06.01.2024 09:26

Antisemitizmni Falastin tarafdorlariga qarshi qurol sifatida ishlatishmoqda

Isroil hujumlarini hech qanday gumanitar yo axloqiy nuqtai nazardan tushuntirish yoki oqlash mumkin emas, deydi livanlik faol.

Livanlik faol Mohamad Safaning taʻʻkidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda Isroil Strategik ishlar vazirligi buyrugʻi bilan Falastinni qoʻllab-quvvatlovchi postlar tsenzura qilinmoqda.

“Falastin tarafdorlari nishonga olindi va koʻplab xalqaro faollarning akkauntlari ovozlarni oʻchirish kampaniyasi tufayli yopildi”, dedi BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi huzuridagi Patriotic Vision (PVA) nohukumat tashkiloti direktorlar kengashi raisi.

Safa Isroil Gʻazoni 7 oktyabrdan beri eng yomon ahvolga solib qoʻygani,3 oy ichida sodir boʻlgan bu falokatga dini, tili va irqidan qatʻʻi nazar, vijdonli hech bir inson befarq qola olmasligini, Isroilning jamoaviy jazolash usullariga javob berilishi kerakligini taʻʻkidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, Isroil hujumlarini hech qanday gumanitar yoki axloqiy nuqtai nazardan tushuntirish yoki oqlab boʻlmaydi.

"3 oy ichida Gʻazo qariyb jahannam hayotini boshidan kechirdi. Hozir Gʻazo aholisining 5 foizi oʻlgan, yaralangan yoki bedarak yoʻqolgan. 130 mingdan ortiq falastinlik halok boʻlgan, jumladan 12 ming bola, 6 ming ayol, 130 BMT xodimi va 105 jurnalist. Hech narsa yoʻq. 12 mingdan ortiq bolaning oʻldirilishini hech qanaqasiga oqlab boʻlmaydi. Bu oʻzini himoya qilish emas va buni oqlash mumkin emas. Bu hech qachon qabul qilinishi mumkin emas", - dedi u.

Safa jarayon boshida ijtimoiy tarmoqlar Gʻazodagi voqealar haqida dunyoni xabardor qilishda muhim rolʻ oʻynagani, ammo bugungi kunda Falastinni qoʻllab-quvvatlovchi postlarni oʻchirish uchun turli blokirovka usullari qoʻllanilayotganini aytdi.

"Ijtimoiy tarmoq platformalari bu urushda jamoatchilik fikriga ham ijobiy, ham salbiy taʻʻsir koʻrsatdi. Algoritmlardagi ikki tomonlama standartlar, bir tomondan, koʻproq turli xil ovozlarni eshitish va Falastin faolligini yoyish imkonini berdi, lekin boshqa tomondan dezinformatsiya va "qora targʻibot, ayniqsa Isroil tomonidan tarqatilganlar koʻproq foydalanuvchilarga etib borishiga olib keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Falastin haqida translyatsiya qiluvchi akkauntlar bloklandi", - deb taʻʻkidladi livanlik faol.

Safaning qayd etishicha, Isroilni qoʻllab-quvvatlovchi odamlar va tashkilotlar antisemitizm kontseptsiyasini Falastin tarafdori faollarga qarshi qurol sifatida ishlatmoqda.

"Antisemitizm tushunchasi Falastinni qoʻllab-quvvatlovchi ovozlarni oʻchirish uchun vosita sifatida ishlatilyapti. Isroil tomonidan sodir etilgan urush jinoyatlariga qarshi gapirish antisemitizm emas. Biz fikrlarimizni erkin ifodalay olishimiz lozim. Odamlar xorlangan yoki bosib olingan barcha insonlar bilan birdam ekanini koʻrsatish imkoniga ega boʻlishlari kerak. Kimgadir oʻz fikr erkinligini berib, kimnidir tsenzura qiluvchi bu ikki xil standartga barham berish zarur”, - deydi faol.

Safaning aytishicha, yahudiylikning muqaddas kitobi Tavrotga koʻra, bunday harbiy jinoyatlar sodir etilishi mumkin emas. "Inson huquqlari deklaratsiyasiga koʻra, buni amalga oshirish mumkin emas. Xalqaro gumanitar huquqqa koʻra, buni qila olmaysiz. Siz buni hech qanday asosda qilolmaysiz. Siz yo insoniyat tarafdorisiz, yoki genotsid tarafdorisiz, aks holda oʻrta asos yoki boshqa tushuntirish yoʻq”, - deya taʻʻkidladi u.

Uning soʻzlariga koʻra, Falastin tarafdorlarini qoʻllab-quvvatlovchi odamlar nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda hujumga uchramoqda, balki jamiyatning turli jabhalarida ham jazolanmoqda.

"Men taʻʻqib, tahdid va tsenzuraga duchor boʻlgan jurnalistlar, talabalar, ishchilar va boshqa tanqidiy shaxslarga aytmoqchiman: haqiqatni gapirishdan qoʻrqmang. Qadriyatlaringizga mos keladigan narsalar haqida ochiq gapirish sizning karʻerangizni tushirmaydi, lekin axloqiy qadriyatlarga toʻla karʻera sari yoʻlingizni ochadi”, - deya qoʻshimcha qildi livanlik faol.

Safaning aniqlik kiritishicha, uning harakatlarini toʻsishga urinishlar nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda davom etmoqda, balki BMT vakili va BMT akkreditatsiyasidan oʻtgan inson huquqlari himoyachisi boʻlishiga qaramay, Falastinni qoʻllab-quvvatlagani uchun oʻlim bilan ham tahdid qilingan.

“Telefonimdan va X davlat idoralarining rasmiy akkauntlaridan oʻzim va oilam hayoti uchun tahdidli xabarlar oldim. Shaxsiy hayotimda ham harakatlanish joyim chegaralangan, hatto koʻchada tanilganimdan keyin josuslik qilishdi va nomaʻʻlum shaxslar ortimdan taʻʻqib qilishdi. Men buni oʻzim uchun va mening ahvolimdagi odamlar uchun aytaman; Bizni bu tahdidlardan hech kim himoya qila olmayapti. Men BMT vakili va BMTda akkreditatsiyadan oʻtgan faol sifatida bu haqda BMTning inson huquqlari himoyachilarining ahvoli boʻyicha maxsus maʻʻruzachisiga ham maʻʻlum qildim. Ammo bu masala boʻyicha haligacha javob olmadim”, deb taʻʻkidladi livanlik faol.

Mavzuga aloqador