Sionistlar va ularning hamkorlari uchun 7 oktyabrʻ larzaga soluvchi voqea boʻldi. HAMAS uchun esa cheklangan maqsadlar bilan boshlangan ushbu voqea Falastin inqilobining yakuniy bosqichi boʻldi. Biroq jarayon genotsid va aparteid rejimiga qarshi umummilliy ozodlik harakatiga aylanib ketdi – Sidneyda joylashgan Gegemoniyaga qarshi tadqiqot markazi direktori Tim Anderson maqolasidan.

Oʻtgan yilning 7 oktyabrigacha Isroil rejimi ikkita tayanchga ega edi: harbiy kuch va xalqaro homiylar. 7 oktyabrdan soʻng uning harbiy kuchi yoʻq qilindi, unda faqat xalqaro homiylargina qoldi. Albatta, Gʻarb ommaviy axborot vositalarida HAMASning muvaffaqiyati dahshatli voqea sifatida yoritildi. Chindan sionistlar va ularning hamkorlari uchun 7 oktyabrʻ larzaga soluvchi voqea boʻldi, ammo bu bosqinchilarning barcha ozodlik harakatlarini “terrorizm” deb hisoblashini tasdiqladi. HAMAS uchun cheklangan maqsadlar bilan boshlangan ushbu voqea Falastin inqilobining yakuniy bosqichiga aylandi: jarayon genotsid va aparteid rejimiga qarshi umummilliy ozodlik harakatiga aylanib ketdi.

Falastin haqidagi afsonalar faqatgina kuchli targʻibotning natijasi emas; bu ingliz-amerikaliklarning mustamlakachilikni tugatish boʻyicha xalqaro huquqni va zulm ostidagilarning qarshilik koʻrsatish huquqini ham tan olmaslikdan kelib chiqadi. Biroq bunday adolatsizliklar ikkiyuzlamachilik orqali xaspoʻshlandi. Vashington Liviya va Suriyadagi mutlaqo soxta “inqiloblar”ga harbiy yordam koʻrsatishga oshiqdi-yu, ammo negadir  Yaman va Falastindagi haqiqiy inqiloblarni bostirish uchun qoʻlidan kelganicha harakat qilmoqda.

Irlandiyadagi 1916 yilgi Pasxa qoʻzgʻoloni singari, 7 oktyabrʻ hujumlari kutilmagan edi, ammo tez orada bostirildi. Qarshilik harakati tomonida katta qurbonlar boʻldi va tinch aholiga nisbatan dahshatli jazo choralari qoʻllanildi. Biroq Irlandiya qoʻzgʻoloni kabi, u vijdonlarni uygʻotdi va keng koʻlamli ozodlik urushini alangalatdi.

1. Qoʻzgʻolon

Gʻazo operatsiyasi “Al-Aqso toʻfoni” deb nomlandi – bu isroilliklarning Quddusdagi al-Aqso masjidiga ketma-ket bostirib kirishiga ishora boʻlib, bundan musulmonlarning “erlari, muqaddas joylari, Al-Aqso masjidi va hibsda saqlanayotgan mazlumlarni ozod etish” koʻzlangandi. HAMASning harbiy qanoti al-Qassam boshchiligida bir nechta Falastin qarshilik guruhlari koalitsiyasi (xususan, al-Quds brigadalari va Fatahning al-Aqso shahidlar brigadalari) tashkil etildi va ularning koʻpchiligi 2024 yilgacha Isroil kuchlariga qarshi qurolli hujumlarda faol ishtirok etdi.

