

“Toʻxtovsiz bombardimon… Oxirgi ikki soat mobaynida isroilning Gʻazo shahriga tajovuzi kuchaydi”, degandi u oʻz xabarida.

Sionistlar Anasning oʻldirilishi haqida bergan bayonotida isroil oddiy muxbirni HAMAS guruhining “hujumlarni yoʻnaltiruvchi boʻlimi rahbari” boʻlganlikda aybladi. 

Biroq Euro-Med Human Rights Monitor tahlilchisi Muhammad Shahada bu kabi daъvolar mutlaqo asossiz ekanini maъlum qildi. Oldinroq, sionistlar tomonidan moliyalashtiriladigan OAVlar isroilning Gʻazodagi vahshiyliklarini haspoʻshlab, asl holat aks ettirilgan xabarlarni "feyk" deya jar sola boshlagandi. Falastinliklar qirgʻinini jamoatchilikdan berkitolmayotgan isroil jurnalistlarni oʻldirishga zoʻr bermoqda.

Maъlumot uchun, Gʻazodagi qirgʻin boshlanganidan beri bosqinchi isroil armiyasi 200 dan ortiq jurnalist va media xodimlarini oʻldirgan.

Mavzuga aloqador