28.05.2025 14:00
131

Islomda qurbonlik

Qurbonlik sharъan “maxsus hayvonni qurbat niyati bilan maxsus vaqtda soʻyish” maъnosini anglatadi.

Ushbu ibodat zakot va ikkala hayit namozi bilan birga hijriy ikkinchi yilda joriy qilinib, Qurъon, sunnat va ijmo bilan sobit boʻlgan.

Qurъonda bu toʻgʻrida nima deyilgan?

Alloh taolo Kavsar surasining ikkinchi oyatida “Bas, Robbingga  namoz oʻqi va jonliq soʻy”, deb marhamat qiladi. Yana bir oyatda “va tuyalarni siz uchun Allohning shiorlaridan (yaъni, dinning alomatlaridan) qildik”, deyiladi, (Haj surasi, 36 oyat).

Nabaviy sunnatda bu toʻgʻrida nima deyilgan?

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Odam bolasi qurbonlik kuni qon oqitishdan koʻra Allohga sevimliroq biror bir amal qilolmaydi. Qurbonlik qilingan hayvon qiyomat kuni shoxlari, tuyoqlari va yunglari bilan keladi. Uning qoni erga tushib ulgurmasidan Allohning nazdida qabul boʻladi. Shunday ekan, u bilan koʻnglingizni xush tutinglar”, (Hokim, Ibn Moja va Termiziy rivoyat qilishgan).

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qoʻylarning eng yaxshisi va shoxdoridan ikkitasini soʻydilar. U zotning ikki oyoqlarini qurbonlik hayvonning boʻyniga qoʻyib turganlarini koʻrdim. U zot basmala aytib, takbir keltirar edilar. Soʻng ikkala qurbonni ham oʻz qoʻllari bilan soʻydilar”, Imom Ahmad va bir guruh muhaddislar rivoyat qilishgan).

Musulmonlar qurbonlikning sharъiy ibodat ekanligiga ijmo qilishgan. Hadislar ham ushbu amalning qurbonlik kuni Alloh taolo uchun eng sevimli amal ekaniga dalolat qiladi.

Qolaversa, qurbonlik qilish Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridan sanaladi. Bu haqda Alloh taolo Soffat surasining 107 oyatida shunday deydi: “uning oʻrniga buyuk qurbonlik fido qildik”.

Qurbonlik qilishning sharъiy ibodat holiga keltirilishining hikmati: ushbu amal Allohning bir qancha neъmatlari uchun va insonning bir yildan keyingi yilga eson-omon etib olishining shukri sanaladi. Bu amal shariatga zid ravishda qoʻl urilgan ishlar va buyruqlarda kamchiliklarga yoʻl qoʻyishdan iborat gunohlarga kafforot boʻladi. Qolaversa, qurbonlik qiluvchi va boshqalarning roʻzgʻorida kengchilikni yuzaga keltiradi.

Qurbonlik qilish hayvonning pulini, qiymatini sadaqa qilish bilan ado etilgan hisoblanmaydi. Fitr sadaqasida kambagʻallarning ehtiyojini qondirish maqsadida shunday yoʻl tutish mumkin boʻlsa-da, qurbonlikda mumkin emas. Bu borada Imom Ahmad ham qurbonlik qilish uning pulini, qiymatini sadaqa qilishdan afzal ekanini aytganlar.