Armanistonning Pashinyan boshchiligidagi tashqi siyosat tashabbuslari pragmatikdir. Erevan Gʻarb yoki Rossiya oʻrtasida tanlov qilishdan koʻra koʻp qirrali tashqi siyosat yondashuvi bilan mamlakatdagi muammolarni hal qilishni koʻzlagan.

2020 yil sentyabrʻ oyida boshlangan va 44 kun davom etgan 2-Togʻli Qorabogʻ urushida Ozarbayjon tomonidan olib borilgan muvaffaqiyatli siyosat natijasida mintaqadagi armanlarning ishgʻoli tugatildi. Boku maʻʻmuriyati 1-Qorabogʻ urushida yoʻqotgan hududlarning bir qismini harbiy, bir qismini esa diplomatiya yoʻli bilan qaytarib olishga muvaffaq boʻldi. Erevan esa magʻlubiyatini qabul qildi. 2023 yil sentyabrʻ oyida Ozarbayjon armiyasi Qorabogʻda faoliyatini davom ettirayotgan noqonuniy Armaniston rejimiga qarshi aksilterror amaliyoti bilan mintaqani toʻliq nazorat ostiga oldi. Ozarbayjon yillar davomida bosib olingan erlarini ozod qilar ekan, Janubiy Kavkazdagi status-kvo ham oʻzgardi. Urush va magʻlubiyat oqibatlari Armanistonning ichki va tashqi siyosatiga taʻʻsir qilishda davom etmoqda.


Erevan siyosatidagi muvozanatlar

2018 yildagi “Baxmal inqilob” deb nomlangan norozilik namoyishlari bilan hokimiyat tepasiga kelgan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatni korruptsiya va eski uslubdagi siyosatdan xalos etishni vaʻʻda qilgandi. Biroq Armanistonning 2-Togʻli Qorabogʻ urushida ogʻir magʻlubiyatga uchragani Pashinyanni tanqid nishoniga aylantirdi. Muxoliflar uni vaʻʻda qilingan islohotlarni amalga oshira olmagani uchun ham, Ozarbayjonga qarshi urushda magʻlub boʻlgani uchun ham tanqid qilishda davom etishdi. Mamlakatni mustaqillikdan 2018 yilgacha boshqargan “Qorabogʻ klani” Pashinyanni isteʻʻfoga chaqirish orqali etnik millatchi muxolifatga etakchilik qilmoqda. 2021 yilning aprel oyida isteʻʻfo berishga majbur boʻlgan Pashinyan 2021 yil iyunʻ oyida boʻlib oʻtgan muddatidan oldin saylovlarda 50 foizdan koʻproq ovoz bilan gʻalaba qozondi.

Armaniston xalqi uchun urushdan keyin mashhurligi pasayib ketgan Pashinyanning yaqqol gʻalaba qozonishi muhim edi. Boshqaruvchilari Gʻarbdagi arman diasporasi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yillar davomida manipulyatsiya qilingan armanlar katta umidsizlikni boshdan kechirdilar. Ularning Qorabogʻdagi qariyb 30 yillik ishgʻoli oʻz ortida oʻta muammoli iqtisodiyot va chet el manbalariga qaram mamlakat qoldirdi. Diaspora va Rossiyaning iqtisodiy yordami yillar davomida Armaniston tashqi siyosatiga rahbarlik qilgan boʻlsa, davom etayotgan urush iqtisodiyoti arman xalqining turmush tarzini qiyinlashtirdi. Shu sababdan ham ustidan korruptsiya bilan bogʻliq mahkama jarayoni davom etayotgan va Moskva tomonidan qoʻllab-quvvatlangan eski siyosatning eng muhim shaxslaridan biri – Armanistonning sobiq prezidenti Robert Kocharyanning saylanmagani arman xalqining yangi va tozaroq siyosiy boshqaruv istagini namoyon etdi.

Armanistonning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy muammolarniyaxshi anglaydigan Pashinyan turklarga nisbatan nafratga asoslangan dushmanlikni oʻz ichiga olgan millatchilik siyosatiga qarshi. Shu sababdan mamlakat siyosatida etnik millatchi “Qorabogʻ klani” bilan urush tarafdori va mintaqaviy voqeliklardan uzoq boʻlgan arman diasporasi taʻʻsirini sindirishga harakat qilmoqda. 2020 yildagi urushdan avvalgi yillarda olib borilgan siyosatni tanqid qilgan Pashinyan Qorabogʻdagi yangi status-kvoning Armaniston kelajagi uchun ijobiyroq ekanini aytib, jamoatchilikni oʻziga jalb qilishga urinmoqda. Ozarbayjon va Turkiya bilan normallashuvga muhtoj boʻlgan Erevan maʻʻmuriyati bu davlatlarga qarshi hududiy talablarni oʻz ichiga olgan 1990 yilgi Mustaqillik Deklaratsiyasini va mamlakat konstitutsiyani oʻzgartirishni ham kun tartibiga qoʻydi.


