Asadning Suriya boyliklarini olib qochishiga Rossiya va BAA yordam bergan
Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad 2024 yil dekabrь oyida oʻz rejimi qulashidan oldin, oila aъzolari, sodiq yordamchilari, katta miqdordagi naqd pullar, maxfiy hujjatlar va qimmatbaho buyumlarini yashirincha Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) olib qochgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Maъlum qilinishicha, operatsiyani Asadning yaqin odami va iqtisodiy maslahatchisi Yasar Ibrohim tashkil qilgan. Bu maxfiy operatsiya uning WhatsApp yozishmalari, sunъiy yoʻldosh tasvirlari va uchish maъlumotlari oʻrganilgach fosh etildi.
Gambiya roʻyxatidagi C5-SKY bort raqamli Embraer Legacy 600 samolyoti 6–8 dekabrь kunlari Damashq va BAA orasida toʻrt marta qatnab, prezident qarindoshlari, prezident saroyi xodimlari, 500 ming dollardan ortiq naqd pul, qimmatbaho sanъat asarlari va Asadning yashirin biznes imperiyasiga oid hujjatlarni tashigan.
Soʻnggi parvoz 8 dekabrda Rossiyaga qarashli Xmeymim harbiy bazasidan amalga oshirilgan. Oʻsha kuni Asad ham aynan shu baza orqali Rossiyaga qochib ketgani aytilmoqda. BAA va Rossiya hukumatlari bu operatsiya boʻyicha izoh bermagan.
Suriyaning yangi prezident Ahmad Sharъ hukumati esa Asad olib ketgan davlat mablagʻlarini qaytarishga urinmoqda.