Eronda eng qadimgi turkiy tillardan biri hisoblangan xalaj tili unda soʻzlashuvchilar soni kamayib borayotgani sababli yoʻq boʻlib ketish arafasida. Shu bois xalaj tili Eronning nomoddiy milliy meros roʻyxatiga kiritildi. Maʻʻlumotlarga koʻra, bugungi kunda 19 mingga yaqin kishi ushbu tilda soʻzlashadi.

Turkiy tillarning oʻgʻuz tarmogʻiga mansub xalaj tili Eronning nomoddiy milliy meros roʻyxatiga kiritildi. Bu haqda Eronning IRNA rasmiy axborot agentligi xabar berdi.

Xalaj tili Eronning Markaziy viloyatida keng tarqalgan. Markaziy viloyati Madaniy meros boʻyicha direktor oʻrinbosari Husayn Mahmudiy soʻzlashuvchilar soni cheklangani sababli xalaj tili jiddiy xavf ostida ekanini taʻʻkidladi.

Boshqarma vakili hukumatning tilni yoʻq boʻlib ketishdan saqlab qolish boʻyicha aniq rejalari bor-yoʻqligiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, xalaj tili bilan bogʻliq xalq ogʻzaki ijodi, jumladan, maqol, sheʻʻr va topishmoqlarni milliy meros sifatida qayd etish ushbu muhim madaniy boylikni asrab-avaylashga xizmat qilishi taʻʻkidlandi.

Mahmudiy, shuningdek, Talhab shahri va Markaziy viloyatining Faraxon, Ashtiyan, Tafresh va Arak tumanlaridagi ayrim qishloqlarda xalaj tilida soʻzlashuvchilar borligini taʻʻkidlab oʻtdi. Bugungi kunda eng qadimgi turkiy tillardan biri boʻlgan xalaj tili yoʻq boʻlib ketish arafasida boʻlib, undan oz sonli odamlar foydalanadi.

Xalaj tilini himoya qilish va saqlash faoli Aliaskar Jamrosiy 2019 yilda Eron ommaviy axborot vositalari bilan suhbatda Eronda 19 ming kishi xalaj tilida soʻzlashishini aytgan edi. U bundan 50 yil avval 42 ming ona tilida soʻzlashuvchi boʻlganini, ayni paytda u yoʻqolib borayotgan tillardan biri ekanini taʻʻkidladi. 

Mavzuga aloqador