06.05.2025 10:02
282
Ayol kishining ziynatlanishi borasidagi umumiy meъyorlar
Sharъiy dalil boʻladigan oyat va hadislardan ayollar uchun maъlum meъyorlar asosida ziynatlanishning joizligi haqida bilib oldik. Bu oyatlarda ayolning Alloh va Rasuliga qay darajada ixlos ila itoatda boʻlishini sinash bor. Bundan tashqari, ayol xulqining buzilishiga sabab boʻladigan har qanday sabablarning oldini olish maqsadida muboh va muboh boʻlmagan ziynat shakllari ajratib qoʻyilgan. Shariat ayolning tabiatidan kelib chiqqan holda uning Islomda naqadar eъtiborda ekanini bildirib, pardoz-andoz va ziynatlanishiga ruxsat berish bilan birga, bu borada ayol rioya qilishi vojib boʻlgan sharъiy qoidalarni ham belgilab qoʻygan. Quyida ularni bayon qilamiz.
1. Ayolning pardozi ortida kishini aldab qoʻyadigan soxtalik va koʻzboʻyamachilik boʻlmasligi shart.
Ayol kishi pardoz qilganida yuzining xususiyatlari va tabiiy koʻrinishini tubdan oʻzgartirib, yoshini asliga nisbatan kichik qilib koʻrsatishidan saqlanishi lozim. Bunga sabab – unga uylanmoqchi boʻlgan kishi nazar solib, asl yoshini bilolmay aldanib qolmasligidir. Agar ushbu qoidaga amal qilmay, yuqoridagi kabi pardozlangan boʻlsa, bu firibgarlik va aldov hisoblanadi hamda ayol tezda bu ishni tark etishi lozim boʻladi. Aks holda, uning qilmishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kim bizga firib bersa, bizdan emas”, degan hadislari ostiga kirib qolishi mumkin.
Bu ayol orolanishdan qaytarilgan, degani emas. Ayol orolanishda koʻrkam liboslar kiyishi, pardoz suvlaridan foydalanishi, surma va turli kosmetik vositalardan foydalanishi uning haqlaridan biridir.
Ammo ayol oʻz eri uchun haddan ziyoda ziynatlanishi va yosh koʻrinishga harakat qilishida zarar yoʻq. Chunki bunda firib va aldov boʻlmay, uning asl holi eriga maъlum boʻladi. Bilaks, uning bu ishi mustahab hisoblandi.
2. Uning pardozi haddan ziyoda va isrofga olib bormasligi lozim.
Islom har bir holat va har narsada oʻrta yoʻlni tutgan dindir. Xususan, ziynat borasida ham. Agar orolanish isrof va haddan oshishga etsa, u aslo sharъiy hisoblanmaydi.
Alloh taolo Qurъonda: “Ey Odam bolalari, har bir ibodat chogʻida oʻz ziynatingizni oling”, (Aъrof surasi 31-oyat) deya marhamat qilgan. Garchi ziynatlanish aslida muboh amal hisoblansa-da, ushbu holatda moddiy zarar va pulning egasiga foydasiz ishga ortiqcha pul sarf etib jabr qilib qoʻyish bor.
Bundan tashqari, haddan ziyod pardoz qilganda vaqtning koʻp ketishi, begona nazarlarni jalb qilishi, Alloh taolo yaratgan tabiiy koʻrinishga mutlaq oʻzgartirish kiritish kabi ishlar ham borligi bunga sabab boʻladi.
Shundan kelib chiqqan holda, unga odatiy turmush tarzida foydalanadigan pardozda moʻtadil boʻlish, jamiyatdagi boshqa muslimalarning urfiga amal qilish lozim boʻladi.
3. Pardozda asliy xilqat tuzilishga oʻzgartirish boʻlmasligi lozim.
Alloh subhanahu va taolo “Niso” surasida insonni shaytonning nayranglaridan ogohlantirib:
“Ularni adashtiraman, xom xayollarga solaman, ularga amr qilsam, chorvalarning quloqlarini kesarlar va ularga amr qilsam, Allohning yaratganini oʻzgartirarlar , dedi. Kimki Allohni qoʻyib, shaytonni tutsa, batahqiq, ochiq-oydin ziyonga uchraydir”, deya marhamat qiladi
Alqama Ibm Masъud roziyallohu anhuning: “Alloh taolo vashm (tatiurovka) qiluvchilarni, qosh va yuz tuklarini yuluvchi, Alloh yaratgan tuzilishni husn uchun oʻzgartirib, tishlarning orasini ochuvchilarni laъnatladi”, deganlarini rivoyat qilgan.
