06.12.2023 02:25

Baribir baxtlimiz!

Siz “Baxtsizman!” dedingiz. Men hayron boʻldim. Toʻgʻri, har kimning sinovi, qiyinchiliklari oʻziga ayon. Lekin katta musibat sanab, baxtsizlikka asos qilinayotgan ish Allohdan keladigan odatiy, biroz sabr qilinsa, ortidan muhaqqaq yorugʻlik keladigan imtihonlardan biri edi. Sizga soʻz bilan tasalli berolmadim, balki, ammo quyidagi savollarga javob berishingizni va oʻzingizni baxtiyorlar safida ekaningizni tushunishingizni, xotirjamlik va shukr tuygʻularini uygʻotishini istadim.
Demak, birinchi savol: Biror aʻʻzoingizdan ajralganmisiz?
Javobingiz “yoʻq” boʻlsa, qanchalar baxtli ekansiz! Chunki siz koʻryapsiz, eshityapsiz, hidlayapsiz, yuryapsiz, gapira olyapsiz... Bu neʻʻmatlar uchun Allohga shukronalar boʻlsin!
Javobingiz “ha” boʻlsa... umidsizlanmang. Chunki Alloh sabrli boʻlishingizni yaxshi koʻradi, imtihonidan muvaffaqiyat bilan oʻtishingizni istaydi. Siz baxtlisiz! Bilasizmi, nega? Chunki borliqdagi Allohning neʻʻmatlarini yuqori qadrlay olasiz, sizda yoʻq bu imkonlarni isrof qilayotganlar qancha...
Ikkinchi savol: Tinch, xotirjam yashayapsizmi?
Javobingiz “ha”, shundaymi? Qanday baxtsizman deyish mumkin? Tinch yurtingizga nazar soling. Tashqariga chiqsangiz, qoʻrqmay qadam tashlaysiz, otishma tovushlari, tanklarning shovqini yoʻq. Oʻz vatanida tinch, xotirjam yashayotgan odam baxtsiz boʻladimi?!
Uchinchi savol: Yashashingiz uchun etarli ozigʻingiz bormi? 
Javobingiz “ha” boʻlsa, faqat quvoning. Chunki er yuzida kuniga qanchalab odamlar ochlikdan oʻlmoqda. Oʻz baxtingizni his qiling, orttirolsangiz, muhtojlarga yordam bering. Alloh sizu bizga bu neʻʻmatni davomli qilsin.
Javobingiz “yoʻq” boʻlsa, ajablanarli. Mehnat qilib, rizq topaman desangiz, hech kim yoʻlingizni toʻsmaydi, faqat harakat kerak! Allohga tavakkul qilish kerak.
Toʻrtinchi savol: Siz  ilm olyapsizmi?
Javobingiz “ha” boʻlsa, baxtli ekansiz! Ilm sizni komillikka boshlaydi. Bu neʻʻmatga etolmaganlar koʻpligini esingizda tuting, olgan ilmingiz bilan jamiyatga foyda keltirishga gʻayrat qiling.
Javobingiz “yoʻq” boʻlsa, demak, maʻʻlum sabablar bor. Lekin bu mahzun tortishga asos boʻlmaydi. Chunki hayotning oʻzi katta oʻquv yurti. Siz darsni aynan ana shu oʻquv dargohidan olayotganingiz bilan baxtlisiz. Zero, bu erdagi saboqlarni boshqa hech joydan topolmaysiz.
Beshinchi savol: Zamonaviy jihozlaringiz  bormi?
“Ha” desangiz, qanday yaxshi! Chunki kompʻyuteringiz boʻlsa, uning yordamida kerakli maʻʻlumotlar toʻplay olasiz. Televizoringiz orqali butun dunyodan xabar topasiz Mashinangiz, telefoningiz boʻlsa, uzogʻingiz yaqin, ogʻiringiz engil boʻladi.
“Yoʻq” desangiz, sababi qanday boʻlsa ham, siz uchun bu xayrli ekani belgisi. Chunki bunday jihozlarini gunoh ishlar uchun ishlatayotganlar ham talaygina, ular qatorida emasligingiz ham baxt. 
Oltinchi savol: Oilangiz, farzandlaringiz bormi?
Zero, ularning borligi katta baxt. Yana nima istaysiz? Siz uchun borligi gʻoyat tabiiydek bu neʻʻmatga koʻpchilik havas qiladi. Atrofingizda “ona” yoki “ota” degan soʻzni eshitsa, koʻzi yoshga toʻladiganlar bor...
Bu savolga “yoʻq” deb javob bersangiz, mahzun boʻlmang. Aytishga oson deysizmi? Unday emas, chunki bu musibatga uchraganlarning birinchisi ham, oxirgisi ham emassiz. Zero, “Har bir jon oʻlim (achchigʻi)ni totuvchidir” (Oli Imron, 185). Oʻkinmang, kishi uchun suyganlari bilan jannatda birgalik baxti borligini unutmang!
Bir narsani yodingizda tuting – shukr qiluvchiga har narsa neʻʻmat, fikr yuritmaganga har ish musibat.
Ruqiya Idrisali qizi