23.03.2025 11:06

AQShda akademik erkinlik tahdid ostidami?

Frantsuz olimi Tramp maъmuriyatini tanqid qilgani uchun AQShga kiritilmadi


Ilgari dunyoning eng yaxshi olimlarini oʻziga jalb qilgan AQSh bugungi kunda tsenzura va mafkuraviy nazorat tahdidlari bilan yuzlashmoqda. Soʻnggi hodisalardan biri – frantsuz olimining AQShga kirishiga taqiq qoʻyilishi – akademik erkinlik va ilmiy jamoatchilik mustaqilligiga boʻlgan bosim haqida jiddiy savollarni keltirib chiqardi.


Frantsuz olimi AQShdan chiqarib yuborildi


9 mart kuni frantsiyalik mutaxassis Xyustonda ilmiy konferensiyada ishtirok etish uchun AQShga borganda, mamlakat rasmiylari tomonidan hibsga olindi. Frantsiya oliy taъlim vaziri Filipp Baptist maъlumotiga koʻra, olim Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS) topshirigʻi bilan tashrif buyurgan edi. Ammo chegara nazorati xodimlari uning shaxsiy telefonini tekshirib, Tramp maъmuriyatining ilmiy siyosatini tanqid qiluvchi yozishmalarni topgan.


Agence France Press (AFP) agentligi xabariga koʻra, ushbu yozishmalar AQSh rasmiylari tomonidan “xavfsizlikka tahdid” va “nafrat ifodasi” sifatida baholangan. Hatto bu xabarlar ekstremizm yoki terrorchilik bilan bogʻliq deb talqin qilinishi mumkin edi.


Frantsiyalik fan mutaxassisidan barcha ayblovlar olib tashlangan boʻlsa-da, u AQShga kiritilmadi va Evropaga qaytarildi.


Frantsiya javobi va akademik hamjamiyatning xavotiri


Frantsiya oliy taъlim vaziri Filipp Baptist bu voqeani keskin qoralab, ilmiy hamjamiyat erkinligiga putur etkazilishi jiddiy muammo ekanini taъkidladi. “Biz akademik erkinlikni himoya qilishda davom etamiz”, dedi u.


Ushbu voqea AQSh va Evropa oʻrtasidagi siyosiy ziddiyatlarni yanada kuchaytirgan. Baptist ilgari ham Tramp maъmuriyatini ilmiy byudjetlarning qisqartirilishi uchun tanqid qilgan edi. Frantsuz olimi AQShga kiritilmagan kuni Baptist amerikalik olimlarni Frantsiyaga koʻchib oʻtishga chaqirgan ochiq xatni eъlon qildi.


France24 nashriga koʻra, mamlakatning baъzi universitetlari AQShdan chiqib ketmoqchi boʻlgan tadqiqotchilar uchun maxsus dasturlar ishlab chiqqan. Ayniqsa, iqlim oʻzgarishi va ekologiya bilan bogʻliq tadqiqot olib borayotgan olimlarga sharoit yaratilmoqda.


AQShda ilm-fanga tahdid kuchaymoqda


Filipp Baptist frantsuz olimining AQShdan chiqarib yuborilganidan soʻng u bilan uchrashgan suratini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi. Shuningdek, Merilend universiteti tibbiyot maktabi olimi Frantsiyaning Eks-Marsel universitetida ish boshlaganini maъlum qildi.


Voqealar davomida mamlakatning etakchi akademiklari, jumladan, Nobel mukofoti sovrindorlari Ester Dyuflo va Ann Lyuer AQShda ilm-fan mustaqilligiga qarshi “misli koʻrilmagan hujumlar” olib borilayotganini taъkidladi.


Ularning fikriga koʻra, tahdid faqat ilmiy tadqiqotlarga emas, balki butun demokratik qadriyatlarga qaratilgan. AQSh ilmiy tashkilotlariga bosim oʻtkazilishi natijasida jamoat salomatligi va ekologiya sohasidagi tadqiqotlar zarar koʻrmoqda. Ayrim olimlarning taъkidlashicha, tengsizlik, sogʻliqni saqlash va ekologik muammolar kabi mavzular universitet dasturlaridan olib tashlanmoqda, ilmiy agentliklarga hujumlar uyushtirilmoqda, xalqaro hamkorlik cheklanmoqda va tadqiqotchilar ishdan boʻshatilmoqda.


AQSh chegara nazorati va yangi qoidalar


The New York Times xabariga koʻra, AQSh bojxona xizmati chet ellik sayyohlarning telefonlari, kompyuterlari va boshqa elektron qurilmalarini tekshirish huquqiga ega. Biroq bunday holatlar kamdan-kam uchraydi: rasmiy maъlumotlarga koʻra, 2024 yilda bu jarayonga atigi 0,01% sayyohlar duch kelgan.


Shunga qaramay, aynan ushbu frantsuz olimi nima uchun nishonga olingani, uning telefonidagi qaysi materiallar muammoli deb topilgani hanuz nomaъlum.


AQShning bu siyosatiga boshqa davlatlar ham eъtibor qaratmoqda. The Hill nashrining yozishicha, Buyuk Britaniya oʻz fuqarolariga AQShga safarlar boʻyicha ogohlantirish bergan. Germaniya esa AQShga kirish qoidalarini oʻzgartirib, viza olish mamlakatga kiritilish kafolati emasligini eslatgan.


Ilm-fan mafkuraviy tsenzura ostidami?


Ilmiy hamjamiyatga boʻlgan bosim faqat AQSh ichki siyosati bilan cheklanmayapti. OAVga ham bosim kuchaymoqda.


Associated Press agentligi Oq uy ustidan daъvo arizasi bergan boʻlib, unda AQSh hukumati jurnalistlardan muayyan soʻz va iboralarni ishlatishni talab qilgani aytilgan. Bu talabni bajarmagan nashrlar jazolangan.


Tahlilchilarning fikricha, ilgari ilm-fan markazi boʻlgan AQSh bugun mafkuraviy tsenzuraning markaziga aylanmoqda. Ilgarilari eng ilgʻor olimlarni jalb qilgan AQSh bugungi kunda ularni byurokratik toʻsiqlar va repressiyalar bilan siqib chiqarmoqda.


Frantsiya esa aksincha, ilmiy tadqiqotlar uchun erkin muhit yaratishga harakat qilmoqda. Bu esa nafaqat ilmiy, balki siyosiy raqobatni ham kuchaytirib, mamlakatning Tramp maъmuriyatiga norozilik bildirayotgan olimlarni jalb qilish imkoniyatini oshirmoqda.


Mavzuga aloqador