Vaqtlar oʻtib, ayollar sochlarini kesib, qoshlari ustiga tushirib qoʻyadigan boʻldilar, zamonasiga qarab qosh va yuzlar tukini yulishni rivojlantirdilar. Bu ishlar baъzi hollarda Alloh taolo yaratgan tuzilishga oʻzgartirish kiritib, chiroy berish oʻrniga asliy holatni yana ham xunuklashtirib qoʻyadi.
Yana baъzi toifa ayollar ham borki, ular oʻz sochlarini qalin qilib koʻrsatish maqsadida boshqalarning sochini ulab oladilar, tishlari orasini maxsus egovlar vositasida ochadilar. Bu ish bilan goʻyo yosh va goʻzal koʻrinaman, degan xayolga boradilar. Bu ishlarning barchasi harom. Alloh taolo bundan qatъiy qaytargan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni qilgan kimsani laъnatlab, Allohning rahmatidan uzoq boʻlishini aytganlar. Chunki bularning barchasida avvalo Allohning yaratganiga oʻzgartirish kiritish boʻlsa, boshqa tomondan aldov, firib va koʻzboʻyamachilik bordir.
4. Ayolning pardozi oʻziga aniq zarar keltirmasligi, tana aъzolaridan birining buzilishi va fitna qoʻzgʻalishiga sabab boʻlmasligi lozim.
Agar pardozlanish ushbu ishlardan biriga sabab boʻlsa, uning oqibatida fitna kelib chiqib, nomahramlarning havaslari qoʻzgʻaladigan boʻlsa, bunday pardoz aslo sharъiy hisoblanmaydi. Kosmetik vositalar tarkibidagi inson tanasiga zarar keltiradigan kimyoviy moddalar sabab turli xil teri kasalliklariga sabab boʻlsa, u ham sharъan ruxsat etilgan orolanishga kirmaydi. Bugungi kunda asrimiz ayollari ishlatayotgan pardoz vositalari aksariyat hollarda ularga zarar berayotgani va oxiri ayolga yaxshi boʻlmasligi oʻz isbotini topmoqda.
5. Pardoz vositalari nopok moddalardan tayyorlanmagan va harom yoʻl bilan olinmagan boʻlishi lozim.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh va Uning Rasuli xamr, oʻlimtik, toʻngʻiz va sanamlarni sotishni harom qildi”, dedilar. Shunda: “Ey Allohning paygʻambari, harom oʻlgan hayvon yogʻidan kema va terilarga ishlov berishda hamda chiroq oʻrnida foydalaniladi-ku?”, deyildi. U zot: “Uni sotmanglar, uni sotish harom. Yahudiylarni Alloh laъnatladi. Chunki Alloh ularga harom oʻlgan hayvon yogʻini eyishni harom etganda, ular uni eritib olib sotdilar va pulini edilar”, dedilar”.
Agar kosmetik vosita nopok modda aralashtirilib yoki aynan oʻsha nopok narsaning oʻzidan tayyorlangan boʻlsa, u haromdir. Oʻylab koʻring, agar harom bilan kemalarni yogʻlash mumkin boʻlmas ekan, qanday qilib insonning eng mukarram aъzosi boʻlgan yuzga uni surish mumkin? Shunga binoan, makyajda harom aralashgan vositalardan foydalanish qatъiyan taqiqlanadi. Maъlum boʻlishicha, baъzi lab boʻyoqlari toʻngʻiz yogʻi aralashtirib tayyorlanadi. Agar bu xabar aniq maъlumotlar asosida boʻlsa, Jobir roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis va ulamolar ittifoqiga koʻra, u najas va harom hisoblanadi.
Shuningdek, eng qimmat kosmetik pudralarning baъzilari insonning tirik embrion hujayralaridan tayyorlanadi. Bu embrion hujayrasi topilmagan hollarda, qotirib, kukun holiga keltirilgan suvarakdan tayyorlanadi va yuz kremlari bilan aralashtiriladi.
Islom shariati harom qilgan pardozga taalluqli ishlardan yana biri – bu tatiurovka. Uning harom ekanligi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh vashm qiluvchi va qildiruvchini laъnatlasin”, degan hadislariga koʻradir. Uning haromligi sabablaridan biri – inson tanasiga aziyat etishi, igna urib tatiurovka qilingan joyda qon aylanishi toʻsilishi hisoblanadi. Shuningdek, oʻzi asli harom boʻlgan bu ishni begona erkaklar tomonidan bajarilishi mutlaqo joiz emas.