2023 yil 7 oktyabrʻ tongida HAMAS boshchiligidagi koalitsiya ishgʻol ostidagi Falastin janubiga minglab raketalar bilan hujum qildi. Jangchilar bulʻdozerlar, motorli qayiqlar, mototsikllar va hatto bir motorli delʻtaplanlar yordamida toʻsiqlarni yorib oʻtishdi. Falastinlik jangchilar Beyt Xanun chegarasi, Zikim bazasi va Reymdagi Gʻazo boʻlinmasi shtab-kvartirasidagi kamida uchta harbiy bazaga kirishdi. Ular harbiylarga engil qurollar bilan hujum qilib, Isroil harbiy xizmatchilari va fuqarolarini asir olishdi.

Isroilliklar bostirib kirishni va garovga olishni toʻxtatish uchun ertalabgi soat oʻnlar atrofida chegara hududlarini bombardimon qila boshladilar. Shundan soʻng darhol Gʻazo sektorini keng koʻlamli bombardimon qilish boshlandi. Hujum goʻyoki qurolli guruhlarni bostirish uchun amalga oshirilgani aytilsa-da, aslida bu harakatlar butun Gʻazo aholisini jazolash maqsadida amalga oshirilgandi. Tinch aholining qatliom qilinishi, hatto baʻʻzi Gʻarb ommaviy axborot vositalarida ham genotsid sifatida baholandi.

Afsuski, 7 oktyabrʻ kunidagi falastinlik qurbonlar haqida hech qanday rasmiy maʻʻlumot yoʻq. Biz faqat Isroil manbalariga tayandik. Bu biz uchun haqiqiy muammo, chunki Isroil rejimi yolgʻon va tsenzuraga asoslanadi. U oʻz manfaatlarini koʻzlab, ayniqsa “xavfsizlik operatsiyalari” haqida notoʻgʻri maʻʻlumotlar tarqatishdan ham uyalmaydi.

Shuningdek, biz Isroil kontekstida “fuqarolar” deb atalayotganlar haqida bir narsani eʻʻtiborga olishimiz kerak: deyarli barcha voyaga etgan isroillik harbiy zaxirada xizmat qiladi. Yahudiy koʻchmanchilarining aksariyati kuchli qurollantirilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Isroil manbalariga koʻra, 7 oktyabrʻ kuni 360 dan 441 nafargacha xavfsizlik kuchlari (askarlar va politsiya xodimlari) halok boʻlgan, yana kamida 346 nafari Isroilning Gʻazo sektoridagi keyingi hujumi paytida oʻldirilgan. Xuddi shu manbalarga koʻra, 700 dan 800 nafargacha “tinch aholi vakili” halok boʻlgan, yana 251 nafar “oddiy aholi” va askarlar asirga olingan. Qarshilik harakati ushbu asirlarni ("garovga olinganlar") Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan minglab falastinliklarga almashtirmoqchi edi. Jami 1139 nafar isroillik halok boʻlgani aytildi.

1973 yilgi urushdan beri Isroil harbiylariga bunday keng koʻlamli zarba berilmagandi. 2023 yilgacha “Isroil-Gʻazo mojarosi”da halok boʻlganlar soni bir necha ming falastinlik, asosan tinch aholi va bir necha oʻnlab isroillik, asosan harbiylardan iborat edi.

Biroq 7 oktyabrʻ voqealari Isroil rejimi, harbiylari va birinchi yordam koʻrsatuvchilar tomonidan boʻrttirib talqin qilindi. Ular musiqa festivalida “40 nafar boshi kesilgan chaqaloq”, ommaviy zoʻrlash va yoshlarning oʻldirilishiga guvoh boʻlganliklarini daʻʻvo qilishdi.

Bu uchta toʻqib chiqarilgan afsona mustaqil dalillar, jumladan Isroilning oʻz eʻʻtiroflari bilan rad etildi: 

● Koʻplab ommaviy axborot vositalari HAMAS tomonidan isroillik chaqaloqlarning boshi kesilganiga oid daʻʻvolarni rad etdi, ammo Prezident Jo Bayden bu chaqaloqlarning suratlarini koʻrganini takrorlashdan charchamadi. Times gazetasi esa "Isroil mayib chaqaloqlar suratlarini eʻʻlon qildi" sarlavhasini ishlatdi. Shu bilan birga, 2024 yilga qadar isroillik askarlarning yosh bolalarni ataylab nishonga olgani hujjatlashtirilgan. Oq uy Baydenning boshi kesilgan bolalarning suratlarini koʻrgani haqidagi notoʻgʻri yoki uyalmasdan aytilgan gaplarini “qaytarib olishga" majbur boʻldi.

