Fitr sadaqasiga oid savol-javoblar
Fitr sadaqasi berish kimlarning zimmasiga vojib? Fitr sadaqasi qachon beriladi, zakot va fitr sadaqasi nisoblari oʻrtasida farq bormi, Fitr sadaqasi hamda zakotlarni masjidga yoki bolalar uyiga bersa boʻladimi?
Savol: fitr sadaqasini berish kimlar zimmasiga
vojib?
Javob: musulmon erkagu ayol, balogʻatga
etgan-etmagan, xoh oqil, xoh majnun boʻlsin, nisob egasi boʻlsalar zimmalariga
fitr sadaqasini berish vojib boʻladi. Shuningdek musulmon, nisobga moli etgan
erkak oʻzi va balogʻatga etmagan, nisob egasi boʻlmagan farzandlari uchun fitr
sadaqasini berishi vojib boʻladi. Ayol kishi, balogʻatga etgan bolalar nisob egasi
boʻlsalar, zimmalariga fitr sadaqasi vojib, nisob egasi boʻlmasalar vojib emas.
Fitr
sadaqasini berish yashab turgan uyi, qish-yozda kiyadigan kiyimi, kundalik yumushlariga
kerak boʻladigan uy-roʻzgʻor buyumlari kabi ehtiyojiga kerakli boʻlgan narsalardan
ortiqcha (televizor, oʻyin uchun moʻljallangan qurilmalar kabi narsalar ham
«ortiqchalar» sarasiga kiradi), oʻsmasada nisobga etarli mol-mulkka ega boʻlgan
hurning zimmasiga vojib boʻladi.
Uch sidra
kiyim egasi boy hisoblanmaydi. Chunki ulardan biri-uy kiyimi, ikkinchisi-yumushlar
uchun, uchinchisi juma va bayramlar uchundir. Toʻrtinchi kiyim esa boylikdir.
(Fatavoi Hindiya)
Demak, uch
sidra kiyimdan tashqari barcha kiyimlar nisobga qoʻshiladi.
Savol: Fitr sadaqasi berishdagi
nisobning meʻʻyori qancha?
Javob:
1. Faqat
tillasi hamda undan yasalgan buyumlari (tanga, idish-tovoq, taqinchoqlar va
suvenirlar kabi narsalari) borlarga 85 grammga etsa;
2. Faqat
kumushi hamda undan yasalgan buyumlari (tanga, idish-tovoq, taqinchoqlar va
suvenirlar kabi narsalari) borlarga 595 grammga etsa;
3. Yuqoridagilardan
boshqa mol-mulki borlar, yaʻʻni hojati asliysi (yashab turgan uyi, qish-yozda kiyadigan
kiyimi, kundalik yumushlariga kerak boʻladigan uy-roʻzgʻor buyumlari kabi ehtiyojiga
kerakli boʻlgan narsalar) dan ortiqcha mol-mulkning qiymati nisobga etsa;
4. ozgina
tillosi, kumushi, mol-mulki borlar barchasini qoʻshganda qiymati nisobga etsa;
Fitr
sadaqasida asliy hojatidan tashqari mol-mulkning nisobga etishida zakotdagi kabi
oʻsuvchi boʻlishi shart emas. Tijorat moli qanday mol boʻlmasin, uning qiymati kumush
yoki tilloning nisobiga etsa, undan zakot vojib boʻladi. Mol egasi
tillo-kumushning nisobidan qay biri faqir-miskinlarga manfaatli boʻlsa,
faqirlarning haqqini ehtiyotini olib tijorat molini oʻsha nisob bilan belgilaydi.
(Lubob)
Savol: fitr sadaqasi qachon beriladi?
Javob: fitr sadaqasiga qodir boʻlganlar mollaridan
beriladigan fitr sadaqasini iyd namoziga chiqishdan avval ajratish mustahab
ekaniga barcha ulamolar ittifoq qilishgan. Lekin qancha muddat avval berish
borasida turli fikrlar aytilgan:
Abu Hanifa rahmatullohi alayh: «Bir-ikki yilligini avvaldan
berib qoʻysa ham ado boʻlaveradi», deydilar. Hanbaliylar: «Namozdan bir-ikki kun
avval berish mumkin», deyishadi. Shofeʻʻiylar: «Ramazon kirganidan keyin ado
qilinsa boʻladi», deyishadi. Lekin iyd namozigacha ado qilmagan boʻlsa, zimmasidan
soqit boʻlmagani bois umrining oxirigacha qaysidir kunda berib qoʻysa ham,
boʻynidan soqit boʻladi.
Shuningdek, bir necha yil fitr sadaqasini berish vojib ekanini
bilmaganlar bilganlaridan soʻng barcha qoldirgan yillari uchun berib fitr
sadaqalarini ado qilsa, boʻyinlaridan soqit boʻladi, vojibni bajargan boʻladilar.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini ...
farz qildilar. Uni odamlar namozga chiqishidan oldin ado etishga amr qildilar». Buxoriy, Muslim, Abu
Dovud, Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Savol: zakot va fitr sadaqasi nisoblari oʻrtasida farq
bormi?
Javob: farq bor. Zakot berishda mol:
1. Tilla yo kumush boʻlishi kerak;
2. Tijorat moli boʻlishi kerak (har qanday tijorat moli boʻlsa
ham);
3. Yilning koʻproq qismida yaylovlarda oʻtlovchi chorva
hayvonlari: tuya, mol, qoʻy, echki boʻlishi kerak;
4. Oʻsuvchi boʻlishi kerak;
5. Qamariy bir yil oʻtgan boʻlishi kerak;
6. Asliy hojatidan tashqari boʻlishi kerak;
Fitr sadaqasida mol:
1. Asliy hojatidan tashqari, nisobga etgan mol-mulki boʻlishi
shart;
2. Tijorat niyatida boʻlishi shart emas;
3. Oʻsuvchi boʻlishi shart emas;
4. Bir yil toʻlishi shart emas;
Fitr sadaqasini beruvchi:
1. Musulmon boʻlishi kerak;
2. Hur boʻlishi kerak (qulning nomidan ham beriladi);
3. Balogʻatga etgan boʻlishi kerak (nisob egasi balogʻatga
etmagan farzandlari nomidan ham beradi, balogʻatga etmagan nisob egasi boʻlgan
bola nomidan ham beriladi);
4. Oqil boʻlishi lozim (majnun nisob egasi boʻlsa, valiylari
uning nomidan ham beradilar);
5. Nisob egasi boʻlishi kerak.
Savol: fitr sadaqasi hamda zakotlarni masjidga yoki
bolalar uyiga bersa boʻladimi?
Javob: zakot va fitr sadaqasi miskinning haqqi boʻlib, ularga
mulk qilib berilishi kerak. Agar bular masjid yoki bolalar uyining taʻʻmirlash
ishlariga ishlatiladigan boʻlsa, zakot va fitr sadaqasi ado boʻlmaydi. U joydagi
mutasaddilar tushgan zakot va fitr sadaqasini faqir-miskinlar va boshqa
ehtiyojlarga sarf qilsalar joiz. Zakot (fitr sadaqasi) bilan masjid qurilmaydi
hamda mayyit kafanlanmaydi.
"Moʻminning qalqoni" kitobidan