Orolanish aslida muboh hisoblansa-da, bunday hollarda haromga aylanadi. Alloh taolo “Nur” surasida ayollarga amr qilib “koʻrsatmasinlar”, deb marhamat qilgan. Modomiki, ayolning nomahram kishilar oldida ziynatini koʻrsatib yurishi halol emas ekan, unga begonaning qarashi va pardoz berishi batariqi avlo harom hisoblanadi.
6. Pardoz qilishda ikki jins vakillarining bir-biriga oʻxshab qolmasligi.
Ziynatlanish borasidagi asosiy qoidalardan biri – bu pardoz va libosda ikki jins vakillarining bir-biriga oʻxshab qolmasligidir. Erkak kishi ayollarga xos libos va bezaklarni ishlatib, oʻzini ularga oʻxshatmasligi, ayollar ham kiyinish, yurish-turish va gapda oʻzini erkaklarga taqlid qilmasligi shart. Bu narsa, Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda taъkidlanganidek, oʻzini ataylab boshqa jinsga oʻxshatadiganlarga taalluqli. U kishi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erkaklardan oʻzini ayollarga oʻxshatadiganlarni va ayollardan (ataylab) oʻzini erkaklarga oʻxshatadiganlarni laъnatladilar”, deganlar.
Agar ayol kishi bichim va koʻrinishda erkaklarning kiyimiga oʻxshash mayka, shortik kabilarni kiyib, oʻzini ularga oʻxshatsa, Alloh taolo va Rasulining laъnatiga duchor boʻladi. Agar ayolning eri uni ana shunday kiyinishiga qoʻyib bergan boʻlsa, u ham laъnatda barobar hisoblanadi.
Imom Zahabiy oʻzining “Gunohi kabiralar” nomli kitobida bu ishlarni eng katta gunohlardan biri sifatida sanab oʻtgan va hadislar bilan quvvatlagan. U oʻzini erkaklarga oʻxshatib yuruvchi erkakshoda ayollar sirasiga kiyinish va oʻzini tutishda ularga taqlid qiluvchilarni kiritgan.
Ming afsuski, bunday holatlarni bugungi kunda koʻp koʻrayapmiz. Yurish-turish, sochlarini qisqartirish va kiyinishda ayollar erkaklarga shu darajada taqlid qilmoqdalarki, ularning erkakmi yoki ayol ekanini koʻpda farqlash ham mahol boʻlib qolayapti.
7. Ziynatlanishda oʻzini kofirlar, fazilatsiz va yomon insonlarga oʻxshatish boʻlmasligi lozim.
Taqlid odatda zohir ishlarda boʻladi, xususan kofirlarga oʻxshashga urinish, shariat man etgan soxtaliklarda namoyon boʻladi. Kishining tashqi tomondan kofirlarga oʻxshashga urinishi oqibatda ichki olamining ham ularga oʻxshab qolishiga olib boradi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim oʻzini bir qavmga oʻxshatsa, oʻshalardandir”, dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, yahudiy va nasroniylar (soch-soqolini) boʻyamaydi, sizlar ularga xilof qilinglar”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari oq tolalarni boʻyash va boʻyoq ishlatish bilan ahli kitoblarga teskari ish qilishda eng etuk edilar. U zot yahudiy va nasorolardan oq sochni boʻyash bilan boʻlsa-da farq qilishlarining oʻzi bu ishning shariat tomonidan talab qilinadigan ish ekanidandir.
“Iymon keltirganlar uchun Allohning zikriga va nozil boʻlgan haqqa qalblari yumshash, ayni choqda, oldin kitob berilgan, soʻng muddat oʻtishi bilan qalblari qotib qolgan, koʻplari fosiq boʻlganlarga oʻxshamaslik vaqti kelmadimi?!” (Hadid surasi 16-oyat)
Alloh taoloning ushbu qavli oʻzini ularga oʻxshatishning mutlaq taъqiqlanganini bildiradi. Ular Allohning kalomini oʻzgartirganlaridan qalblari qotib, nasihatni qabul qila olmay qoladi. Na biror vaъda, na tahdid bu qattiq qalbni yumshata olmaydi.
Qalb qotishi gunohlar koʻpayishining natijasidir. Shuning uchun ham musulmon kishi gunohga sabab boʻladigan biror ishda gunohkor kimsalarga taqlid qilishdan qaytarilgandir.
Kofirlar va ahli tugʻyonlarga taqlid qilishning haromlik darajasi ularning yomon amallariga qalbning moyil boʻlishi, uni bajarishga oshiqish bilan belgilanadi. Bu esa musulmon kishi uchun asl magʻlubiyat va uning shaxsiyati poymol boʻlgani, aqidasining zaifligi belgisidir.