● Ommaviy zoʻrlash – BBC va The Guardian nashrlari tomonidan takrorlangan ushbu daʻʻvolarga qaramay, Isroil hukumati biron-bir aniq zoʻrlash qurbonlari aniqlanganini aytmadi, shuningdek, bu daʻʻvolarni tasdiqlovchi video yoki sud-tibbiyot tahlillarini taqdim etmadi. "Times of Israel" gazetasi Zaka birinchi yordam koʻrsatuvchilarining "rad etilgan maʻʻlumotlari" HAMASning "ommaviy zoʻrlash" haqidagi umumiy hikoyasiga "shubha uygʻotgani"dan norozilik bildirdi.

Biroq, Gʻazoda isroillik askarlarning falastinlik ayollarni zoʻrlashi va oʻldirishi, shuningdek, isroilliklarning erkak falastinlik mahbuslarni zoʻrlashi oshkor boʻldi. Ammo bu jinoyatlar baʻʻzi Isroil ommaviy axborot vositalari tomonidan oqlab chiqildi.

● Musiqa festivalidagi tinch aholini qirgʻin qilish HAMAS jangchilariga qarshi eng asosiy ayblov edi. Ular chindan ham baʻʻzi katta yoshli "fuqarolar"ni oʻldirib, asirga olgan. Biroq, Isroil armiyasi Gannibal koʻrsatmasiga binoan (askarlarning asirga olinishiga yoʻl qoʻymaslik uchun tengsiz kuch ishlatishni nazarda tutadi) qarshilik jangchilari kirib borgan uchta harbiy obʻʻektga hujum qildi. Isroil samolyotlari qochib ketayotgan 70 ta transport vositasini yoʻq qildi. Isroillik tank qoʻmondoni “garovga olish” paytida Bieri kibbutsiga oʻq uzilganini tan oldi. Koʻpgina nashrlar 7 oktyabrʻ kuni Isroil fuqarolarining oʻldirilishiga asosan Isroil harbiylari aybdor degan xulosaga kelishdi. Bu oʻlimlar "Gannibal koʻrsatmasi" boʻyicha "oʻz kuchlarining oʻqi" tufayli yuz bergani aytiladi.

Xullas, bolalarni oʻldirish, zoʻrlash va tinch aholini qatl etish haqidagi daʻʻvolar koʻp oʻtmay Isroil kuchlarining oʻzi tomonidan sodir etilgani fosh boʻldi. HAMAS boshchiligidagi qoʻzgʻolon Gʻazo garnizonining katta qismini yoʻq qilish, butun harbiy va razvedka tizimini ruhiy tushkunlikka tushirish va 200 dan ortiq asirni qoʻlga olish singari natijalar bilan yakunlandi.

2023 yil oxirida ayollar va bolalarning dastlabki almashinuviga qaramay, Isroilning Gʻazodagi qirgʻinni toʻxtatishdan bosh tortishi keng koʻlamli asirlar almashinuvi istiqboliga putur etkazdi.

