2022 yil oʻrtalaridan buyon Shimoliy Koreya Rossiyaga dengiz orqali 13 mingdan ortiq konteyner yubordi. Yuborilgan konteynerlarda artilleriya snaryadlari, mobil zenit-raketa majmualari, tankka qarshi raketalar va boshqa harbiy texnika hamda qurollar boʻlishi mumkin. Buning evaziga esa Rossiyadan energoresurslar, kosmik texnologiyalar olgani aytilmoqda.

Shimoliy Koreya 2022 yil oʻrtalaridan beri Rossiyaga 13 mingdan ortiq yuk konteynerlarini joʻnatdi. Taxminlarga koʻra, ularda qurol-yarogʻlar boʻlgan. Bu haqda Newsweek Janubiy Koreya razvedka maʻʻlumotlariga tayanib yozmoqda.

KXDR Rossiya va Ukraina oʻrtasida harbiy harakatlar boshlanganidan keyin ikki yil davomida oʻzining sharqiy qismidagi Najin porti orqali qurol etkazib bermoqda. Yuborilgan konteynerlarda olti milliondan ortiq 152 mm artilleriya snaryadlari boʻlishi mumkin. Shuningdek, KXDR 122 millimetrli artilleriya snaryadlari, mobil zenit-raketa majmualari, tankka qarshi raketalar hamda boshqa harbiy texnika va qurollarni yuborgan, deb yozadi nashr.

Dengiz orqali etkazib berishlar soni Janubiy Koreya razvedkasi 2024 yil fevralida eʻʻlon qilgan maʻʻlumotlardan qariyb ikki baravar koʻp. Oʻshanda Janubiy Koreya mudofaa vaziri Shin Von Sik Pxenʻyan Rossiyaga qurol-yarogʻ ortilgan 7 mingga yaqin dengiz konteynerlarini joʻnatganini aytgandi.

Iyunʻ oyida Bloomberg muxbirlari bilan suhbatda Janubiy Koreya mudofaa vaziri KXDR Rossiyaga qurol-yarogʻ etkazib berganini maʻʻlum qilgandi. Buning evaziga esa Rossiya Shimoliy Koreyaga energoresurslar, shuningdek, raketa va josus sunʻʻiy yoʻldoshlar yaratishi uchun kosmik texnologiyalar taqdim etgan.

Rossiya Ukraina bilan urush boshlanganidan keyin KXDR bilan faol aloqalar oʻrnatishni boshladi. 2023 yil sentyabrida Shimoliy Koreya etakchisi Kim Chen In Rossiyaga, 2024 yil iyunida esa Vladimir Putin javob tashrifi bilan keldi.

Rasmiy ravishda ikki davlat hukumatlari uchrashuvlarda oʻzaro iqtisodiy hamkorlik muhokama qilingani haqida xabar berib, KXDRning Rossiyaga qurol etkazib berishini rad etib kelmoqda.

Mavzuga aloqador