Tashqi siyosatdagi oʻzgarishlar

Arman xalqining istagi boʻlgan huquqiy va iqtisodiy islohotlarni tashqi siyosatda toʻgʻri qadam tashlash orqali amalga oshirish mumkin. Darhaqiqat, 2000 yillardan buyon milliy davlat qurishni kuchaytirib, iqtisodiyotini rivojlantirgan Ozarbayjon, oʻzining koʻp tomonlama tashqi siyosati bilan armiyasini modernizatsiya qilib, oʻzi bilan Armaniston oʻrtasidagi kuchlar muvozanatini oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi. Bu jarayon oʻz navbatida Erevanning mamlakatdagi Rossiya taʻʻsirini sindirishga urinishi va Gʻarbparast siyosat olib borish davrini boshlab berdi. Muxolifatdaligi davrida Moskvaga qarshi chiqishlari bilan tanilgan Pashinyan 2020 yilgi urushdan keyin bu fikrlarini yanada aniqroq amalga oshira boshladi. Ayniqsa, oʻtgan fevral oyida Armanistonning Rossiya etakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi (ODKB) ishtirokini toʻxtatishi mumkinligini eʻʻlon qilishi Erevan tashqi siyosatidagi “oʻq chiziqning oʻzgarishi” haqidagi munozaralarni kuchaytirdi.


2-Togʻli Qorabogʻ urushi qadarini oʻzgartirgan eng muhim omillardan biri mintaqadagi Turkiya-Rossiya mojarosi boʻlgani Pashinyanning argumentlarini Armaniston jamoatchiligida ham kuchaytirdi. Rus qurollari va texnologiyasi bilan taʻʻminlangan Armaniston qoʻshini, Ozarbayjon qoʻshini ixtiyorida mavjud boʻlgan turk qurollari va texnologiyasi, ayniqsa, uchuvchisiz uchar qurilmalar (UUQ) va uchuvchisiz qurolli uchar qurilmalar (UQUQ) qarshisida ojiz edi. Darhaqiqat, bu jarayon Armanistonni ham qoʻshnilari bilan aloqalarini tiklaydigan,  ham Gʻarb bilan munosabatlarini yaxshilaydigan koʻp qirrali tashqi siyosat yaratishga undadi. Shu oʻrinda 2023 yil iyun oyida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻanning qasamyod qilish marosimida ishtirok etgan Pashinyan Anqara bilan munosabatlarning normallashishi Armaniston uchun eng muhim omil ekanini taʻʻkidladi.

Erevanning gʻarbparast tashqi siyosat tashabbusiga eng koʻp qiziqish bildirgan davlat Frantsiya boʻldi. Ikki davlat oʻrtasida turli xil xavfsizlik shartnomalari va harbiy yordamlar boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtdi. Aslida bu yaqinlashish Frantsiyaning Ozarbayjonga qarshi ochiq siyosat olib borishiga sabab boʻldi va qisqa vaqt ichida Boku-Parij munosabatlari yomonlashdi. Turkiyaning Afrikada kuchayib borayotgan taʻʻsiridan bezovta boʻlgan Frantsiya, geosiyosiy javob sifatida Janubiy Kavkazdagi yangi tenglamada oʻz oʻrnini egallashga harakat qilmoqda, deyish mumkin.

Ayni paytda Armanistonning Pashinyan boshchiligidagi tashqi siyosat tashabbuslari pragmatikdir. Erevan Gʻarb yoki Rossiya oʻrtasida tanlov qilishdan koʻra koʻp qirrali tashqi siyosat yondashuvi bilan mamlakatdagi muammolarni hal qilishni koʻzlagan. Armanistonning qoʻshnilariga nisbatan qoʻygan ijobiy qadamlari, albatta, oʻz javobini oladi va mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish uchun muhim imkoniyat yaratadi. Biroq ham ichki muxolifat bosimi, ham Erevanning yangi ittifoqchilarining geosiyosiy istaklari Janubiy Kavkazda kutilayotgan mintaqaviy tinchlikka salbiy taʻʻsir koʻrsatishi mumkin.

Burak Chalishkan, 

York universiteti doktoranti


Maqolalarda bildirilgan fikrlar muallifga tegishli boʻlib, tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.


Mavzuga aloqador