Isroilning mashhur razvedkasi muvaffaqiyatsizligidan shubhalanganlar orasida bularning barchasi ortida sionist rejimi (xususan, Netanyaxu) turibdi, degan nazariya paydo boʻldi. Chunki u oʻtmishda HAMASga baʻʻzi imkoniyatlar berib, Falastindagi islomiy kuchlar va dunyoviylik tarafdorlari orasida nizo urugʻini sochgan edi. Ularning fikricha, 7 oktyabrdagi hujumlar soxta bayroq operatsiyasining bir qismi boʻlgan. Lekin HAMAS allaqachon boshqa qarshilik guruhlari va falastinliklar hurriyatini istovchi davlatlar bilan aloqa oʻrnatgan edi. Shuni va Isroil harbiylariga etkazilgan ulkan zararni hisobga olsak, 7 oktyabrʻ voqealari soxta bayroq koʻtarish emas, balki ajoyib harbiy operatsiya boʻlgani oydinlashadi.

2. Qarshilik koʻrsatish huquqi

1960 yillarda (nafaqat davlatning, balki) xalqning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini tan olish, bu huquqni rad etishga qarshi turish huquqini ham bilvosita tan olishga olib keldi. Shunga qaramay, milliy huquq tizimlari hali ham boʻlingan holda qolmoqda: qarshilik koʻrsatish huquqi odatda postkolonial va postfashistik davlatlar tomonidan ijobiy tan olinsa-da, mutlaq hokimiyatli davlatlar (masalan, Buyuk Britaniya), markaziy gegemon kuch (AQSh) va u boshchiligidagi davlatlar tomonidan rad etiladi.

Suriyalik-amerikalik olim va diplomat Fayz Saeg 1965 yilda yozgan “Falastindagi sionist mustamlakachiligi” maqolasida arablarning huquqlari va BMT nizomidagi qarshilik koʻrsatishning yashirin huquqini asoslab, 1917-1948 yillarni “arablar qarshiligining eng yorqin davri” deb atagandi. U 1964 yilda musulmonlar Falastin ozodlik tashkilotini tashkil etish orqali tashabbusni oʻz qoʻliga olgani va "himoya qilinmagan huquqlar yoʻqotilgan huquqlarga aylanishi” mumkinkigini taʻʻkidladi. Shubhasiz, 1966 yilda BMT Bosh Assambleyasi aparteidni “insoniyatga qarshi jinoyat” deb eʻʻlon qildi. 1982  yilda esa BMT Bosh Assambleyasi “mustamlaka va chet el hukmronligi ostidagi xalqlarning, xususan Janubiy Afrika, Namibiya va bosib olingan Falastin xalqlarining oʻz taqdirini oʻzi belgilash va mustaqillik huquqini” tasdiqladi hamda “xalqlarning barcha mavjud vositalar, jumladan qurolli kurash orqali mustamlakachilar zulmidan ozod boʻlishga intilishi qonuniyligi”ni eʻʻtirof etdi.

Ushbu 1982 yilgi rezolyutsiya, shuningdek, “Falastin xalqining oʻz taqdirini oʻzi belgilash, suverenitet, mustaqillik va Falastinga qaytish boʻyicha ajralmas huquqlarining rad etilishi va Isroilning mintaqa xalqlariga qarshi takroriy tajovuz harakatlari xalqaro tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid” ekanligini taʻʻkidladi. 1984 yilda BMT Xavfsizlik Kengashi BMT Bosh Assambleyasining ushbu qarorlarini “Janubiy Afrikaning jabr tortgan xalqlarining ommaviy birlashgan qarshiligini maʻʻqullagan holda” keng qoʻllab-quvvatladi.

Shunga qaramay, 1960 yillarning boshidan Janubiy Afrikadagi aparteidga qarshi qurolli kurashning etakchi kuchlari boʻlgan Nelson Mandela va Afrika Milliy Kongressi (ANK) 2008 yilgacha AQShning “terrorchilar” roʻyxatida qoldi. AQSh hukumati sovuq urush davomida aparteid rejimi bilan hamkorlik qildi va unga sarmoya kiritdi, uni kommunizmga qarshi tayanch deb bildi. Faqatgina xalq ommasi bosimi ostida 1986 yilda aparteidga qarshi qonun qabul qilindi. Bu qonun “hukumat Mandela va barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishga rozi boʻlmaguncha va qora tanlilar bilan “insofli muzokaralar” olib borilmagunicha Janubiy Afrikaga qarshi iqtisodiy sanktsiyalar” joriy etdi. Vashington aparteidga qarshi kurashga juda kech qoʻshildi.

