20.02.2025 11:30

Afgʻoniston: Pokiston barcha noqonuniy afgʻon muhojirlarini deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda

Afgʻonistonning Islomoboddagi elchixonasi Pokiston hukumati mamlakatdagi barcha afgʻon muhojirlarini mamlakatdan chiqarib yuborishni rejalashtirayotganini maъlum qildi. Ayni paytda Islomobod va Ravalpindi shahridagi afgʻon fuqarolari hech qanday rasmiy xabarnomasiz hibsga olinmoqda va tintuvlarga uchramoqda.

Pokiston hukumati mamlakatda joylashgan barcha noqonuniy afgʻon muhojirlarini deportatsiya qilmoqchi. Bu haqda Afgʻonistonning Islomoboddagi elchixonasi bayonotida aytilgan.

Hisobotga koʻra, soʻnggi paytlarda Pokiston poytaxti Islomobod va Ravalpindi shahrida Afgʻoniston fuqarolari hibsga olinib, tintuvlar oʻtkazilmoqda, ularga ushbu ikki shaharni tark etish haqida buyruq berilgan.

“Afgʻoniston fuqarolarini hibsga olish jarayoni hech qanday rasmiy xabarnomasiz amalga oshirilmoqda. Afgʻonistonning Islomoboddagi elchixonasiga yozishmalar orqali hech qanday rasmiy bildirishnoma kelmadi”, — deyiladi xabarda.

Taъkidlanishicha, Afgʻoniston elchixonasi xodimlari Pokiston rasmiylari bilan bu harakatlar “yakka hodisalar”mi yoki “ommaga eъlon qilinishi kerak boʻlgan rasmiy siyosatning bir qismi”mi, aniqlik kiritish uchun bir necha uchrashuv oʻtkazgan. Diplomatik missiya, shuningdek, BMTning Qochqinlar boʻyicha Oliy Komissarligi boshqarmasi (UNHCR) bu jarayondan xabardor emasligini taъkidladi.

“Oxir-oqibat, Pokiston TIV rasmiylari barcha afgʻon qochqinlarini nafaqat Islomobod va Ravalpindidan, balki yaqin kelajakda mamlakat boʻylab deportatsiya qilish boʻyicha aniq va yakuniy reja borligini tasdiqladi”, — deyiladi bayonotda.

Ayni paytda Pokiston rasmiylari bu tashabbuslar hukumatning rasmiy qarori ekanini aytdi. Rasmiylarga koʻra, amaldagi vizaga ega afgʻonlarga Islomobod va Ravalpindida yashashga ruxsat beriladi.

Xabar qilinishicha, elchixona afgʻon fuqarolarini mamlakatga munosib tarzda qaytarish masalasi ustida ishlamoqda va vaziyat haqida oʻz hukumatini ham xabardor qilgan.

UNHCR maъlumotlariga koʻra, Pokistonda taxminan 1 million 340 ming afgʻon qochqin va 468 ming 800 nafar noqonuniy afgʻon muhojiri bor. 2023 yildan buyon 820 mingdan ortiq afgʻon qochqinlari oʻz yurtlariga qaytgan.

Mavzuga aloqador