Nigeriyaning Kaduna shtatida 7 mart kuni oʻgʻirlab ketilgan 287 nafar maktab oʻquvchisi ozod qilindi. Ularni qaysi jinoiy guruh oʻgʻirlab ketilgani maʻʻlum emas, biroq mahalliy aholi ularning tovon puli olish uchun qaroqchilik qiluvchi sobiq chorvadorlar ekanini aytmoqda.

Nigeriyaning Kaduna shtati gubernatori Uba Sani 7 mart kuni Kuriga shahridagi maktablaridan oʻgʻirlab ketilgan 287 nafar oʻquvchining ozod etilishi haqida maʻʻlumot berdi. Ulardan kamida 100 nafari 12 yosh va undan kichikdir.

“Oʻgʻirlangan maktab oʻquvchilari sogʻ-salomat qoʻyib yuborildi”, - deb yozdi gubernator Uba Sani X ijtimoiy tarmogʻidagi (sobiq Tvitter) rasmiy akkauntida.

U oʻz bayonotida Nigeriya prezidenti Bola Tinubuga, jumladan, oʻgʻirlangan maktab oʻquvchilarining sogʻ-omon qoʻyib yuborilishini taʻʻminlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Kadunada bolalarning oʻgʻirlanishi uchun javobgarlikni hech qaysi guruh oʻz zimmasiga olgani yoʻq. Biroq mahalliy aholi tovon puli olish uchun qaroqchilik qiluvchi guruhlarni ayblamoqda. Ularning koʻpchiligi oʻtroq jamoalar bilan ziddiyatda boʻlgan sobiq chorvadorlardir.

Qaroqchilar bilan muzokaralar olib borgan Usmon Danfodiyo universitetining tadqiqotchi professori Murtala Ahmad Rufai hamda Shayx Ahmad Gumiyning aytishicha, jinoyatchilar mintaqadagi keng oʻrmonlarda yashirinishgan.

Nigeriyada ommaviy odam oʻgʻirlash holatlari tez-tez uchrab turadi. Qaroqchilar oʻgʻirlab ketilganlarning oilalari toʻlov toʻlaganidan keyin yoki hukumat va xavfsizlik idoralari rasmiylari bilan muzokaralardan soʻng asirlarni qoʻyib yuborishadi.

Shanba kuni mamlakatning Shimoliy Sokoto shtatida ham kamida 17 nafar maktab oʻquvchisi ikki hafta oʻtib qutqarilgani haqida xabar qilingan edi. Bayonotda aytilishicha, qutqaruv operatsiyasi, xuddi Kadunadagi oʻquvchilar kabi, Nigeriya milliy xavfsizlik maslahatchisi idorasi tomonidan muvofiqlashtirilgan.

2014 yildan buyon Nigeriya maktablaridan kamida 1400 nafar oʻquvchi oʻgʻirlab ketilgan. Soʻnggi yillarda oʻgʻirlashlar mamlakatning shimoli-gʻarbiy va markaziy mintaqalarida koʻproq kuzatilmoqda. Ushbu hududlarda oʻnlab qurolli guruhlar toʻlov uchun qishloq aholisi va sayohatchilarga tez-tez hujum qilishadi.

Mavzuga aloqador