Xuddi shunday, Janubiy Afrikadagi aparteid rejimi bilan oxirigacha hamkorlik qilgan Buyuk Britaniya hukumati 1987 yilda, yaʻʻni Mandela qamoqdan ozod qilinishidan atigi bir yil oldin, Mandela va Afrika milliy kongressini “terrorchilar” deb eʻʻlon qildi. Britaniya ham, AQSh ham 1986 yilda aparteid rejimiga qarshi sanktsiyalar toʻgʻrisidagi taklifga veto qoʻydi. Boshqacha aytganda, Britaniya va AQSh Janubiy Afrikadagi aparteid masalasida va unga ichkaridan qarshilik koʻrsatgan kuchlarga munosabatda xalqaro hamjamiyat bilan jiddiy kelishmovchiliklarga ega edi. Britaniya va AQSh doimiy ravishda mustamlakachilik, okkupatsiya va aparteidga qarshilik koʻrsatish huquqini rad etib keldi.

BMT Bosh Assambleyasining 1974 yildagi 3314-sonli rezolyutsiyasi (Agressiya taʻʻrifi toʻgʻrisida)ga koʻra, “oʻz taqdirini oʻzi belgilash, erkinlik va mustaqillik huquqidan mahrum qilingan va chet el istilosiga duchor boʻlgan xalqlarning ushbu maqsad yoʻlida kurashishi hamda BMT nizomi tamoyillariga muvofiq yordam soʻrashi va koʻmak olish huquqi” tasdiqlangan.

1949 yilgi Jeneva konventsiyalarining 1977 yildagi Qoʻshimcha protokoli esa bosib olingan xalqlar uchun qarshilik koʻrsatishning aniq huquqlarini tasdiqlagan. Boshqa tegishli huquqiy manbalar qatoriga BMT Bosh Assambleyasining 1965 yildagi 2105-sonli (Afrika mustamlakachilikka qarshi kurashlari toʻgʻrisida), 1970 yildagi 2625-sonli (oʻz taqdirini oʻzi belgilashning rad etilishiga qarshilik koʻrsatish huquqi toʻgʻrisidagi odatiy huquqni aks ettiruvchi) rezolyutsiyalari va Xalqaro sud adolatining 2004 yildagi qarori (Isroil devori haqida, Xalqaro sud noqonuniy bosqinchi subʻʻektning “oʻzini oʻzi himoya qilish” daʻʻvolarini rad etgan) kiradi. Bundan tashqari, 1988 yildan boshlab, Falastin oʻzini davlat sifatida eʻʻlon qilgach va BMTda millat sifatida tan olinganidan soʻng, unga BMT Nizomining 51-moddasi asosida xorijiy tajovuzdan (yaʻʻni isroilliklardan) milliy oʻzini oʻzi himoya qilish huquqi berildi.

Shunday boʻlsa-da, sobiq mustamlaka rejimlarining aksariyati "nodavlat aktorlar"ning xorijiy tajovuz, okkupatsiya va aparteidga qarshi turish huquqini tan olmaydi. Garchi bu huquq xalqaro huquqda mustahkam oʻrin olgan va dunyo konstitutsiyalarining taxminan 20 foizida aks ettirilgan boʻlsa-da, shunday holat kuzatiladi.

Masalan, AQSh oʻz imperiyasini mustamlakachilikka qarshi inqilob natijasida qurgan boʻlsa-da, qullik, ichki mustamlakachilik va doimiy ravishda chet el hududlarini egallash tarixi tufayli erkinlik gʻoyalarini hech qachon izchil qoʻllamagan. Shunday qilib, Vashington oʻzining gegemon dunyosini aniq ikkiyoqlama standartlar asosida qurgani bilan Evropa imperiya kuchlaridan farq qilardi. Ikki asr muqaddam (1829 yilda) janubiy amerikalik ozodlik kurashchisi Simon Bolivar aytganidek, “Qoʻshma Shtatlar taqdiri Amerikani ozodlik nomi ostida azob-uqubatlarga duchor qilish uchun belgilanganga oʻxshaydi”.

Shunga qaramay, oʻz davlatlarining anʻʻanalaridan taʻʻsirlangan, ammo mustamlaka jinoyatchiligi haqidagi ochiq-oydin dalillarga duch kelgan Gʻarb sharhlovchilari koʻpincha qoʻrqoqlik bilan “axloqiy tenglik” daʻʻvolariga suyanishadi. Masalan, ular Falastin qarshiligi shafqatsiz Isroil harbiylari bilan teng yoki “har ikki tomon aybdor” kabi qarashlarni ilgari surishadi.

Amerikalik advokat Stenli Koen shunday deb yozgan: “Qarshilik koʻrsatish huquqidagi “qurolli kurash” atamasi ushbu qarorda aniq taʻʻrifsiz nazarda tutilgan va boshqa koʻplab dastlabki qarorlar mahalliy aholining bosqinchini haydab chiqarish huquqini qoʻllab-quvvatlagan. Shimoliy Amerikadagi sobiq qul va ozodlik faoli Frederik Duglas taʻʻkidlaganidek, kurashsiz taraqqiyot boʻlmaydi. Ozodlik tarafdori boʻlib, lekin harakatning qadriga etmaydiganlar, er haydamasdan hosil olishni istaydiganlar kabidir... Bu kurash axloqiy yoki jismoniy boʻlishi mumkin; yoxud ham axloqiy, ham jismoniy boʻlishi mumkin; lekin kurashish shart. Hokimiyat talabsiz hech narsa bermaydi. Hech qachon bunday boʻlmagan va boʻlmaydi ham”.

Kanadaning SJMPE guruhi BMT tomonidan belgilangan chegaralar doirasida qarshilik koʻrsatish huquqini tan olishni hujjatlashtiradi, ayni paytda Kanada davlati (boshqa ingliz-amerika dunyosi kabi) bu huquqni tan olmasligini taʻʻkidlaydi. Isroil rejimining homiysi boʻlgan Kanada hatto zoʻravon boʻlmagan Falastin guruhlariga, masalan, Boykot, Divest va Sanktsiya harakatiga ham qarshi chiqadi va “Isroilni xalqaro huquq buzilishlari uchun javobgarlikka tortish boʻyicha har qanday jiddiy choralarni, shu jumladan nodavlat tashkilotlarning Xalqaro jinoiy suddan tovon talab qilish harakatlarini qatʻʻiy ravishda toʻsib qoʻygan”.

Butun Ingliz-Amerika bloki va Isroil rejimining Germaniya va Frantsiya kabi boshqa homiylari xalqaro huquq va BMT tizimiga mutlaqo zid ravishda barcha Falastin qarshilik guruhlarini taqiqlagan. Shunga qaramay, Isroil va uning homiylari tomonidan "terrorchi" sifatida taqiqlangan guruhlarning hech biri (HAMAS, Falastin Islom jihodi, FXOF va boshqalar) BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan taqiqlanmagan. Aksincha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining Birlashgan roʻyxatiga asosan, Liviya, Iroq, Suriya, Livan va Yaman boʻylab AQShning soʻnggi proksi urushlarini qoʻllab-quvvatlagan IShID va Jabhat al-Nusra soxta islomiy terroristik guruhlari va ularning tarmoqlari kiritilgan. Hizbulloh kabi Falastin yoki mintaqaviy qarshilik guruhlarining hech biri BMT Xavfsizlik Kengashi roʻyxatida yoʻq. Ushbu qoidadan yagona istisno Yamanning “Ansorulloh” harakatidir. Guruh 2015 yildan beri BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan (soxta bahonalar bilan) sanktsiyalangan.

Gʻarbning qarshilik koʻrsatish huquqini hurmat qilishdan bosh tortishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, "New York Times" (NYT) – u asosiy onlayn qidiruv tizimi Google va keng tarqalgan onlayn entsiklopediya Vikipediyada asosiy ovoz hisoblanadi – falastinliklarga qarshi maqolalari bilan tanilgan. Nashr muntazam ravishda Isroilni "demokratiya" (garchi "xavf ostida" boʻlsa ham) va Falastin qarshilik guruhlarini "terrorchilar" deb ataydi. Qarshilik guruhlari Isroil harbiylarini, Isroil esa falastinlik tinch aholini nishonga olgan taqdirda ham bu holat oʻzgarmaydi. Vikipediyaning mantigʻi shundaki, oʻquvchilar NYT kabi "obroʻli" ikkilamchi manbalarga ishonishlari va birlamchi manbalarga (yaʻʻni asl tadqiqotlarga) eʻʻtibor bermasliklari kerak. Bu mantiqqa koʻra, dunyo jaholat ichida saqlanadi va xalqaro huquq tamoyillariga xiyonat qilinadi.

3. Yakunlovchi mulohazalar

“Al-Aqso toʻfoni” operatsiyasi – HAMAS boshchiligidagi Falastin qarshilik koʻrsatish fraktsiyalarining madronavor tashabbusi boʻlib, u kutilganidan ham muvaffaqiyatliroq boʻldi. Ushbu hujum Isroil bosqinchilarining ruhiyatini shikastladi va oʻziga Livan, Eron, Yaman va Iroqdan mintaqaviy qarshilik koʻrsatishning sezilarli yordamini jalb qila oldi.

HAMASning mahbuslarni almashish maqsadi muvaffaqiyatsiz boʻldi, chunki harbiy taʻʻsir tufayli Isroil rejimi oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralarga rozi boʻlmadi.

Mustamlakachilikdan ozod boʻlish va postkolonial meʻʻyorlarni hurmat qiladigan xalqaro hamjamiyat Falastinni ozod qilishning ushbu muhim bosqichini keng ommaga tanitishi zarur. Zero ushbu urush, ehtimol, erk uchun kurashning yakuniy bosqichi boʻlishi mumkin. Falastinliklar va ularga xayrixoh ovozlar 7 oktyabrʻ tarixini qayta yozib, bu ramzni zolimlar qoʻlidan tortib olishlari lozim.

Gʻarb rejimlari va ularning ommaviy axborot vositalari Isroilning Gʻazodagi tinch aholiga qarshi jinoyatlarini, jumladan katta miqdordagi bolalar oʻlimini yashirishga urinmoqda. Aslida, koʻplab dalillar shuni koʻrsatadiki, gʻayriinsoniy terrorizm ayblovlari koʻproq Isroil operatsiyalariga taalluqli boʻlib, hozirda Xalqaro sud tomonidan genotsidning “ehtimolga yaqin” harakatlari sifatida baholanmoqda. Hatto Rim papasi Frantsisk ham Isroilning Gʻazodagi terrorchilik harakatlaridan noroziligini bildirdi.

Qarshilik koʻrsatish huquqining “inkor etilishiga” qarshi turish bugungi davr ehtiyoji hisoblanadi. Chunki bu Isroilning genotsid rejimini “demokratiya” darajasiga koʻtarishga yordam beradi. Shu bois barcha qarshilik guruhlari “terrorchilar” deb nomlanmoqda.

Tim Anderson, Sidneyda joylashgan Gegemoniyaga qarshi tadqiqot markazi direktori

Mavzuga aloqador